IHT: Toshkent sammiti – yangi daraja
IHT: Toshkent sammiti – yangi daraja

 

O‘tgan haftada barchamiz O‘zbekiston tashqi siyosatidagi faollik o‘zi a’zo bo‘lgan tashkilotlar nufuziga ham bevosita ta’sir etayotganiga guvoh bo‘ldik. Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan 16-sammiti haqida ishtirokchilar va kuzatuvchilar, ekspertlar, siyosatchi hamda iqtisodchilar fikrlarini o‘rganish va tahlil qilish ana shunday umumiy xulosaga kelishga asos bo‘lmoqda.

Toshkent sammitga ilk bor mezbonlik qilgan bo‘lsada, uning natijadorligi, yuksak tayyorgarlik va shart-sharoit, asosiysi a’zo davlatlar uchun teng manfaatli tashabbuslarga boy bo‘lgani bugun milliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari orqali tarqalayotgan e’tiroflarda o‘zining munosib bahosini topmoqda.

Davlat rahbari tomonidan o‘rtaga tashlangan takliflar esa, tashkilotning nufuzi, xalqaro miqyosdagi mavqeini yanada mustahkamlabgina qolmasdan, a’zo mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyoti, xalqlar farovonligini oshirishda ham muhim o‘rin tutishi bilan ahamiyatlidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan sammitda ushbu mushtarak maqsadlarga erishish borasida yana bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi.

Masalan, O‘zbekiston Tashkilotning asosiy hujjati – “Istiqbollar – 2025” ijrosini sarhisob qilishni qo‘llab-quvvatlagan holda, istiqboldagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish taklifini bildirdi. Ushbu hujjatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha aniq yo‘nalishlar ko‘rsatib berildi.

Jumladan, o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish yo‘nalishida a’zo davlatlarning dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatlari inobatga olingan holda, Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va mintaqa orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish zaruratiga alohida urg‘u berildi. Bu borada istiqbolda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on multimodal yo‘llarining ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga birdek mos kelishiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ushbu maqsadlarga erishishda “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarning ham qo‘shilishi, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirish taklifi o‘rtaga tashlandi.

Mutaxassislarning fikricha, 2023 yil insoniyat tarixiga eng issiq yil sifatida kirmoqda. Global iqlim o‘zgarishi dunyoning ko‘plab davlatlari iqtisodiyotiga o‘zining bevosita ta’sirini o‘tkazmoqda. Eng achinarlisi, dunyo iqtisodiyoti, tabiat va atmosfera ko‘rayotgan zararni yer yuzi aholisining har biri o‘z hayotida bevosita yoki bilvosita his etishga ulgurdi. Bunday vaziyatda mavjud ekotizimni saqlab qolish, yashil iqtisodiyotga o‘tish bilan bog‘liq ishlarni jadallashtirish, sanoat ishlab chiqarish jarayonida tabiatga chiqariladigan turli tashlamalar yukini imkon qadar kamaytirish insoniyat oldida turgan eng birinchi vazifadir.

Shu bilan birga, a’zo davlatlar so‘nggi vaqtlarda tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgan qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashi taklif etildi.

Hech shubhasiz, taraqqiyotni energetika xavfsizligi kafolatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Biroq, dunyodagi mavjud vaziyat hamda resurslarga talab oshishi ularni ozayishi fonida ro‘y berayotgani har jihatdan maqbul alternativlar topish vazifasini insoniyat oldiga ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda.

Shundan kelib chiqib, sammitda ham mazkur mavzuga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada O‘zbekistonda ko‘rilayotgan choralar va ularning ilk natijalari ochiqlandi.

Qayd etildiki, 2030 yilgacha 25 gigavatt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish va iste’molda ularning ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan. Joriy yil 2 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda. Bu esa iqlim o‘zgarishlari ortidan keladigan zarar miqdorini imkon qadar kamaytirishga doir xalqaro chaqiruvlarga O‘zbekiston bee’tibor qolmayotgani, eng asosiysi, quvvatlarni oshirishda yashil iqtisodiyot instrumentlaridan faol foydalanishga qat’iy bel bog‘layotganini ko‘rsatadi.

E’tiborlisi, bu maqsad yo‘lida yirik loyihalarga ham qo‘l urilmoqda. Jumladan, “yashil vodorod” ishlab chiqarish sohasida ham ilk qadamlar tashlangani ma’lum qilindi. Sanab o‘tilgan yo‘nalishlarda O‘zbekiston barcha davlatlar bilan ochiq muloqot va tajriba almashishga tayyorligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston tomonidan o‘rtaga tashlangan ushbu takliflar tobora beqarorlashib borayotgan dunyoda o‘rnatilayotgan yangi tartiblar fonida jiddiy chaqiriqdir. Zotan, oxirgi o‘n yillikda insoniyat boshiga kelgan sinovlar, turli geosiyosiy qarashlarning tez-tez o‘zgarib turishi, dunyo siyosiy olamidagi kutilmagan va kutilgan “yurishlar” davlatlar yakka holatda, izolatsiyalangan ko‘yi hech narsaga erisha olmasligi, aksincha o‘zaro ishonch va teng manfaatlilik asosida hamkorlik rivojlanishning asosiy shartiga aylanayotganini yana bir bor isbotlamoqda.

Toshkent sammiti xalqaro miqyosdagi keng ko‘lamli qarama-qarshilik, ikkita bevosita urush va ayniqsa, tarang siyosiy vaziyatda bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv va uning doirasida erishilgan kelishuvlar dunyo hamjamiyatiga Toshkentdan muhim bir sado bo‘ldi.

Sadoki, urush emas savdo har tarafni maqsadga yetaklashi, tinchlik savdoning eng asosiy shartiligini, barqarorlik kafolati esa, o‘zaro ishonch asosiga qurilgan teng sheriklik va do‘stlik rishtalari ekanligini ifoda etadi.

 

Zulayxo AKROMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish