Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, yoshi bir joyga borib qolganda ham tinib-tinchimaydi, doim yelib-yuguradi. Kimgadir yordam bergisi, muammolar yechimi haqida fikr aytgisi keladi. U ana shu xatti-harakatidan mazmun topadi, kuch oladi. Odamlarga kerakligidan ruhlanadi.
O‘zXDPning faol a’zosi, 20 yildan buyon jamoatchilik asosida «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalarida tarjimonlik qilib kelayotgan hamkasbimiz Nosir Toirov ana shunday g‘ayratli, fidoyi insonlardan.
Nosir aka har seshanba kuni tahririyatga kelib, o‘zbek tilidagi maqolalarni «Golos Uzbekistana» gazetasi uchun tarjima qiladi. Shu o‘rtada do‘stu qadrdonlari bilan suhbatlashib, xush kayfiyat bilan uyga qaytadi.
Uyda esa badiiy tarjimalar bilan shug‘ullanadi. O‘zi ham she’r mashq qilib turgani uchun shoirlar ijodidan ko‘ngliga yaqinlarini tarjima qiladi. Hatto ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripovdan ruxsat so‘rab, ayrim she’rlarini rus tiliga tarjima qilgan.
Nosir aka yoshligidan jurnalistikaga mehr qo‘ygan. U Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika institutida o‘qib yurgan kezlarida «Toshkent oqshomi» va «Vecherniy Tashkent» gazetalarida institut hayotidan turli materiallar yozib turgan. 1969 yilda institutni tugatar chog‘ida gazeta Bosh muharriri Sa’dulla Karomatov Nosir Toirovni tahririyatga ishga jo‘natishlarini so‘rab, institut rahbariyatiga xat yo‘llaydi. O‘sha paytda maktablarda tegishli o‘qituvchi kadrlar yetishmasligi bois, bu xat inobatga olinmaydi va Nosir Toirov maktabga ishga yuboriladi.
Biroq qayerda ishlashidan qati nazar, Nosir aka matbuotdan uzilib qolmadi. «O‘qituvchilar gazetasi», «Toshkent haqiqati», «Tashkentskaya pravda», «Komsomolets Uzbekistana», «O‘zbekiston ovozi», «Golos Uzbekistana» gazetalari va turli jurnallarda uning maqolalari muntazam ravishda chop etib kelindi.
Nosir Toirov o‘tgan yillar mobaynida Toshkent viloyati davlat boshqaruvi idoralarida mas’ul vazifalarda ishladi, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashiga ishga taklif qilindi. Mustaqil O‘zbekistondagi birinchi siyosiy partiya — O‘zXDPning maqsad va g‘oyalarini targ‘ibot qilish ishlarida faol qatnashdi.
Partiyadan saylangan deputatlar faoliyatini OAVda keng yoritish, partiya qurultoylari va Markaziy Kengash plenumlari materiallarini rus tiliga tarjima qilib, matbuotda e’lon qilinishida uning hissasi katta bo‘ldi.
— To‘g‘ri, men shoir yoki yozuvchi bo‘lmadim. Lekin adabiyotga qiziqishim hech qachon so‘nmagan, vaqt-vaqti bilan u-bu narsalarimning vaqtli matbuotda chop etilishi, ko‘plab adiblar bilan muloqotda bo‘lishim meni bir umrga adabiyot olami bilan bog‘lab qo‘ydi, — deydi kamtarlik bilan Nosir aka. — Tarjimonlik bilan yoshligimdan shug‘ullanaman, pensiyaga chiqqan bo‘lsam ham, hozirgacha «Golos Uzbekistana» gazetasi bilan hamkorlik qilib kelayapman. Bu menga kuch beradi, ish qanchalik mas’uliyatni talab qilishidan qat’i nazar, men uchun juda zavqli. Tarjimonlik ishi qiyinligini yaxshi tushunaman. Bunda nafaqat adabiy tilni, balki texnika tilini, atamalarni ham bilish, eng muhimi, tarjima qilinayotgan asarning mazmun-maqsadi va ruhini saqlab qolish kerak. Ayni chog‘da odob-axloq me’yorlariga rioya etish talab etiladi. Ba’zi bir asarlarni o‘zbek tilidan rus tiliga o‘girganman, parchalar tarjima qilganman, lekin bu haqda gapirishga hali erta, deb bilaman...
Nosir aka yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘zini daxldor deb biladi, ana shu jarayonlarda ishtirok etishdan zavq oladi, quvonadi. Bu ibratli umr, albatta, havas qiladigan umr...
Nurulloh DOSTON,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.