Boqimandalik emas, faollik uchun...
Boqimandalik emas, faollik uchun...

 

Mamlakatimizda hech qaysi ijtimoiy qatlam e’tibordan chetda qolmayapti. Keyingi yillarda “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida kuchli ijtimoiy himoya tizimi shakllandi.

Davlatning ijtimoiy siyosati juda keng doiradagi masalalarni o‘z ichiga oladi, jumladan, aholi daromadlarini tartibga solish, ish bilan ta’minlash va yangi mehnat munosabatlarini shakllantirish, aholining ayrim toifalari va guruhlarini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-kuvvatlash, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, ta’lim va bosh qalar.

Jamiyatning to‘rtta muhim sohasi mavjud bo‘lib, bular iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy jabhalardir. Ana shular ichida ijtimoiy soha aholining asosiy ehtiyojlariga xizmat qiluvchi tarmoqlar majmui sifatida qamrovi jihatidan o‘ziga xos xususiyati bilan ajralib turadi.

Aholining ish bilan bandligini ta’minlash masalasi jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim makroiqtisodiy xususiyatlaridan biri bo‘lib, hozirgi kundagi eng dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Amaldagi qonunchilikka asosan aholi bandligi sohasida davlatimiz ish o‘rinlari tashkil etilishini rag‘batlantirish va aholi bandligiga ko‘maklashish, yoshlarni, ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta’minlash bo‘yicha izchil siyosat yuritmoqda.

Mamlakatimizda faol mehnatga layoqatli aholi soni 19 million 453,3 ming nafar bo‘lib, mehnat bilan band bo‘lganlar soni 13 million 773,6 mingga yaqin. Ishsizlik darajasi 2021 yil yakuni bo‘yicha 9,6 foizni, 2022 yil yakuni bo‘yicha 9,2 foizni tashkil etgan.

Jamoat ishlari dasturi bo‘yicha 82 ming 602 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilib, joriy yilning birinchi yarim yilligida rejaga nisbatan 114,2 foizga ortig‘i bilan bajarilgan. Bandlikka ko‘maklashish dasturi doirasida esa yarim yillikda 5 mingdan ziyod kasbiy-malakaviy kurslar o‘tkazilgan holda, reja 143,4 foizga bajarilgan.

Mamlakatimizda ishsizlik darajasini kamaytirish va aholini ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, biznesni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Amaldagi tartib bo‘yicha ish bilan band bo‘lmagan fuqaro maslahat olish yoki ish izlovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun bandlik organiga murojaat qilishi lozim. Ishsiz fuqaro rasmiy ro‘yxatga olingandan boshlab unga ishsizlik nafaqasi to‘lab berilmoqda. Oilalarning, fuqarolarning og‘ir ijtimoiy holatga tushib qolishining oldi olinmoqda. Bu yaxshi va qonun talabi.

Ammo hayotda boshqacha holatlar ham uchramoqda. Ba’zi fuqarolar faqatgina nafaqa tayinlanishini so‘rab tashkilotga murojaat qiladi, tayinlangach esa ish o‘rni so‘rab qayta kelmaydi. Bundan ba’zi fuqarolar “bandlik organiga ish emas, nafaqa uchun murojaat qilmoqda”, degan xulosaga kelish mumkin. Hatto norasmiy daromad olayotgan fuqarolar ham “maslahat olish” uchun murojaat qilib, aslida bolalar nafaqasi olayotir.

Shunday holatlarning oldini olish, fuqarolarga aniq, manzilli ijtimoiy himoya ko‘rsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ko‘rinishda ariza berishni joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezoniga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.

Avvalo, nafaqa oluvchilarning daromadi va mol-mulkini har oyda elektron axborot tizimi orqali o‘rganish hamda kam ta’minlanganlik mezonlariga to‘g‘ri kelmaydigan oilalarni reyestrdan chiqarish taklif etilmoqda.

2024 yil 1 martdan “mahalla yettiligi” tomonidan joyiga chiqqan holda oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq foydalanuvida bo‘lgan mol-mulklari o‘rganiladi.

O‘rganish natijalari dasturga kiritiladi va axborot tizimi tomonidan nafaqa to‘lovini to‘xtatish yoki davom ettirish bo‘yicha avtomatik qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, bandlik organlariga maslahat olish uchun murojaat qilgan ishsiz fuqarolar uch oy davomida kasbga o‘qimasa, ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmasa hamda mehnat faoliyatini rasmiylashtirmasa, to‘lovni to‘xtatish taklif etilmoqda.

Kredit olgan, xorijda ishlayotgan, tomorqa yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning soliq organlarida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi hamda Davlat personallashtirish markazining elektron ma’lumotiga asosan avtomatik ravishda bandligini aniqlash tartibi joriy etilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qaror bilan joriy etilayotgan o‘zgarishlar adolatsiz ravishda nafaqalarni olish holatini bartaraf etib, muhtoj oilalarning ijtimoiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Davlat tomonidan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni aniqlash va ularga to‘lanadigan nafaqalarni manzilli yetkazib berish uchun huquqiy zamin yaratadi.

Alohida qayd etish kerakki, bu yangiliklar Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari amalga oshishi, elektorati manfaatlari samarali himoya qilinishida dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ladi.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 15.11.2023, №45

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish