Bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari yanada mustahkamlanadi
Bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari yanada mustahkamlanadi

 

Bolalar har doim mehrga, g‘amxo‘rlikka muhtoj bo‘ladi. Ularning huquq va erkinliklari to‘liq kafolatlanishi shaxs shakllanishi, davlat va jamiyat istiqboli mustahkam bo‘lishida nihoyatda muhimdir.

Huquqiy ta’rif shunday: bola huquqlari – bolaga nisbatan inson huquqlari toifasi, irqi, jinsi, tili, dini, tug‘ilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiyligi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir bola ega bo‘lishi kerak bo‘lgan huquq va erkinliklar.

Agar yaxshilab razm solsak, ushbu ta’rif mohiyati Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining asosiy g‘oyalaridan kelib chiqadi. Deklaratsiyaning 25-moddasi bolalarga bag‘ishlangan bo‘lib, "Onalik va bolalik alohida g‘amxo‘rlik va yordam olish huquqini beradi", deb belgilab qo‘yilgan.

Xalqaro darajada bola huquqlarini maxsus tartibga solishga qaratilgan deklaratsiyalar va konvensiyalar ko‘p. Ayrimlarini sanasak, 1924 yilda qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Jeneva deklaratsiyasi, 1959 yildagi Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiya, 1989 yildagi Bola huquqlari konvensiyasi kabilar. Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bola huquqlari bo‘yicha asosiy hujjatlardan biri hisoblanadi.

Sababi, 10 yil davomida, ya’ni 1979 yildan 1989 yilgacha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasida ishtirok etgan dunyoning ko‘plab mamlakatlari mutaxassislari bola huquqlari to‘g‘risidagi yangi hujjatning matnini ham ishlab chiqishda qatnashdilar. Hujjatda bolaning jamiyatdagi hayotining barcha jabhalari maksimal darajada hisobga olingan. Va nihoyat 1989 yil 20 noyabrda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi tashkilot Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilindi va 1990 yil 2 sentabrdan kuchga kirgan.

E’tiborli jihati, davlatlar tomonidan tarixdagi eng ko‘p ratifikasiya qilingan inson huquqlari bo‘yicha hujjatga aylandi. Bu bilan mamlakatlar dunyo miqyosida bolalar oldida tarixiy majburiyat olishdi. Natijada butun dunyo bo‘ylab bolalar hayotini ijobiy o‘zgartirishga yordam berdi. O‘zbekiston Respublikasi ham mustaqilligining dastlabki yillaridanoq, aniqrog‘i, 1992 yil 9 dekabrda ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qildi.

O‘zbekistonda ham bola huquqlari kafolatlarini ta’minlash, ularni himoya qilish uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bola huquqlari kafolatlarining qonunchilik asoslari bo‘lgan Oila kodeksi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jinoyatlarning oldini olish to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi kabi qonunlar qabul qilindi.

Ular orasida «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun alohida ahamiyatga ega. Unda bola huquqlarining kafolatlari ta’minlanishi bilan bog‘liq munosabatlar ishtirokchilari, ularning huquq hamda majburiyatlari aniq aks etgan. Shuningdek, Qonunda bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosati, bola huquqlarining kafolatlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari kabi bolalarning huquqiy himoyasi mustahkamlab qo‘yilgan.

Ayniqsa, keyingi yillarda bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollik, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomala, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan himoya qilish, milliy me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, aholi o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish orqali muhim islohotlar boshlandi. Erkak va ayollar uchun nikoh yoshi o‘n sakkiz yosh etib belgilandi, bolalarning davlat organlariga bevosita murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlandi, bolalar mehnatiga butunlay chek qo‘yildi, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi.

Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlash maqsadida bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimizning 2019 yil aprel oyida «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori, “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va boshqa hujjatlar shular jumlasidandir.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bolaning hayoti va sog‘lig‘ini, qadr-qimmatini muhofaza qilish, uning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish kabi davlat siyosatning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Amalga oshirilgan ishlar bilan birga, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash borasidagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati yuzaga keldi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti joriy etildi.

Agar xalqaro tajribaga e’tibor bersak, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, xususan, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Daniya, Islandiya, Ispaniya, Luksemburg, Rossiya, Norvegiya, Finlandiya, Shvetsiya, Gvatemala, Kolumbiya, Kosta-Rika, Peru, Kanada, Isroil va Yangi Zelandiyada bolalar bo‘yicha Ombudsman instituti faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda Bolalar ombudsmani institutining tashkil etilishi jamiyat uchun bolalar muammolariga e’tiborning muhim ko‘rsatkichi sifatida namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidentining “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori bilan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilandi.

Joriy yilda xalqimiz tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida bolalar masalasiga ham alohida ustuvorlik berilgan. Alohida bir bob — XIV bob oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangan. Bosh Qomusimizning 78-moddasida “Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, deb mustahkamlab qo‘yildi.

Umuman, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlari soni 40 dan, qonunosti hujjatlari soni 500 dan ortiqni tashkil etadi. Bu esa bola huquqlari sohasidagi qonunchilik bilan ixtisoslashgan holda ish olib borish hamda uning ijrosi bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda Bolalar ombudsmani faoliyati maxsus qonunlar, jumladan, Shvetsiyada "Bolalar ombudsmani to‘g‘risida"gi qonun, Polshada "Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman to‘g‘risida"gi qonun, Fransiyada "Bola himoyachisi to‘g‘risida"gi qonun, Irlandiyada "Bolalar bo‘yicha ombudsman to‘g‘risida"gi qonun, Litvada "Bola huquqlarini himoya qilish nazorati to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solinadi.

Shu ma’noda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash uchun muhokama qilinmoqda.

Qonun loyihasida Bolalar ombudsmanini saylash tartibi, vazifalari, huquqlari va majburiyatlari, faoliyatining asosiy jihatlari, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi belgilanmoqda.

Muhim jihati, loyihada Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olishga doir faoliyati alohida moddada keng tarzda bayon etilmoqda.

Afsuski, keyingi vaqtlarda bolalar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, bolaga qarshi jinoyatlar uchramoqda. Ushbu holatlarda bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning kafili bo‘lishi nuqtai nazaridan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ, surishtiruv, dastlabki tergov organlari, prokuratura va sud bilan hamkorligi ham belgilab qo‘yilmoqda.

Albatta, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada mustahkamlaydi, bolalar huquqlarini amalga oshirish sohasidagi islohotlarni to‘ldiradi, himoyaga eng muhtoj bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga asos bo‘ladi.

Shuningdek, bola huquqlarini kafolatlash bo‘yicha xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga yordam beradi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi o‘rinbosari,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish