Bandlik dasturlari ijrosi o‘rganilmoqda
Bandlik dasturlari ijrosi o‘rganilmoqda

 

Mamlakatimizda aholi soni yildan-yilga oshib, har yili minglab yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda.

O‘tgan davrda bandlik sohasidagi islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash va sohani tubdan takomillashtirishga qaratilgan 5 ta qonun, 1 ta kodeks, 30 ga yaqin Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Jumladan «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonun va yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida mehnatga oid va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar tartibga solingan.

Yangilangan Konstitutsiyaning 43-moddasida davlat ishsizlik bilan kurashib, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand aholini himoya qilish borasida respublikamiz hududlarida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Albatta ushbu masalalarga Oliy Majlisning quyi va yuqori palatalari tomonidan ham alohida e’tibor qaratilib, ishchi guruh tuzgan holda joylarda o‘rganishlar olib borilmoqda.

Mazkur ishchi guruh a’zolari orasida O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi U. O‘rozboyev ham bo‘lib, joriy yilning 27-29 sentabr kunlari Jizzax viloyatining Arnasoy va Yangiobod tumanlarida bandlik dasturlari ijrosi borasida olib borilayotgan ishlar holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganishdi.

Uning yakunlari Dehqonobod tumanida o‘tkazilgan Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitalarining sayyor yig‘ilishida muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, hududlarda bandlik dasturlari ijrosini ta’minlash borasida samarali ishlar amalga oshirilayotganligiga qaramay ayrim kamchiliklar ham uchramoqda. Ularni bartaraf etish borasida deputatlar tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, yechimini kutayotgan ayrim masalalarni Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi yig‘ilishida alohida muhokama qilib, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish