Yoshi ulug‘lar bilan maslahatlashib ish tutish, ish boshlashdan oldin ularning duosini olish eng ezgu an’analarimizdan. Buning ma’no-mohiyati “Qari bilganni pari bilmas” naqlida ham yaqqol aks etgan. Azaldan xalqimiz ko‘plab ezgu ishlarida ko‘pni ko‘rgan otaxonu onaxonlarning maslahatlari, tavsiyalariga tayanadi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini, nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Aslida, bu yurtimizdagi xalqparvar ishlarning uzviy davomidir. Bugungi kunda mamlakatimizda 3 milliondan ortiq nuroniy istiqomat qiladi. Ularning har biriga g‘amxo‘rlik qilish, salomatligini asrash alohida e’tiborda.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar har yili sanatoriylarda davolanishi, kam ta’minlangan nuroniylarning doridarmon va ortopediya moslamalari, jarrohlik amaliyotlari xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilayotgani, keksalarning jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi, teatr va muzeylarga borishi, diyorimiz bo‘ylab sayohat qilishi uchun yengilliklar belgilangani yurtimizda inson qadri haqiqatda ham yuksalib borayotganini anglatadi. Dunyo miqyosida davom etayotgan ziddiyatlar, pandemiyadan keyingi murakkab moliyaviy tanglik sharoitida keksalari, pensionerlari haqida qayg‘urish har bir davlatning ham qo‘lidan kelmaydi. Bugun hatto Yevropaning rivojlangan davlatlarida pensiyaga chiqish yoshi uzaytirilgani fikrimizni isbotlaydi.
Davlatimiz rahbari esa o‘z lavozimiga kirishganining ilk davridanoq keksa avlod vakillariga alohida mehr ko‘rsata boshladi. 2016 yil dekabr oyida “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham nuroniylarimiz haq-huquqlari mustahkamlab qo‘yildi. Xususan, “Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek, boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga egaligi, hujjatda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi”, “Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida” ekani, “Voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi” belgilandi.
Bugun nuroniylarimiz ijtimoiy hayotda juda faol. Ayniqsa, mahallalarda ularning o‘z o‘rni, aytar so‘zi va so‘zining salmog‘i bor. Ularning hayot tajribasi, ro‘zg‘or past-balandini yaxshi bilishi yoshlar uchun maktab vazifasini o‘taydi. Shuning uchun davlatimiz rahbarining shu yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida viloyat, tuman va shaharlarda jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etilishi ko‘zda tutildi. Qarorga ko‘ra, viloyat hamda tuman (shahar) hokimlari “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limlari Vasiylik kengashlari raisi etib belgilandi, jamg‘armaning viloyat, tuman (shahar) bo‘limlari raislariga esa hokim maslahatchisi maqomi berildi. Toshkent shahridagi mahallalarning barchasida “Keksalar maslahati” guruhlari tuzildi. “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga muvofiq, yoshlar har bir mahalladagi hayotiy tajribaga ega, zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga biriktirildi.
Shuningdek, umumta’lim maktablari, oliy ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim tashkiloti ma’naviy-tarbiyaviy ishlariga nuroniylar yordam beryapti. Bu faollarimiz ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning darslardagi ishtiroki va o‘zlashtirishini o‘rganyapti. Shu asosda o‘qituvchilar va ota-onalarga zarur tavsiya va maslahatlar berilmoqda. Darslarga sababsiz qatnashmayotgan yoki muntazam dars qoldiradigan, tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ularning xonadonlariga borib, ota-onalari ishtirokida suhbatlar o‘tkazildi. Mahallalardagi o‘rganishlar natijasida ajrashish yoqasiga kelib qolgan, ichkilikka berilgan, oilaviy kelishmovchiligi bo‘lgan notinch oilalar aniqlanib, ularning har biriga “Keksalar maslahati” guruhining bir nafardan a’zosi biriktirildi.
Mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, oilalardagi kelishmovchilik va boshqa noxush holatlarning oldini olishda keksalar, o‘rta va yosh avlod vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvlari” ham muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Nuroniylarning yoshlar bilan ishlash tajribalarini o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish an’anaga aylandi.
Davlatimiz rahbari qarorida nuroniy va faxriylar, ayniqsa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalarning muammolarini o‘rganish va hal etish yuzasidan ham vazifalar belgilab berilgan. Shu asosda ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylarning ro‘yxatlari mahallabay tarzda shakllantirildi. O‘nlab yolg‘iz keksa respublikamizning turli sanatoriylarida “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan dam olib, sog‘lig‘ini tiklab keldi. Bundan tashqari, Toshkent shahri tumanlarida keksalar uchun bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida faxriylar ishtirokida sport musobaqalari uyushtirildi. Shuningdek, keksalarning respublikamiz bo‘ylab sayohatlarini tashkillashtirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yil boshidan buyon “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahri bo‘limi mablag‘lari hisobidan 800 ga yaqin nuroniyning Buxoro, Samarqand, Shahrisabz, Xiva kabi qadimiy shaharlarga, Toshkentning diqqatga sazovor joylariga, Qozog‘istonning Turkiston shahriga ziyoratlari, sayohatlari uyushtirildi. Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz madaniy hordiq chiqarishi uchun teatrlarga tashriflar tashkillashtirilmoqda.
Tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan yurtimizda yoshi ulug‘larni e’zozlash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yaxshilash borasida kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, sohaga oid 10 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi, nuroniylarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Keksalar uchun “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil etildi, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni to‘liq miqdorda to‘lash tartibi yo‘lga qo‘yildi. “Keksalar haftaligi” va “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish
an’anaga aylandi. Bunga javoban faxriylarimiz jamiyat hayotida o‘z faolliklari bilan yoshlarga ibrat bo‘lishga harakat qilmoqda. O‘z hayotiy tajribalari, qimmatli maslahat va o‘gitlari, shaxsiy ibratlari bilan barcha sohalarda amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham ibratli ishlari, ko‘p yillik tajribalarini amalga tatbiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Qarorda nuroniy otaxon va onaxonlarning ayni ko‘nglidagi masalalar e’tirof etilgan va bu muhim hujjat kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shishi tabiiy.
Shahrimizning har bir mahallasidagi nuroniylar orasida fidoyi insonlar bor, ular ko‘pchilikni tashkil etadi. Buni mahallalardagi obodonchilik, yaratuvchanlik ishlaridagi ishtirokida ham ko‘rish mumkin. Shahrimizning har bir maskanida “Yashil makon” aksiyasi doirasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, hududlarimiz yashilligi ta’minlanmoqda.
“Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahri bo‘limi tomonidan poytaxtimizda faxriylarimiz uchun “Otalar choyxonasi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Bir piyola choy ustida” kabi o‘nlab tadbirlar o‘tkazildi. Ularda ijtimoiy hayotda faol ishtirok etgan nuroniylarimiz, faxriylarimiz qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga mukofotlar topshirildi, san’at ustalarining chiqishlari tashkil etildi. 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan faxriylarni tug‘ilgan kunlari bilan tabriklash, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish, sport bilan shug‘ullanadigan keksalarga ularning abonement to‘lovlari, yolg‘iz pensionerlarning davolanishi va jarrohlik amaliyotlari uchun ketadigan xarajatlar qoplab berilishi kabi qator savobli ishlar uchun 2022 yilda “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahri bo‘limi tomonidan 1,814 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.
Keksa avlod vakillariga davlat va jamiyat tomonidan diqqat-e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning izchil va tizimliligi, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yanada kuchaytirilgani natijasida aholi farovonligi oshdi va turmush sifati yaxshilandi.
Ota-bobolarimiz, nuroniy buvi va onaxonlarimiz bizning borligimiz, boyligimiz, davlatimiz. Qariyalar qadr topgan xonadon va mustaqil diyorda hamisha mehr-oqibat, qut-baraka hamda tinchlik-xotirjamlik bo‘ladi.
Rustam KALONOV,
“Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahri kengashi raisi,
senator, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi a’zosi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.
«Yangi O‘zbekiston», 3.12.2023, №252