Xotin-qizlar faol bo‘lsa – millat barkamol bo‘ladi
Xotin-qizlar faol bo‘lsa – millat barkamol bo‘ladi

 

Barchamizga ma’lum, mamlakatimizda xotin-qizlar masalasiga yuksak darajada e’tibor qaratilmoqda. Keyingi olti yilda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingani fikrimizning isboti hisoblanadi. Xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, bandligini ta’minlash, sog‘ligini mustahkamlash borasida bir qancha imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berildi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan olib borilayotgan bunday oqilona siyosat - xotin-qizlarning jamiyatdagi, oiladagi o‘rni va nufuzini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan.

O‘zbekiston XDP har doim gender tenglik hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratgan. Jumladan, siyosiy partiyalar ichida birinchi bo‘lib, XDP da 2007 yilda “Ayollar qanoti” tashkil etildi.

Hozirgi kunda “Ayollar qanoti” o‘z atrofiga respublika bo‘yicha jami 300 ming nafarga yaqin xotin-qizlarni birlashtirgan. Ya’ni jami a’zolarning 50 foizdan ko‘prog‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

O‘zbekiston XDP safida va tizimida jamiyatda o‘z o‘rni va o‘z so‘ziga ega, davlat boshqaruvi organlarida mehnat qilayotgan taniqli, faol, siyosatchi rahbar ayollar talaygina.

Partiyamiz safida bo‘lgan xotin-qizlar ichida Senat raisi, Bosh vazir o‘rinbosari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili-Ombudsman, Senatda qo‘mita raisi, vazir o‘rinbosarlari, hokimlar, O‘zbekiston Qahramoni, olimalar, professoru, fan doktorlaridan tortib, tadbirkoru, shifokor, o‘qituvchi hamda talabalargacha bor.

Gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlarida belgilangan Siyosiy partiyalarda xotin-qizlarning ulushini 2030 yilga qadar 50 foizga yetkazish bo‘yicha qo‘yilgan reja (ko‘rsatkich) ijrosi O‘zbekiston XDP tomonidan 2022 yilda ta’minlandi.

Barchamizga ma’lumki, 2021 yil 28 may kuni qabul qilingan “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini”ni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri biri - saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashdan iborat.

Saylov jarayonlariga xotin-qizlar va erkaklarni teng asosda jalb qilish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda nomzod ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashda siyosiy partiyalar muhim rol o‘ynaydi.

Bu borada, ya’ni xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning o‘z konstitutsiyaviy huquqidan erkin foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida partiyamiz tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Gender tenglikka erishish strategiyasidan kelib chiqib, partiyaning alohida chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.

Yutuqlar, amalga oshirilayotgan ishlar barchasi o‘zimizniki, lekin xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarimiz hali anchagina. Buning uchun ishlarimizni tizimli ravishda olib borishga alohida e’tibor qaratmog‘imiz kerak.

Birinchi navbatda joylardagi Oila va xotin-qizlar bo‘limi, mahallalar va turli davlat va nodavlat tashkilotlar, muassasalar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz;

faol, tashabbuskor qizlarni, ayollarni aniqlab, partiya safiga jalb qilishimiz, kadrlar zaxirasiga kiritishimiz va uni doim yangilab borishimiz;

ularni tadbirlarga taklif etib, loyihalarimizni amalga oshirishda ishtirok etishlarini ta’minlashimiz;

mas’uliyatli faol deputatlarga biriktirishimiz;

xotin-qizlarning huquqiy bilimlarini, qonunlardan xabardorligini oshirish maqsadida turli mavzularda o‘quvlar tashkil etib, dastlab ularni ishtirokchi, keyinchalik esa ma’ruzachi sifatida ishtirokini ta’minlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu usul ularni o‘z ustida ishlashga, huquqiy bilimini oshirishga, o‘ziga ishonch hosil qilishga qolaversa, siyosat maydoniga kirib kelishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ulushini oshirish, siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lgan xotin-qizlarni davlat boshqaruvi asoslari bo‘yicha malakasini oshirish, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish hamda bosqichma-bosqich davlat organlaridagi rahbarlik lavozimlariga tavsiya etib borish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Senati hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan olib borayotgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz lozim.

Shuningdek, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish orqali ularga nisbatan jamiyatda shakllangan salbiy qarashlarni o‘zgartirishimiz, “Ayol siyosatchi” obrazi to‘g‘risida ijobiy fikrni shakllantirish maqsadida targ‘ibot tadbirlarini yanada ko‘paytirishimiz kerak.

Nafaqat faol xotin-qizlar balki, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarning ham ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishimiz asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi, avvalo ularning muammosini hal qilish, berilayotgan imtiyozlardan foydalanishlariga yordam berib, o‘qishiga, kasb-hunar o‘rganishiga, imtiyozli kredit, subsidiyalar olishiga ko‘maklashib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga, bandligini ta’minlashga, salomatligini mustahkamlashga ko‘mak berish, shu bilan birga ularni partiya safi, tadbirlariga jalb qilib borish ham siyosiy partiyalar, deputatlarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

To‘g‘ri yuqoridagi vazifalarni aytish oson, lekin bajarish, kutilgan natijaga erishish ozgina mehnatni talab qiladi. Partiyaning tuman kengashlarida 1 nafar xodim ishlaydi, barchasiga ulgurmaydi deyishimiz mumkin. Ammo har bir viloyat va tumanda raisning jamoatchilik asosidagi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, “Ayollar qanoti” rahbari faoliyat olib boradi, bundan tashqari deputatlarimiz, turli lavozimlarda ishlayotgan faollarimiz, pensiyadagi faxriy ayollarimizning salohiyati va imkoniyatlaridan foydalanishimiz zarur deb hisoblayman.

Yaratib berilayotgan imtiyoz, imkoniyatlardan xotin-qizlarni vaqtida xabardor qilib, to‘g‘ri foydalanishida, qabul qilinayotgan qonun, qaror va farmonlarning ijrosini ta’minlashda siyosiy partiyalar nafaqat ishtirokchi balki, faol tashabbuskor bo‘lishlari lozim. Ayniqsa bizning partiyamiz faollari, deputatlari. Chunki qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining aksariyati, deyarli barchasi partiyamiz elektorati hisoblangan ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Demak, biz ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy faol shaxsga aylantirishimiz lozim.

Zero, xotin-qizlar faol bo‘lsa-millat barkamol bo‘ladi, ziyoli onaning farzandlari ham ziyoli bo‘ladi, o‘z o‘rni, o‘z so‘ziga ega bo‘lgan ayolning oila va jamiyatdagi nufuzi ham oshadi.

 

Gulshan Asatova,

O‘zXDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish