Yil yakunidagi yalpi majlis
Yil yakunidagi yalpi majlis

 

Biz yil davomida parlamentimiz Quyi palatasining qattiq mehnat qilganiga, o‘z ma’suliyatiga jiddiy yondashayotganiga ko‘p bora amin bo‘ldik. Albatta, hech bir jarayon sokin, bir maromda kechmaydi. Yil davomida deputatlarning saylovchilar oldida ma’suliyatni his etayotganiga, uzoqni yaqin, og‘irni yengillatish uchun harakat, intilayotganiga ishonch hosil qildik.

26 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida inson omilini kamaytirish, keksa yoshdagi shaxslarga davlat xizmati ko‘rsatilishi sifatini yanada oshirishga qaratilgan qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Loyihada “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga fuqarolarga Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish, pensiyalarning eng kam miqdorini belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligiga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, elektron axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali pensiya tayinlangan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga o‘zlarining jamg‘arib boriladigan pensiya hisob-varaqlarida yig‘ilgan mablag‘larini olishlariga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi qabul qilindi.

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur qonunda fuqarolarning ehtiyotsizligi yoki yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlar sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda bunday shaxslarni javobgarlikdan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, boshqa shaxslarga qo‘llanilib kelinayotgani kabi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash huquqi davlat yong‘in nazorati organlariga berilishi nazarda tutilyapti.

Xalq vakillarining ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mavjud amaliyotning bir qancha xususiyatlarini o‘zgartirib, yong‘inlar profilaktikasining va tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirishga, shuningdek, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy ta’sir ko‘rsatish choralarining yanada samarali qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu kuni birinchi o‘qishda “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomil lashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlanmoqda. Natijada dori vositalari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi chog‘ida “Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom” asosida uning retseptsiz yoki retsept asosida berilishiga oid toifasi aniqlanadi. davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan dori vositasi avtomatik shaklantirilib boriladigan ro‘yxatda qayd etilib, ochiq veb-saytda joylashtiriladi.

Qonun loyihasida taklif etilayotgan yangiliklar sohadagi ayrim takrorlanuvchi va byurokratik talablarni bekor qilish orqali aholini sifatli, xavfsiz, samarador va arzon dori vositalari bilan ta’minlash darajasining oshishiga xizmat qilishi aytildi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Navbatdagi masala — “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Qonun loyihasi bilan tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan ish o‘rinlari soniga qarab, to‘lanadigan soliqlarni pasaytirilgan stavkalarda hamda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga imkoniyat berish ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu loyiha Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlariga bevosita bog‘liq bo‘lganligi uchun fraksiya a’zolari dushanba kuni o‘tgan fraksiya yig‘ilishida muhokama qilib, soliq ma’murchiligi soddalashishi, Soliq kodeksi normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi bandlik o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlashgandi.

Loyiha hayotiyligi inobatga olinib, deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarz majburiyatlarini mutanosib ravishda so‘ndirilishini nazarda tutuvchi tartib belgilanmoqda.

Shuningdek, kredit bo‘yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kredit bo‘yicha foizlar, shuningdek, neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishiga oid o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga mikromoliyalashtirish faoliyati deb e’tirof etiladigan mikroqarz berishning eng yuqori miqdorini ellik million so‘mdan yuz million so‘mgacha oshirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, uning qabul qilinishi aholi va tadbirkorlar uchun qator qulayliklar Yaratishini, aholi kambag‘allikka tushib qolishining oldini olishga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanini e’tirof etdilar.

Yalpi majlisdagi keyingi masala “Xalqaro mehnat tashkilotining ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1949 yil 1 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Ushbu xalqaro hujjat mehnat uchun munosib ish haqini o‘z vaqtida olish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishda muhim ahamiyatga ega. Loyiha qo‘llab-quvvatlandi.

Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan o‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi qonunchilikka “yashil energiya” sertifikatlari tushunchasini kiritish hamda bunday sertifikatlarni berish va muomalaga kiritish tartibiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolati Vazirlar Mahkamasiga berilishi nazarda tutilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat “Yashil energiya” sertifikati sifatida qayd etilishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, quvvati 300 kvt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tizimiga ulash maxsus vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyingina amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga “Yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlar foyda solig‘idan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini beradi.

2024 yilda biz palataning faoliyatida yangicha ruh, yangicha yondashuv, ishtiyoq va zafarli tashabbuslarni kutib qolamiz. Boshlanadigan yangi kundan, yangi yildan yaxshilik kutish o‘ziga xos qadriyatlarimizdan biridir.

 

Ahmad Qurbonov,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 27.12.2023, №51-52

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish