Mirzo Ulug‘bek tumanining “Sultoniya” mahallasida xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashi deputati Ulug‘bek Radjabov partiyaning “Deputat mahallada” loyihasi doirasida navbatdagi o‘rganish ishlarini olib bordi.
Mahalladagi aholining deputatimizga ishonchi yuksak. Negaki, deputat va saylovchi o‘rtasidagi doimiy aloqa, dard-u quvonchga yelkadoshlik, hamfikrlilik chinakam samimiy munosabatga asos bo‘lmoqda.
Deputat mahallada istiqomat qiladigan fuqarolar bilan suhbatlashib, ular tomonidan ko‘tarilgan muammolarni o‘rgandi. Xususan, mahalladagi ko‘p qavatli uylardagi issiq suv quvurlarining yaroqsiz holga kelgani va uni almashtirish zarurligi bo‘yicha deputatimizdan amaliy yordam so‘raldi. Shuningdek, mahalla atrofidagi chiqindilarni mas’ul idoralar o‘z vaqtida olib ketmasligi yuzasidan ham murojaat qilindi. Mazkur masalalar deputat tomonidan joyida o‘rganilib tegishli tartibda bartaraf etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, mahallada 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasi va 2 ta maktab bor. Deputat ushbu muassasalarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari, malakali pedagok kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi va bu borada qilingan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Shu bilan birga, U.Radjabov mahalladagi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”dagi aholi vakillarining yashash sharoitlari, berilayotgan amaliy ko‘maklarni ham o‘rgandi.
“Deputat mahallada” loyihasi doirasida olib borilayotgan bu kabi amaliy tadbirlar saylov okrugining boshqa hududlarida ham davom etmoqda.