Tarixiy voqea
Tarixiy voqea

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining bir guruh deputatlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari «Qoraqalpog‘iston» posyolkasidagi O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasi hududida o‘tkazilgan tarixiy voqeaga guvoh bo‘lishdi. Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga magistral quvuri orqali tabiiy gaz yetkazib berilishi boshlandi.

Mamlakat iqtisodiyoti rivojlangani, sanoat o‘sgani, aholi soni ortgani, uy-joylar, ijtimoiy obyektlar qurilgani sari tabiiy gazga talab ortib boraveradi. Oxirgi 6-7 yil ichida barcha sohalar rivoji uchun keng yo‘l ochildi.

Mamlakatimizda yuzlab sanoat korxonalari, kichik va o‘rta ishlab chiqarish subyektlari ishga tushirilmoqda, tashqi iqtisodiy aloqalar, biznes hamkorlik istiqbollari o‘smoqda. «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari doirasida turar-joylar qurilishi misli ko‘rilmagan darajada oshdi. Kambag‘allikni qisqartirish uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash bilan birga, ko‘plab issiqxonalar qurib berildi. Bularning hammasi energiya, xususan, tabiiy gazga ehtiyojni oshirmoqda.

Mutasaddilarning axborotiga ko‘ra, ikki yarim oy ichida 1 ming 700 km. dan ortiq gaz quvurlari reviziya qilingan, ta’mirlangan, gazo-kompressor stansiyalari revers rejimida ishlashga moslashtirib, gaz quvurlari qayta montaj qilingach, laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan. O‘zbekistonda yangidan gaz o‘lchash stansiyasi qisqa vaqtda qurib bitkazilgan.

Gaz quvuri ishga tushishi bilan u orqali 2,8 milliard kub metr tabiiy gaz yetkaziladi. Bu nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarigacha bo‘lgan hududlardagi aholining ehtiyojini qondirishga, hudud iqtisodiyoti rivojiga ham xizmat qiladi.

Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorligining rivojlanishi, tarixiy loyihalar amalga oshirilishi faqat ezguliklarga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

 

Xalilla YESHIMBETOV,

O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 11.10.2022, №40

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish