O‘zbekiston XDP Qarshi shahar kengashi tomonidan 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan "Mehr ulashaylik" loyihasi doirasida 33-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktabi internatida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Partiya va mahalla faollari, deputatlar, ota-onalar hamda maktab o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirda Qarshi shahar partiya kengashi raisi, deputat R.Murtazayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qaratilayotgan e’tibor, o‘quvchilarga ta’lim va tarbiya berayotgan maktab o‘qituvchilarining mehnati, amaliy ishlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, tadbirda maktab o‘quvchilari tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etilib, faol ishtirok etganlarga Qarshi shahar partiya kengashining esdalik sovg‘alari taqdim etildi.