Oila va xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi yanada kuchayadi
Oila va xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi yanada kuchayadi

 

Nazira MATYAQUBOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Bugun oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida mustahkamlanganligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Yaqindagina Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham oilalar va xotin-qizlarning hayot sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan qator maqsadlar o‘z ifodasini topgani buning isbotidir.

Farmonda ta’kidlanganidek, mazkur strategiya xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqildi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida aniq vazifalar belgilangan.

Jumladan, 2023 yil 1 oktabrdan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bunda ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularni davolash, dori vositalari bilan ta’minlash, farzandlarini maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etilmoqda.

Oilalar soniga nisbatan uy-joylar soni, avtomobillar soni, maishiy xizmat texnikalari bilan ta’minlanganlik darajasi va boshqa ko‘rsatkichlar esa turmush darajamiz qanchalik o‘zgarganini ko‘rsatadi.

Bu – hayot. Har kimning jismoniy, aqliy yoki o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan boshqa imkoniyatlari turlicha. Tan olish kerakki, oramizda og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan oilalar mavjud. Ularning davlat e’tiborida bo‘lishi hech kimdan kam bo‘lmagan ta’lim, tibbiy, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi uchun to‘liq imkoniyatlar yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning uzviy davomi sifatida “O‘zbekiston-2030” strategiyasida bu masalalar o‘z ifodasini topgan.

Undagi “aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish”, “xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish” va boshqa asosiy g‘oyalar negizida ezgu maqsadlar mujassam. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, hozirgi kunga kelib Qoraqalpog‘iston Respublikasida og‘ir sharoitda yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilandi. Ayrim hududlarda aholiga toza ichimlik suvini yetkazib berish qator qiyinchiliklar bilan amalga oshirilayotgan bir paytda Qoraqalpog‘istonda ichimlik suv bilan ta’minlash darajasi 71 foizga yetdi.

Imkoniyati yo‘qligi tufayli yordamga muhtoj oilalar himoyalanmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan barcha ovul va qishloqlardagi aholi turar joylari xatlovdan o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘istonda 424 mahallada 21803 uy-joyni ta’mirlash uchun 343,9 milliard so‘m ajratilmoqda. Shundan 21094 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash hamda 709 ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatiga kelib qolgan uy-joylarni yangidan qurish ishlari belgilangan. Shuncha insonning og‘iri yengil bo‘lib, muammosiga yechim topilmoqda.

Strategiyada og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibini joriy etish belgilanmoqda. Sodda qilib aytganda, bu toifadagi xotin-qizlarning bugungi zamon uchun zarur va bozor iqtisodiyoti sharoitida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rganishlari uchun xarajatlarni davlat o‘z zimmasiga olayapti. Chunki, yangi tashkil etilayotgan ishlab chiqarish korxonalari, zavodlar, fabrikalar ularda mavjud bo‘lgan texnika va texnologiyalarda ishlash uchun kasb va malaka ko‘nikmalarini ham yangilash talab etiladi.

Bu ezgu ishning o‘zidan iz qoldiradigan yana bir ijobiy jihati bor. Demoqchimanki, bugun davlatimiz homiyligida ayollarga o‘rgatilayotgan yangi kasblar nafaqat ularning o‘ziga, balki ular orqali singillariga, qizlariga o‘tib takomillashib, rivojlanib boradi va oilalarning daromad manbaiga aylanadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan har bir yo‘nalish, har bir vazifa oilalarning tinchligi, osoyishtaligi va farovonligi uchun xizmat qiladi.

 

«O‘zbekiston ovozi», 20.09.2022, №37

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish