QOG‘OZDAN QURILGAN UYLAR KIMNING IXTIROSI?
QOG‘OZDAN QURILGAN UYLAR KIMNING IXTIROSI?

 

O‘zlariga ancha baquvvat bu quruvchilarga hech kimning gapi o‘tmaydimi? Nega? Bu savolga aniq javob kerak.

Tahririyat Bosh muharriri poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani, Qorasuv dahasi, 6-mavze, Rishton tor ko‘chasida joylashgan, ikki qavatli 110-uyda istiqomat qilayotgan 50 nafar fuqaro tomonidan imzolangan shikoyatni joyida har tomonlama puxta o‘rganib chiqish, jurnalistik surishtiruv o‘tkazish uchun qo‘limga tutqazdi. Shikoyatda keltirilishicha, 110-uy 2015 yilda tadbirkorlar – aka-uka Ravshan va Aziz Zokirov hamda Yusup Qodirov tomonidan qurilish me’yorlariga rioya qilinmasdan barpo etilgan va hozirgi paytda avariya holatida ekan. Xonadon aholisi bu haqda 4 yildan buyon Mirzo Ulug‘bek tumani, Toshkent shahar hokimligidan tortib, Prezident huzuridagi xalq qabulxonasiga qadar murojaat qilib kelmoqda, lekin natija va’dalardan nariga o‘tmayapti.

Mirzo Ulug‘bek tumani, Qorasuv dahasi, 6-mavze, Rishton tor ko‘chasida joylashgan, ikki qavatli 110-uyni topish oson bo‘lmadi. Mazkur uy joylashgan Avayxon mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi berk bo‘lgani uchun so‘rab-surishtirib, manzilni topdik. Aytilgan ikki qavatli uy davozasidan kirdim. Xuddi o‘sha, shikoyatda tasvirlangan uy, birinchi qavatdagi har bir xonadon tepasidan tashqari tomonga chiqarilgan yelim quvurlardan tutun burqisib, eni 5-6 metr keladigan hovlini is gazi hidi tutib ketgan.

Ikkinchi qavat binosi devorlari gipsokartondan ekani shundoqqina ko‘rinib turibdi, birinchi qavatga nisbatan bir metrlar chamasi tashqariga chiqarilgan. Tavakkaliga bir nechta xonadon eshigini taqillatdim. Bir ayol chiqib, bu boshqa uy ekanini, 110-uy sal narida joylashgan bozorchaning orqasida ekanini aytib, yo‘l ko‘rsatib yubordi. Ketayotib, o‘tgan asrning o‘rtalarida, bolaligimda kolxoz idorasi bog‘iga o‘rnatilgan fin uylari ko‘z oldimga keldi. Lekin gipsokarton uyning oldida uning obro‘yi balandroq – taxtadan qurilgan edi. Poytaxtning deyarli markazida xalq tilida "Shanxay" deb ataladigan shunday uylar borligini bilmas ekanman, hayratga tushdim.

Bozorni aylanib, orqa tomonida uzunligi chamasi yuz metrlar chiqadigan berk ko‘chani, uning oxirida 110-uy deb yozilgan darvozani ko‘rdim. Aynan yuqorida ta’rifi keltirilgan uyga o‘xshash ikki qavatli bino, hovliga qaratilgan plastmassa quvurlardan tutun buriqsiyapti. Tavakkal qilib zinapoyadan ikkinchi qavatga chiqib, xonani taqillatdim. Eshik ochilib, chamasi 40-45 yoshlardagi nogiron kishi ko‘rindi.

– Ikki oyog‘im yo‘q, – dedi 1-guruh nogironi Bekbergan Jumaboyev o‘zini tanishtirib. – Bu xonadon bizga 3 yil avval Prezidentimiz tomonidan beg‘araz berildi, ming rahmat. Shikoyatlarimiz yo‘q.

– Ikkinchi qavatdan pastga qanday tushib chiqasiz? – deb so‘rayman.

– Ha endi, – yerga qaraydi Bekbergan. – Shunisiga ham shukur...

Boshqa xonadonning eshigini qoqaman.

– Ikki yil oldin mana shu 3 xonali xonadonni boshqa uylarga nisbatan arzon bo‘lgani uchun sotib olganmiz, – deydi Nadejda Kolesnikova. – Uy gipsokartondan ekanini ko‘rib-bilib olganmiz, shuning uchun arzon bo‘lgan-da!

Tahririyatga shikoyat qilganlardan biri – Gulchehra Nazarmuhamedovaning fig‘onidan dud o‘rlaydi:

– Yunusobod tumanida avariya holatidagi uyda 1-guruh nogironi bo‘lgan onam, ukam bilan yashardik. Uy 1932 yil qurilgan, kommunikatsiya tizimi ishdan chiqqan, suv yo‘q, ta’mirlashning iloji bo‘lmaganidan uni buzishadigan bo‘lishdi. Bu joyni buzib, qaytadan ko‘p qavatli uy qurishga jalb etilgan investor bizga 18 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ berdi. Sotiladigan uylarning narxi berilgan pulga to‘g‘ri kelmagani uchun, oxiri izlab-izlab mana shu 110-uyning 2-qavatidan uch xonali 5 v xonadonni sotib oldik. Uy emas, boshimizga balo sotib olgan ekanmiz. Buni oradan 3-4 oy o‘tganidan keyin bilib qoldik.

Gap shundaki, onam yetim o‘sgan. Atoqli davlat arbobi, Sharof ­Rashidovning rafiqasi Xursandoy aya farzandlari tarbiyasidan tashqari, bolalar uyidan yana 7 nafar o‘g‘il-qizni farzand sifatida ko‘rib, ularning holidan doimo xabar olib turgan. Ana shulardan biri mening onam bo‘lgan. Onam o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, kasalligi tufayli yurolmaydi. Karavotining tepasiga surat osib qo‘yishni so‘radi. Mix qoqaman desam, salgina urganimga shu joy o‘pirilib ketdi. Yaxshilab razm solib qarasam, uy boshdan-oyoq qog‘ozdan qurilgan ekan. Sho‘rimiz qurib, pulimizga kuyib qolganimizni o‘shanda bildim. Yozmagan, bormagan joyimiz qolmadi, hech natija bo‘lmayapti. O‘tgan yili bir investor kelib, shu uyning o‘rnida yetti qavatli uy qurish va xonadonlarda yashaydigan fuqarolarni yangi uyga ko‘chirish niyatini bildirdi. Lekin u ham shu ketganicha daragi yo‘q.

Bu haqda Respublika bosh prokuraturasiga yozgan shikoyatim 2019 yil 24 iyulda Toshkent shahar prokuraturasiga, undan Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasiga jo‘natilgan. Prezident xalq qabulxonasi va veb saytiga 2019 yil 7 iyunda va 8 noyabrda qilgan murojaatimga Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi Sh.Irgashev imzosi bilan javob xati oldim. Unda bu masala yuzasidan sud organlariga da’vo ariza kiritish tavsiya etilgan.

Ikki qavatli 110-uyga Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2015 yil 18 iyundagi 349-sonli qaroriga asosan egalik qilish huquqi berilgan. Xo‘sh, nega unda o‘sha paytda mavjud kamchiliklarga e’tibor qaratilmagan? Yoki bu yerda ham Yunusobod tumanida ro‘y bergan fojia takrorlanishini kutib, tomoshabin bo‘lib o‘tirishibdimi? To‘g‘risi, yozgan shikoyatlarimga berilgan javob xatlarini o‘qib, hafsalam pir bo‘ldi, hech kimga ishonchim qolmadi...

– Men 2-guruh nogironiman, – deydi 1-qavatda yashaydigan Mehribon ­Mamadiyorova. – 7 yil oldin uyimiz yonib ketib, sarson-sargardon bo‘lib yurgan edik. Bir yil oldin Prezidentimiz tomonidan mana shu xonadon bepul berildi, ming rahmat. Lekin uy xom g‘ishtdan tiklangan, aytishlaricha, poydevori ham yo‘q ekan. O‘tgan yili hayitda kanalizatsiya qudug‘i tepada, uyimiz hovli sathidan past bo‘lgani uchun yog‘ingarchilik paytida xonadonimizni suv bosib ketdi. Qo‘shnilar omon bo‘lsin, suvni chelaklab kanalizatsiyaga sepib turishdi. Aks holda, xom g‘ishtdan terilgan uy qulab, ikkinchi qavat ham bosib tushardi.

– Eshitishimcha, bu uyning o‘rni ilgari paxsadan qurilgan molxona bo‘lgan ekan, – deydi 2-qavatda yashaydigan Umar Toshkenboyev. – Xonadonni 2016 yilda sotib olganman. Oradan 2 oy o‘tib, vannamiz pastga osilib qoldi. Keyin hojatxona unitazi shunday bo‘ldi. Pastki qavatdagi qo‘shnilarning uyini suv bosdi. Vannaning o‘rnini ochib qarasak, 1-qavatning ustiga yog‘och to‘sin qo‘yilib, gipsokartondan potolok qoqilgan, 2-qavatga esa taxta pol qoqilgan ekan. Shuncha yil yashab, bunaqa muvaqqat uyni ko‘rmagan edim. Xudo ko‘rsatmasin, yaxshiroq yog‘ingarchilik bo‘lsa, 1-qavatda yashaydiganlarni uy bosib qoladi. Qishda 3-4 daraja sovuq bo‘lsa, uy isimaydi, yozda 30 daraja issiq bo‘lsa, ikkinchi qavatning tomida himoya qatlami bo‘lmagani uchun xonalarda o‘tirishning iloji bo‘lmay qoladi.

– Mening uyimdan bahorda o‘t o‘sib chiqdi, – deydi 11-xonadonda istiqomat qiladigan Gulchehra Safarova. – Derazamiz qo‘shnining hovlisiga qaragan. Uning devorigacha oraliq masofa bir metr chiqadi. Ustiga-ustak, deraza tagiga o‘rnatilgan qozonxona kechayu-kunduz yonib turadi. Borimiz bor, yo‘g‘imiz bor, biror kor-hol bo‘lmasin, deb doim xavotirdaman.

– Men 1-qavatda yashayman, – deydi Jamol Ubaydullayev. – Hovliga kiraverishda o‘ng tomondagi hovli kafega aylantirilgan. Kun botishi bilan shundoq ham tor ko‘cha mashinaga to‘lib ketadi. Yarim kechagacha muzika tinmaydi, bizga o‘xshagan qariyalar shovqin-surondan bezor bo‘lishgan..

Taqdim etilgan hujjatlar orasida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda shu ishga daxldor 9 ta tashkilot vakillari tomonidan 2019 yil 19 iyunda 110-uyda yashovchi fuqarolar murojaati asosida vaziyatni o‘rganish asnosida tuzilgan dalolatnoma e’tiborimni tortdi. Shu asosda Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga boshqarma boshlig‘i R.Muhitdinov imzosi bilan 2019 yil 21 iyunda 1191-sonli xat chiqarilgan. Unda va dalolatnomada quyidagilar keltirilgan:

“Qurilgan turur joy binosi qo‘shni hududlarda mavjud bo‘lgan turar va noturar joy binolarigacha oraliq masofalari amaldagi me’yorlarga zid.

Qurilish ishlarini boshlashdan oldin qo‘shni hududlarda joylashgan obyekt va turar joy binolarining egalaridan e’tiroz bildirmaslik to‘g‘risida yozma ko‘rsatma olinmagan.

Xonadonlarga o‘rnatilgan ikki kontorli isitish qozonlarining dudburonlari me’yoriy hujjatlarga zid ravishda o‘rnatilgan, ya’ni, yelim quvurlardan foydalanilgan bo‘lib, ayrimlari xonadonlar joylashgan umumiy yo‘laklarga chiqarilgan.

Gaz uskunalari o‘rnatilgan xonalarning dastlabki konstruksiyasiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgan.

53 ta isitish uskunalariga mo‘rikon o‘rniga plastik quvurlar o‘rnatilganligi sababli ekspluatatsiya qilish mumkin emas.

Nogironlar aravalari uchun yashash sharoitlari va kirish yo‘laklari qilinmagan.

Yuqori qavatda joylashgan xonadonlarning tom qismi issiqlikdan saqlovchi izolatsiyasi qilinmagan.

Qurilgan imoratlar bir-biriga yaqinligi sababli, yashash xonalari qorong‘u, havo harorati, tabiiy shamollatish tizimi tashkil etilmagan.

Qo‘shni xonadonlar bilan to‘silgan devorlar asosan gipsokarton va shlako­blok materialidan qurilgan bo‘lib, shovqindan saqlash izolatsiyasi qilinmagan.

Uylar atrofida bolalar o‘yingohi, jismoniy tarbiya va xo‘jalik ehtiyoji maydonlari tashkil etilmagan.

Turar joylarning ichki maydonlari va kirish yo‘laklarida yomg‘ir hamda tabiiy suvlarning chiqib ketishi uchun injener-kommunikatsiya tizimi tashkil etilmagan.

110-uy 2015 yilda Yusup Qodirov tomonidan qurib bitkazilgan va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining 2015 yilning 18 iyundagi 349-sonli qaroriga asosan egalik qilish huquqi e’tirof etilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aholi xavfsizligini ta’minlash hamda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida 110-uyda istiqomat qiluvchi fuqarolarni boshqa joyga ko‘chirish masalasini qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga ko‘rsatma berishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman”...

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xulosasi xolis yozilgan va kishini qattiq tashvishga soladi.

2019 yilning 22 avgustida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar, Yunusobod tuman sudi sudyasi Zafar Tursunov tomonidan jabrlanuvchilar G.Nazarmuhamedova va D.Akramov ishtirokida mazkur uy joy qurilishi bilan shug‘ullangan tadbirkor Aziz Zokirov, Akbarxo‘ja Qo‘chqorov, Hasan Yo‘ldoshevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

“Quyun” MChJ direktori Aziz Zokirov Yunusobod tumani, Xushnavo ko‘chasi, 6-uy manzilida joylashgan o‘ziga tegishli hududda o‘rta qavatli turar joy binolarini qurish ishlarini olib borgan va uy joyga ehtiyojmand aholiga sotgan. Shuningdek, tadbirkor tomonidan shaharning Mirzo Ulug‘bek tumanida ham bir qancha o‘rta qavatli uylar qurilgan. U o‘zi qurgan xonadonlarga gaz isitish moslamalari o‘rnatish uchun “Kilovatt plyus” MChJ rahbari ­Akbar Qo‘chqorov bilan 2017 yil 18 sentabrda shartnoma tuzadi. Unga ko‘ra, A.Qo‘chqorov “Quyun” MChJga Germaniyada ishlab chiqarilgan va ilgari foydalanishda bo‘lgan, Gollandiyadan ehtiyot qismlari shaklida O‘zbekistonga olib kelinib, qayta yig‘ilgan 35 dona dudburoni yo‘q “Vaillant” rusumli gaz isitish moslamasini yetkazib beradi. Ana shu gaz qozonlari “Quyun” MChJ tomonidan qurilgan uylarga o‘rnatiladi va mijozlarga gaz yonishidan hosil bo‘lgan is gazi chiqib ketishi uchun plastik materialdan ishlangan dudburon o‘rnatish tavsiya etiladi. Dudburonlarni o‘rnatishda ishtirok etgan va qabul qilib olgan A.Qo‘chqorov ularning sifatli ishlashi uchun bir yil kafolat beradi.  

Yunusobod tuman gaz ta’minoti bilan tuzilgan shartnomaga binoan tumanda gaz isitish moslamalarining ishlash jarayonini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanadigan “Uchqun ta’mir servis” MChJ rahbari Hasan Yo‘ldoshev 2018 yil 23 fevralda mazkur 6-kottejda o‘rnatilgan “Vaillant” rusumli gaz istish qozoniga o‘rnatilgan plastik dudburonning ishga yaroqliligini tekshirib ko‘radi va “Tekshirilgan kunida qoniqarli, foydalanishga yaroqli” deb dalolatnoma tuzadi. Ana shu xulosa bo‘yicha kottejga tabiiy gaz ulanadi. Keyinchalik uning aytishicha, plastik dudburon o‘zboshimchalik bilan boshqa tomonga ko‘chirilgan.

Gaz isitish moslamasidan foydalanish va o‘rnatish qo‘llanmasining 1.4-bandida unga o‘rnatilgan dudburon selsiy bo‘yicha 120 daraja va undan yuqori issiqlik haroratiga dosh beruvchi materialdan tayyorlangan bo‘lishi ko‘rsatilgan. Ana shu qo‘llanmaga rioya qilmaslik oqibatida 2018 yilning 31 oktabridan 1 noyabriga o‘tar kechasi fojea ro‘y beradi – Yunusobod tumani, Xushnavo ko‘chasi, 6-uy manzilida joylashgan kottejni ta’mirlash uchun mardikor bozoridan yollab kelingan R.Mamajonov, R.Karimov va A.Yoqubjonov is gazidan zaharlanib vafot etadi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2018 yil 7 noyabrdagi xulosasiga ko‘ra, isitish qozoniga dudburon sifatida o‘rnatilgan plastik quvur davlat andozasi talablariga javob bermasligi oqibatida undan chiqqan is gazi xonaga tarqalib, uxlab yotgan uch nafar fuqaroning hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan.

A.Zokirov ustidan Mirzo Ulug‘bek tumani, Rishton tor ko‘chasi 110-uyda yashovchi 30 nafar fuqaro, shuningdek, uyning yon atrofida qurilgan yana 8 ta uyda yashayotgan bir qancha fuqarolardan tushgan shikoyatlar ko‘rib chiqilgan. Natijada Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda shu ishga daxldor 9 ta tashkilot vakillari tomonidan tuzilgan, yuqorida keltirilgan dalolatnomadagi kamchiliklar to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan. Sud ushbu turar joylarni sotib olgan 46 nafar fuqaroning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga hamda davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan, degan xulosa chiqargan.

Eng hayron qolarlisi, garchand sud “Vaillant” rusumli gaz istish qozoniga o‘rnatilgan plastik dudburonning davlat andozasi talablariga javob bermasligi oqibatida undan chiqqan is gazidan uch nafar fuqaroning bevaqt ajal topib, vafot etganini, jabrlanuvchi sifatida ishtirok etgan 46 nafar fuqaroning shikoyatlarini e’tirof etsa-da, sudlanuvchilar – A.Zokirovga bir yil muddatga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish va uch yil muddatga ozodlikni cheklash, ­A.Qo‘chqorovga bir yil muddatga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish va ikki yil muddatga ozodlikni cheklash, H.Yo‘ldoshevga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarimaga tortish jazosini tayinlash haqida hukm chiqargan...

Jabrlanuvchilar sudning bu hukmidan norozi bo‘lib, 2019 yil 18 sentabrda Prezidentning virtual qabulxonasiga murojaat qilishadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan 2019 yil 26 sentabrda berilgan javob xatida quyidagilar bildirilgan (qisman va aynan keltirilayapti):

“Aniqlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar, Yunusobod tuman sudining 2019 yil 22 avgustdagi hukmiga ko‘ra, A.Zakirov...  1 yil muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan.

...Jinoyat ishi apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasida ko‘rilmagan. ...O‘zbekiston Respublikasi JPKning 498-moddasiga muvofiq, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi yoki ajrimi ustidan, agar ish apellatsiya tartibida ko‘rilgan bo‘lmasa, mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili kassatsiya tartibida shikoyat berishga haqlidir”...

– 2019 yilning 13 dekabrida “O‘zbekiston – 24” telekanali orqali Xalqaro press klub tomonidan  Bosh prokuratura, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, 5 ta siyosiy partiya vakillari hamda jurnalistlar ishtirokida “Saylov – 2019” jarayoniga bag‘ishlangan ochiq muloqot namoyish etildi, – deydi Gulchehra Nazarmuhamedova. – Men ularga Mirzo Ulug‘bek tumani, Rishton tor ko‘chasida joylashgan, avariya holatida bo‘lgan 110-uyda yashovchi fuqarolar nomidan murojaat qildim. Savolim ochiq muloqot ishtirokchilariga o‘qib eshittirildi.

Ko‘rsatuvni olib borayotgan jurnalist 5 ta partiya vakillariga: “Qaysi partiya o‘z gazetasida og‘ir ahvolda bo‘lgan ushbu uyda yashayotgan fuqarolarning muammolarini yoritadi?” – deb so‘radi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini doimiy ravishda himoya qilib kelayotgan O‘zXDPdan boshqa hech qaysi partiya bu savolga munosabat bildirmadi. Shuning uchun “O‘zbekiston ovozi” gazetasiga murojaat qildim. Shoyad O‘zXDPdan yangi saylangan deputatlar bizga yordam bersa, haqiqiy ahvolni joyida o‘rganib, masalaning yechimi topilsa, degan umiddaman... 

Gulchehra Nazarmuhamedova meni binoning old tomoniga boshladi. Uning oldidagi to‘siqlar bilan o‘rab olingan bo‘m-bo‘sh maydon adog‘ida 110-uyning har ikkala qavati yuzasi tomga qoqiladigan qizil tunuka bilan qoplangan ekan. Aslida tadbirkor  110-uyni qurishni yakka tartibda uy qurish loyihasi asosida boshlagan. Keyin nafsi hakalak otib, uni arzon va bino devorlarini tiklashda qo‘llanilmaydigan gipsokarton bilan ikkinchi qavatini ko‘targan. Qurilish jarayoni va unda qanday materiallardan  foydalanilayotganini hokimiyat nazorat qilmagan. Uylarda yong‘in xavfsizligi me’yorlariga umuman rioya etilmagan. 2-qavatda devor o‘rniga gipsokartondan foydalanilgan. Arzon narxda bo‘lgani uchun fuqarolar bu uyga ko‘chib o‘tgandan so‘ng yashashga yaroqsiz ekanligini anglashgan.

– Mana bu yerga turli ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida shov-shuv bo‘lgan Muhammadbobur Xo‘jayev tomonidan turar-joy binosi qurilayotgan edi, – deydi Gulchehra Nazarmuhamedova bo‘sh maydonni ko‘rsatib. – Soxta tadbirkor tomonidan shaharning faqatgina Mirzo Ulug‘bek tumanida 700 dan ortiq yakka tartibda qurilgan uy ko‘p qavatli turar joy sifatida aholiga sotilgan. Qurilish me’yorlari qo‘pol tarzda buzilganidan tashqari, sifatsiz qurilish mahsulotlaridan foydalanilgan. Aholini esa bu turar joylarning arzonligi jalb qilgan. Fuqarolardan juda ko‘p shikoyatlar tushganidan keyin Avayxon mahallasida tadbirkor tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev nazoratida buzib tashlandi va bu juda to‘g‘ri ish bo‘lgan deb hisoblayman.

Shahar hokimi bizning 110-uyga ham e’tibor qaratishini, bu yerda har kuni jon hovuchlab yashayotgan aholining muammosiga yechim topishda ko‘maklashishini so‘rab murojaat qilganmiz. Hokim kelib biz yashayotgan joyni ko‘rsa, albatta bir qarorga kelishiga ishonamiz. Ana shunday yorug‘ kunlar umidi bilan yashayapmiz.

 

Nurulloh DOSTON,

"O‘zbekiston ovozi" muxbiri.

Teglar

Jamoatchilik qabulxonasi
← Roʻyxatga qaytish