O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi bilan hamkorlikda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida tahsil olayotgan nogironligi bo‘lgan talaba yoshlar bilan «Mening huquqlarim» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 79-moddasida: «Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi» - deb belgilangan.
Davra suhbatida Konstitutsiyaga kiritilgan boshqa o‘zgartishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.