Kutilgan yil bo‘lishini istaymiz!

 

2024 yil mamlakatimizda «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili», deb e’lon qilindi. Davlat rahbarining xalqimizga yo‘llagan Yangi yil tabrigidagi niyat, g‘oya va fikrlarni tinglab, kimning ko‘nglidan qanday gaplar o‘tgani, albatta, qiziq. Deputatlar, hududiy partiya tashkilotlari yetakchilari, mahalliy Kengashlar deputatlari, yoshlar o‘z o‘y-fikrlari bilan bo‘lishdi.

 

Xayrli amallar ko‘payaversin!

Guliston ANNAQILICHEVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri:

— 2024 yilga yaxshi kayfiyat, yanada katta kuch, yangi tashabbuslar bilan qadam qo‘ydik. Zimmamizda jiddiy va mas’uliyatli vazifalar turibdi.

Bu yil mamlakatimizda «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili», deb e’lon qilinganini eshitganimda, to‘g‘risi, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Tabiiyki, yoshlarga bo‘lgan e’tibor har tomonlama kuchayadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, biznes, ishlab chiqarish kengayadi.

Davlatimiz rahbarining yangi yil tabrigida yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida aytgan ustuvor yo‘nalishlari Qoraqalpog‘istonda rejalashtirilayotgan keng ko‘lamli ishlarda dasturulamal bo‘lmoqda.

Aytish kerakki, 2023 yilda ham ko‘p xayrli ishlar amalga oshirildi. Aholining hamma qatlami uchun imtiyoz va imkoniyat eshiklari ochildi. Hayot darajasi ko‘tarildi. Yo‘llar, ko‘priklar, shifoxonalar, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalar, obod qishloqlar bunyod etildi. Ehtiyojmand aholi, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash borasida rejali ishlar olib borildi.

Barcha hududlarda bo‘lgani kabi bizning ovul va qishloqlarimizda, shaharlarimizda ham yoshlar o‘rtasida bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatildi. Bularni e’tirof etmasak bo‘lmaydi, albatta.

O‘tgan yili banklar tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlarga 300 mln so‘mdan ortiq kreditlar ajratilgan edi. Bu yil esa bu miqdorning yanada ko‘payishi uchun aniq dastur va rejalar ishlab chiqilmoqda.

Bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan bu yil 10 mingdan ortiq yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Minglab yigit-qizlarga kasb-hunar, tadbirkorlikka yo‘naltiriladigan zamonaviy kasblar o‘rgatiladi. Ilg‘or fikrlaydigan, bunyodkor g‘oyalar bilan yashaydigan yoshlarimiz safi yanada kengayadi. Bu albatta, jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishda muhim poydevor bo‘ladi.

Endi tasavvur qiling, bu orqali qanchadan-qancha iqtidorli yoshlarimiz kashf etiladi, iste’dodini namoyon etadi. Bu qobiliyatli yigit-qizlarimizning ruhiyatiga ham sokinlik olib kiradi, deb o‘ylayman. Chunki inson o‘zi qiziqqan ish bilan shug‘ullansa, undan faqat rohatlanadi.

Joriy yilda loyihalarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni sarflash hisobiga ish o‘rinlari yaratish maqsadida kredit oluvchilarning 1292 nafari hisobga olingan. Ularga 1 mlrd so‘mgacha kreditlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Xullas, xalqimizning yangi 2024 yildan umidi juda katta. Ishlayman, tajribamni oshiraman, biznes qilaman, ish o‘rni yarataman, degan kishi uchun imtiyozlar, imkoniyatlar yetarli. Faqat salohiyatni namoyon etib, belni mahkam bog‘lashda hamma gap. Intilish, izlanish, imkoniyat bor joyda farovonlik sari qo‘yilayotgan ulug‘ maqsadlarning oydin eshiklari albatta, ochiq bo‘ladi.

 

Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari

Olim RAVSHANOV,

O‘zXDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat kengashidagi partiya guruhi rahbari:

– Yangi O‘zbekistonni qurar ekanmiz, fikrlashi, hayotga munosabati butunlay o‘zgacha bo‘lgan, muammolardan qo‘rqmaydigan, ruhiyati tetik yangi avlodni voyaga yetkazishdek tarixiy burch, ulkan mas’uliyatli vazifa zimmamizda turibdi. Buning uchun yoshlarga e’tibor kerak, ta’limga, tarbiyaga yondashuv tubdan o‘zgarishi kerak.

Keyingi yillarda amalga oshirilgan izchil islohotlar ushbu sohada yillar davomida to‘planib qolgan tizimli, aytish mumkinki, eski muammolarni tugatib, yangi davr poydevorini bunyod etish uchun mustahkam zamin yaratdi, desak xato bo‘lmaydi.

Hozir mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yoshlar kirib kelmoqda. Demak, yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan masala.

Bir narsani ochiq tan olishimiz kerak. Biz ko‘p yillar mobaynida bu yo‘nalishda haqiqiy holatni ochiq tan olmay keldik, real vaziyat qog‘ozdagidan farq qilgan hollar ko‘p bo‘ldi, o‘zimizni aldadik. Deputatlik nazorati olib borganimizda bunga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Oqibatda, nima bo‘ldi? Yoshlarni ish bilan ta’minlash, qobiliyatlilarga real imkoniyat berish masalasi parda ortida qolaverdi. Natija esa achchiq: bugun yoshlarga ish kerak. Endilikda ana shu achchiq haqiqat ish stolining ostidan stol ustiga olib chiqilgani bilan ahamiyatlidir.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 976 661 nafar yoshlar bor. O‘tgan yili ularning 39567 nafari ish bilan ta’minlandi. Hozir 43957 nafar yigit-qizlarni ish bilan ta’minlash vazifasi oldimizda ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Ushbu raqamning o‘zi ham masalaga tizimli yondashuv kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ayrim hududlarda sanoat korxonalari va klasterlarda doimiy vakant ish o‘rinlari mavjud. Lekin qo‘lidan ish keladigan yoshlar bundan bexabar bo‘ladi. Demak, biz vositachi bo‘lishimiz kerak. Vakant ish o‘rinlarini o‘rganib, saylov okruglariga chiqqanimizda bu haqida ishsiz yoshlarga ma’lumot berishimiz, ularning qiziqishi va qobiliyatiga qarab ishga joylashtirishga bosh-qosh bo‘lishimiz zarur. To‘g‘ri, o‘tgan yili ham, oldingi yillarda ham bu borada tizimli ishlar olib borildi, tajriba ham to‘pladik. Endilikda ushbu faoliyatimizni yanada kuchaytirish zarur, deb o‘ylayman.

Bugun har bir mas’ul idora rahbari o‘z vazifalarining eng avvaliga yoshlar bilan ish olib borishni qayd etib qo‘ygani aniq. Chunki zamon, davlatimiz rahbarining talabi shu. Shundan kelib chiqib, biz ham ushbu yo‘nalishda chora-tadbirlar rejasini belgilab oldik. Endilikda har bir deputat har hafta yoshlar bilan uchrashadi, biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yigit-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka o‘qitishda faol qatnashamiz, ular bilan yelkama-yelka turamiz, muammolarni birgalikda hal etamiz.

 

Yoshlar bilan birgamiz!

Muxsiddin NIZOMIDDINOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:

— To‘g‘risini aytganda, 2024 yil bizning yilimiz bo‘lgani har bir yoshning qalbini hayajonga, faxr va iftixorga to‘ldirdi. Ko‘plab tengdoshlarim qatori men ham o‘zimni omadli yoshlardan biri hisoblayman. Yoshlar uchun imkoniyatlar eshigi shunchalik ochiqki, buni e’tirof etmaslik katta xatodir.

Yoshlar bilan ishlash, ularning orzu-maqsadlarini amalga oshirishga ko‘maklashish O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng ustuvor vazifalaridan biridir. Yigit-qizlarning ehtiyojlarini ta’minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, o‘tgan yili «Safimizdagi yoshlar» loyihasi doirasida partiya tizimida ishlab, davlat tashkilotlarining yuqori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar bilan 845 ta uchrashuv tashkil qilindi. Loyiha doirasida alohida e’tiboriga muhtoj 396 nafar yoshlar deputatlarga biriktirilib, ular bilan individual ish olib borildi, 2725 nafar ishsiz yoshlarga hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. 3503 nafar yoshlar qayta kasbga-hunarlarga tayyorlash bo‘yicha yo‘naltirildi. Nogironligi bo‘lgan 1216 nafar yoshlarga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Hozir partiyamizga 228 648 ming nafar yoshlar a’zo. Ular bizning yetakchi kuchimiz, ilg‘or g‘oyamizdir. Biz ularga tayanamiz va suyanamiz.

Ijtimoiy hayotimiz, mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida har bir yoshni mustaqil fikrlaydigan, jamiyatda faol, qiyinchiliklarni qo‘rqmasdan yengib o‘ta oladigan shaxs sifatida kamolga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Xalqimiz turmushini yanada yaxshilaydigan, mamlakatimizning mavqeini oshiradigan, jahondagi ilg‘or taraqqiyot va rivojlanish tendensiyalarini barcha sohalarga olib kira oladigan yangi avlod kadrlari o‘z-o‘zidan yetishib chiqmaydi, albatta. Buning uchun yoshlar bilan ko‘proq ishlash kerak, ularning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni yanada kuchaytirish, muammolarini hal etish, orzu-maqsadlari sari intilishlarini faol qo‘llab-quvvatlash kerak, albatta.

Partiyamiz tashabbusi bilan ushbu amaliy ishlarni davom ettirgan holda faol yoshlarimiz, partiyamizning Yoshlar parlamenti a’zolari va joylardagi deputatlarimiz bilan hamkorlikda mehnat bozoridagi talabni o‘rganish va aniqlangan mutaxassisliklar bo‘yicha yoshlarimizni ustoz-shogird an’anasi asosida kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilyapti.

Hududlarga chiqib, uyma-uy yurib, aholi, xususan, yoshlarning muammolarini o‘rganish va hal etish ishlarida yosh deputatlarimiz, faol yigit-qizlarimiz ko‘pchilik.

Joriy yilda ham rejalarimiz juda katta. Yoshlar bilan ko‘proq ishlaymiz, har bir mahallaga, kerak bo‘lsa, har bir xonadonga kirib boramiz. Yigit-qizlar bilan ularning yonida turib ishlaymiz, muammolarini o‘rganamiz, deputatlarimiz ko‘magida hal etamiz. Hozir yangi loyihalar ustida ishlayapmiz. Maqsadimiz – har bir yosh hayotda o‘z o‘rnini topsin, o‘qisin, orzularini qo‘rqmasdan amalga oshirsin!

 

O‘zbekistonning bebaho xazinasi

Sherzod RAHMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— 2023 yil tarix zarvaraqlarida muhrlanib qoldi. Ayniqsa, yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, bandligi va tadbirkorligiga ko‘maklashish, sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi.

O‘tgan davrda yoshlar bilan bog‘liq yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha esa mutlaqo yangi – vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Yurtimizdagi barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Bu tizim orqali mahallada yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar berildi. Biznesni boshlash istagida yurgan ming-minglab yoshlarga amaliy yordam berildi, imkoniyatlar, imtiyozlar yanada kengaydi.

Joriy yilga «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» deb nom berilishi zamirida ham chuqur ma’no mujassam. Bu yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ustuvor ahamiyat qaratiladi, yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi, degani.

Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dolzarb masalalar hali ham ko‘p. Eng muhim vazifamiz, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berishdan iborat, albatta. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda yoshlar bilan ko‘p muloqot qilamiz. Hududlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarishning qaysidir turiga qiziqishi bor, iste’dodli, qobiliyatli yoshlarimiz juda ko‘p. Faqat ularga huquqiy maslahat, moliyaviy tomondan ko‘mak kerak. Biz yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak, ular nafaqat daromad topadi, balki, atrofidagi tengdoshlarini ham ishli qiladi, bu orqali hududlarda infratuzilma rivojlanadi.

«O‘zbekiston—2030» strategiyasida yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangani e’tiborga molik. Xususan, 400 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash va muammolarini hal etishga erishish, yoshlarning ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

Ishonchim komilki, yangi yilda ham iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

 

Yangi marralarga ruhlantirdi

Nurmurod SIROJOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Yoshlar parlamenti a’zosi:

— Esingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbarining mamlakatimiz Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati 2016 yil 14 sentabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonun edi. O‘shanda biz yoshlar uchun imkoniyatlar yanada kengayishi, bugunimiz, kelajagimiz uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishiga to‘liq ishonganman va bundan juda quvongandim. Bizni har yili yaxshi yangiliklar, imkoniyatlar bilan xursand qilmoqda.

Yigit-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Jumladan, minglab talabalarga ta’lim krediti berildi, qanchadan-qancha xotin-qizlar magistraturada bepul o‘qimoqda. Minglab ehtiyojmand talabaga kontrakt pullari xarajatlari to‘lab berildi, yana qancha talabaga uy-joy ijarasi to‘lovi ajratildi. «Yoshlar daftari» orqali yigit-qizlarga muntazam yordam ko‘rsatilmoqda.

2024 yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori ko‘paytiriladi. Xotin-qizlar va nuroniylarni, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat beriladi, ijtimoiy sohalar rivoji mutlaqo yangi bosqichga ko‘tariladi.

Albatta, davlatimiz rahbarining tabrigida aytilgan gaplar, tilga olingan masalalarning naqadar dolzarbligidan men juda quvondim.

 

Ayollarga e’tibor – jamiyat kelajagiga e’tibordir!

Shohista NABIYEVA,

O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:

— Hammamiz xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor yildan yilga kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ularning oiladagi va jamiyatdagi mavqeini oshirish, og‘irini yengil qilish, huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda. Bunda ayollarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etish alohida ustuvorlik kasb etmoqda. Natijada bugun xotin-qizlarimiz nafaqat farzand tarbiyasida, balki turli sohalarda, mahallalarda fidoyilik ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, e’tibor va e’zoz samarasini har bir ayol o‘z hayoti, oilasi misolida his qilmoqda.

Masalan, to‘lov kontraktda o‘qiyotgan xotin-qizlar foizsiz ta’lim krediti olish huquqiga ega bo‘ldi. Ayrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma berilyapti. Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berilyapti. Umuman olganda, imtiyozlar juda ko‘p, imkoniyatlar ham keng, hamma gap ulardan oqilona foydalanishda.

Kirib kelgan yangi 2024 yilda ham biz ayollarga e’tibor kuchayishini eshitib, rosti boshim osmonga yetdi. Davlatimiz rahbari xalqimizga yo‘llagan Yangi yil tabrigida xotin-qizlar va nuroniylarni, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat berilishini alohida ta’kidladi. Demak, «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da ham hammamiz, mamlakatimizdagi yoshu-qari davlatimiz g‘amxo‘rligini doim his etib turishadi. Bu xalqimizning ruhini ko‘tarishi aniq. Ruhi baland kishining esa maqsadi ham ulug‘, qadami qat’iyatli bo‘ladi. Bunday odamni yengib bo‘lmaydi.

Islohotlarga hamohang tarzda biz ham yoshlar, xotin-qizlar va ehtiyojmand insonlar bilan yelkama-yelka turish bo‘yicha yangi rejalarni belgilab oldik. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan, ish bilan ta’minlanmagan xotin-qizlar muammolarini manzilli o‘rganib, ularga ko‘mak berish ishlarini tubdan takomillashtirmoqchimiz. Boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan ayollar, pensionerlar, yolg‘iz keksalar huquqlari bilan bog‘liq qonunchilik ijrosini yanada chuqurroq o‘rganib, amaliy natijalarga erishish muhim vazifalarimizdan biridir.

 

Yana nimalar reja qilinmoqda?

Inoyatxon HOSHIMOVA,

O‘zXDP Andijon viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:

— Hech kuzatyapsizmi, yildan-yilga odamlarimizning hayotga ishtiyoqi, orzu-niyatga intilish shashti ortib boryapti. Bu nimadan? Albatta, qadrdan. Inson manfaati ustuvor bo‘lgan joyda odamning qadri bo‘ladi. Xalqi qadrlangan mamlakatning esa, qaddi ham baland bo‘ladi.

So‘nggi paytlarda olib borilayotgan islohotlar, qaror va farmonlarda o‘z ifodasini topayotgan masalalar aslida xalqimizning qalbida saqlab yurgan orzulari emasmi?! Bir misol, bundan bor-yo‘g‘i 5-6 yil avval oliygohlarda qancha xotin-qiz o‘qirdi? Ularga qanday qulaylik bor edi? Hozir qancha yangilik bor? Hozir oliygohlarda o‘qiyotgan qancha? Kamida 4—5 barobarga ko‘p. To‘g‘risi, xotin-qizlar uchun ta’lim sharoitlarini kengaytirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy qarorlar, ezgu tashabbuslar bir paytlar yetti uxlab tushimizga ham kirmasdi-ku.

Xotin-qizlar manfaatini himoya qilish, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish maqsadida biz ham joriy yildagi rejalarimizni belgilab oldik. Jumladan, ayollarimizning o‘z biznesini tashkil eti shi, biznes g‘oyalarini tayyorlashga yordam berish, uzoq vaqt davomida bola tarbiyasi bilan band bo‘lgan, og‘ir iqtisodiy ahvolga tushib qolgan ayollarni talab katta bo‘lgan kasbga tayyorlashda faol ishtirok etishni maqsad qildik.

Aslida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash ko‘p muammolarning oldini olishga xizmat qiladi. Oilaviy kelishmovchilik, oilaviy ajrimlar hamda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik kabi illatlarning kamayishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Ezgu ishlar ko‘paysa, qancha xonadonlarga quvonch kiradi, qancha-qancha odamlarning hayot darajasi va sifati o‘zgaradi, yuzlab, minglab ayollarimizning ruhi ko‘tarilib, ularning o‘ziga, hayotiga, baxtiga ishonchi mustahkamlanadi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Laziza SHEROVA tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 10.01.2023, №1

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish