So‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun hamda 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, XDP fraksiyasi a’zosi U. O‘raboyev tashabbusi bilan Jizzax viloyatining «Nurli maskan» maktab internatida «Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari huquqlari davlat himoyasida» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat etib belgilanganligi, mamlakatimizda har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va birdamlik, adolat prinsiplari asosida munosib yashash sharoitlari yaratilishining huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Ijtimoiy davlat bu sifatli ta’lim, malakali tibbiy xizmatlar, oilalar, bolalar, xotin-qizlar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratib berish, qolaversa, eng dolzarb bo‘lgan vazifalardan biri hisoblanmish kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan davlat siyosatidir.
Tadbirda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirishning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekistonda ta’lim tizimini yanada yaxshilash borasidagi islohotlar haqida ham ma’lumotlar berildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi haqida ijtimoiy norma kiritilganligi bu boradagi islohotlarni yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Ayniqsa, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etilishi shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhimdir.
O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan qiziqarli kuy-qo‘shiqlar, she’r va sahna ko‘rinishlari ko‘pchilikka ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Yakunida faol ishtirokchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati U. O‘rozboyev va O‘zbekiston XDP Jizzax viloyat kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.