Ijtimoiy birdamlik ruhi
Ijtimoiy birdamlik ruhi

 

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Bu yil Konstitutsiya kuni bayramini alohida g‘urur-iftixor bilan kutib olishga katta tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Boisi, joriy yil 30 aprel kuni umumxalq referendumi asosida Bosh qonunimizni yangi tahrirda qabul qildik va xalqimiz manfaatlari, huquqlarini himoya qilish borasida konstitutsiyaviy asoslar yaratdik.

Dunyoda murakkab, davlatlar va xalqlarni og‘ir sinovlarga duchor qilayotgan voqea-hodisalar ro‘y berayotgan bir paytda Vatanimizning munosib o‘rin va mavqega erishishi oson bo‘layotgani yo‘q. Tahlikali zamonda Konstitutsiyamiz xalqimiz ijtimoiy birdamligi, davlatchiligimiz mustahkamligining eng muhim asoslaridan biridir. Bosh qonunimizda belgilangan huquq va kafolatlar ta’minlanishi yo‘lida, ayniqsa, keyingi yillarda ulkan natijalarga erishilganini alohida ta’kidlash joiz.

O‘tgan davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligini ta’minlash siyosatimizning asosiy yo‘nalishiga aylandi. Har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi yaratib berish hayotiy maqsadga yo‘g‘rildi. Shunga monand ravishda yurtdoshlarimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati oshdi. Qisqacha aytganda, Konstitutsiyamiz qabul qilingan davrdan buyon dunyoda, jamiyatimizda ko‘p narsa o‘zgardi, yangilandi.

Shu bois, Konstitutsiyamizni yanada takomillashtirish tashabbusi faol qo‘llab-quvvatlandi. Zero, mamlakatimizda xalq hokimiyatini mustahkamlash, davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish, davlat organlarining xalq bilan bevosita muloqot asosida faoliyat yuritishini kafolatlash hayotiy ehtiyojga aylangan edi. Ayniqsa, ijtimoiy himoya masalalarida yangilik qilish, islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish zarurati yuzaga kelgandi.

Yangilangan Konstitutsiyamiz birinchi marotaba xalqimiz takliflaridan kelib chiqib shakllandi. Uni yurtdoshlarimizning o‘zi tuzdi, ularning muallifligi asosida ishlab chiqildi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bu Bosh qonunimiz qadrini, unga mehrni nihoyatda oshirdi. Unda odamlarimizning xohish-irodasi, orzu-intilishlari o‘z aksini topdi.

Konstitutsiyamizning yangi tahrirda qabul qilinishi inson huquq va manfaatlarini himoyalash yo‘lidagi islohotlar davomiyligini ta’minlash, yangi O‘zbekistonni bunyod etishda tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Insonni qadrlashga yo‘naltirilayotgan izchil siyosat Konstitutsiya me’yorlarining ro‘yobga chiqishida hayotiy ahamiyatga ega bo‘layotgani ham ayni haqiqat.

 

Yangi normalar inson qadri uchun

Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi ijtimoiy davlat qurish ekani belgilab berildi. Ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari joriy etilishi orqali esa jamiyatda tenglik muhiti yaratilishiga erishiladi.

O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qildi. Davlatning bu boradagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 barobar oshdi. Inson huquq va erkinliklari himoyasida mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etildi. Ijtimoiy himoya tizimi kafolatlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi tarixiy yutuq sifatida baholandi. Bunga biz hududlarda, mahallalardagi uchrashuvlarda ko‘p bor guvoh bo‘ldik.

Ijtimoiy davlat deganda qanday davlatni tushunamiz? Xalqning tinchligi, sog‘lig‘i, bilimi, ta’lim-tarbiyasini, uy-joyli bo‘lishi hamda bandligini ta’minlaydigan, mehnati uchun munosib haq to‘laydigan davlat nazarda tutiladi. Eng asosiysi, Bosh qonunimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani birinchi moddadayoq qat’iy belgilandi. Keyingi moddalarda ham bu qoida o‘z aksini topdi. Xususan, har kim mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega ekani kafolatlandi.

Davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoyalash, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi belgilandi. O‘zbekiston fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqli ekani kafolatlandi.

Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar ko‘paydi. Bu yangilangan Konstitutsiyamiz xalqimizga yanada foydali bo‘lishini anglatadi.

 

Eng ishonchli himoya

Aholi turmush farovonligini oshirish, birinchi navbatda, kambag‘allikni qisqartirishni, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini ko‘tarishni taqozo qiladi. Kam daromadli oilalarni kambag‘allikdan chiqarmasdan, ularning jamiyatga munosabati, umumiy dunyoqarashini o‘zgartirmay turib, turmush sifatini yaxshilash mushkul masala. Chunki kambag‘allik xalqning sog‘lig‘i, davlatning imkoniyatlari, fuqarolarning ustuvor huquqlari ta’minlanishi, umumiy salohiyati bilan chambarchas bog‘liq masaladir. Shu jihatdan aytadigan bo‘lsak, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar samaradorligi, davomiyligi Konstitutsiyamizda kafolatlandi.

O‘zbekistonda yaqin yillargacha kambag‘allik rasman tan olinmagan. Natijada unga qarshi biror amaliy chora ko‘rilmagan. Prezidentimiz esa mamlakatda kambag‘al qatlam borligini rasman tan oldi, fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlandi.

Kambag‘allikka barham berishning muhim shartlaridan biri aholini ish bilan ta’minlashdir. To‘g‘ri, ishsizlik, kambag‘allik hamon bor. Kambag‘allikni qisqartirish oson va birdaniga bo‘ladigan jarayon emas. Unga qarshi kurashish tizimli bo‘lishi lozim. Aynan mana shu jihat Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yildi. Davlat o‘z fuqarolarini ish bilan ta’minlash, ularni kambag‘allik botqog‘idan chiqarish, professional kasb o‘rgatish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldi.

Deputat sifatida hududlarga borganda, mahallalardagi hayotning ichiga kirib tahlil qilganda, bir oiladagi vaziyatni o‘zgartirish, aholi daromadlarini oshirish qancha resurs va mehnat talab etishini chuqur tushunyapmiz. Davlatning katta resurs va imkoniyatlari shu yo‘nalishga sarflanayotgan ekan, bu boradagi ishlar tizimli tus olishi lozim, qandaydir sabablar bilan to‘xtab qolishi kerak emas. Konstitutsiyamiz ushbu yo‘nalishda ham ko‘plab muammolarga keskin chora ko‘rishda eng muhim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan hujjat bo‘lishiga shubha yo‘q.

Mana shu me’yor ham Konstitutsiyamizning muhim yutuqli jihatlaridan biri, deb bilamiz. Chunki kambag‘allikni qisqartirish borasida boshlangan izchil, shu bilan birga, oson bo‘lmagan davlat siyosati to‘xtab qolmasligi kafolati mustahkamlandi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, 2026 yilga qadar kambag‘allikni 2022 yildagiga nisbatan ikki barobar, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish rejalashtirilmoqda. Shu asosda ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etildi. Bu borada “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni, ularga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim. Eng muhimi, odamlarda erkin mehnat qilish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik hisobidan kambag‘allikdan chiqish tajribasi va ko‘nikmasi shakllanmoqda.

Shundan kelib chiqib, biz faoliyatimizda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan aholi va yosh oilalarga yaratilayotgan imkoniyatlar, minimal iste’mol xarajatlari bilan bog‘liq kamchiliklar tahlili kabi elektorat manfaatlariga doir masalalarga alohida e’tibor qaratyapmiz.

Mamlakatning tobora yuksalayotgan iqtisodiy salohiyatidan aholining kam ta’minlangan qatlamlari turmush darajasi va hayot sifatini oshirish yo‘lida foydalanish kerak. Resurslar to‘g‘ri sarflanishi xalq manfaatlariga xizmat qiladi. Xalqimizning turmushi yaxshilanishi ko‘p jihatdan shu masalaga ham bog‘liq. Shuning uchun Konstitutsiyamizda davlat qurilishining yangi strategik maqsadi ijtimoiy davlat qurish ekani belgilab berilgani partiyamiz nuqtai nazariga ko‘ra, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Huquqlar kafolati – orzular ro‘yobi

Uyjoyli bo‘lish xalqimiz uchun hayotdagi eng muhim, eng ezgu maqsadlardan. Shu masalaning Konstitutsiyamizda aks etishi, o‘ylaymanki, har bir yurtdoshimizni mamnun qiladi. Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi oliy huquq darajasiga ko‘tarildi. Aytish kerakki, dunyo konstitutsiyalarida bunday me’yorlar kam uchraydi.

Bu masalada 20-25 yil davomida shahar joylarda ham, qishloqlarda ham muammolar to‘planib qolgan edi. Bir uyda 2-3 oila siqilib yashayotgan holatlar oz emasdi. Oqibatda bunday oilalarda boshqa muammolar ham kelib chiqardi. Shuning uchun bu masalaga e’tibor kuchaydi. Aholiga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida turar joylar qurilmoqda. O‘tgan yili 60 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlandi. Konstitutsiyamizda uy-joy ta’minoti bo‘yicha mustahkamlangan me’yorning amalga oshishi ana shunday muammolar bilan yurgan qanchadan-qancha yurtdoshlarimizni quvontirdi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.

Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoit yaratadi. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi va bu O‘zbekiston ijtimoiy davlatga aylanishiga xizmat qiluvchi juda muhim, hayotiy me’yorlardan biridir.

Jamiyat taraqqiyot bilan yuzlashgani sari odamlarning ongi, dunyoqarashi ham o‘zgaradi. Bu tabiiy hol. Bugun xalqimiz xayoliy orzular bilan emas, real maqsadlar bilan yashamoqda. Ko‘pchilik ertaga, umuman, kelajakda emas, aynan bugun imkoniyat va kafolatlarga ega bo‘lishni istaydi. Shuning uchun ijtimoiy, iqtisodiy huquqlar kafolatlanishi juda muhim.

Aniq misollarga to‘xtalaylik. Konstitutsiyamizda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekani, sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanishi belgilangan. Bolalarimiz kerakli bilimga ega bo‘lishi uchun ta’lim tizimidagi muammolarni hal qilish bilan bog‘liq qator me’yorlar ham Bosh qonunimizdan joy oldi. Ayniqsa, bolaning to voyaga yetguncha ilm olishi, tarbiyasi, salomatligi uchun ota-ona javobgar ekani bilan bog‘liq me’yorlar ham belgilangani qator ijtimoiy masalalarni hal qiladi.

Har bir mamlakatda sifatli tibbiyot tizimi mavjudligi juda muhim. Fuqarolar zarur paytlarda tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi lozim. Shu sababli Konstitutsiyada fuqarolar davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishga haqli ekani belgilanishi fuqarolarda davlatga ishonchni oshiradi, deb o‘ylayman.

Konstitutsiyamizga muvofiq, davlat tibbiyot sohasiga oid eng muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olishi onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi.

Yuqoridagi misollardan yaqqol seziladiki, yangilangan Konstitutsiyamiz xalqimizning bugungi hayoti va ehtiyojlariga yanada yaqinlashdi. Bu siz-u bizning huquq va manfaatlarimizni kafolatlabgina qolmay, jamiyatimizda ijtimoiy birdamlik ruhini kuchaytiradi. Sodda qilib aytganda, bu Konstitutsiyamiz yangi O‘zbekiston qanday mamlakat bo‘lishi haqidagi savollarga javob bo‘ldi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi, partiya fraksiyasi rahbari.

«Yangi O‘zbekiston», 2.12.2023, №251

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish