Dastur va amal: O‘zbekiston XDP muhim maqsadiga erishdi
Dastur va amal: O‘zbekiston XDP muhim maqsadiga erishdi

 

«Yangi O‘zbekistonda – yangi saylovlar» shiori ostida 2019 yilgi parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar yangicha ruh va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgandi. O‘shanda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida bir qator muhim tashabbuslarni amalga oshirishni rejalashtirgan edi.

Oradan 5 yilga yaqin vaqt o‘tmoqda, yangi saylovlar ostonasida turibmiz. Partiya dasturida belgilagan ustuvor maqsadlarga qanchalik erishmoqda, degan savol juda dolzarb. Saylovchilar, jamoatchilik, albatta, bu savolga javob kutadi. Xalq demokratik partiyasi mas’uliyatni anglagan holda, amaliy natijalar uchun intilib kelmoqda.

Saylovdan keyin asosiy 12 qadam belgilab olingan edi. Partiya deputatlik korpusi orqali ularga qanday erishayotgani haqida aniq fakt va dalillarni tahlil qilishni boshlaymiz.

Bugun BIRINCHI QADAM xususida so‘z yuritamiz.

O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida aholi turmush darajasini belgilashda, ijtimoiy siyosat va davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib joriy etishda, shuningdek, mehnatga haq to‘lash, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning eng kam darajasini belgilashda xalqaro hamjamiyatda umumqabul qilingan ko‘rsatkichlar, ya’ni yashash minimumi hamda uni qo‘llash tartibini amaliyotga kiritish zarurligini belgilab olgan edi.

 

Tashabbusning dolzarbligi

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining (avvalgi tahrir) 39-moddasida «pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas»ligi qayd etilgan, biroq ushbu Konstitutsiyaviy norma amalda 27 yildan beri ishlamay kelayotgandi.

Ikkinchidan, mamlakatimizda yashash minimumini aniqlashning huquqiy mexanizmlari va mezonlarning yo‘qligi, to‘g‘rirog‘i, shu vaqtgacha belgilanmagani o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarga haqiqatda muhtoj oilalarni aniqlab olishga imkon bermayotgandi.

Bu Xalq demokratik partiyasi uchun o‘ta muhim masala edi. Kambag‘allikni qisqartirish, bu boradagi ishlarni sifatli va samarali tashkil etish bir qator omillarga bog‘liq. Shulardan eng muhimi kambag‘allikni belgilovchi mezonlarni aniqlashtirib olishdir. Bunday mezon bo‘lmasa, aslida kim, nima uchun kambag‘alligini aytishning o‘zi asosli emasdi.

 

Minimal iste’mol xarajatlari o‘zi nima?

Minimal iste’mol xarajatlari (MIX) – moddiy va boshqa ijtimoiy yordamga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlash mezoni hisoblanadi. MIX orqali kambag‘allik chegarasi belgilanadi. Moddiy imkoniyati shu chegaraga yetmagan yoki undan past oilalarga davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy ko‘mak beriladi.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklarga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlash;

mamlakat kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;

kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;

pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatish uchun foydalaniladi.

 

Amaliy ishlar

2020 yilning 3 iyun kuni Prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2020 yil 1 oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor bo‘yicha huquqiy asoslarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Shu yili minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash uchun respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilib, ular 10 ta guruhga bo‘lindi va ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat va daromadga ega bo‘lgan 30% uy xo‘jaliklari ajratildi.

So‘rovnoma natijasida olingan ma’lumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar 2021 yilda kishi boshiga 440 ming so‘mni tashkil etishi belgilandi.

2021 yiy 27 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

Shu tariqa mamlakatimizda minimal iste’mol xarajatlari amaliyotga joriy qilindi. Bu kambag‘allik chegarasini aniqlashga ham asos qilib olindi.

Boshqachasiga aytganda, minimal iste’mol xarajatlarini belgilash orqali «kambag‘allik» tushunchasining ham mohiyati, uning aniq chegarasi haqida odamlarning ongida tasavvur paydo bo‘ldi.

 

Natijalar qanday bo‘ldi?

Minimal iste’mol xarajatlarining joriy etilishi ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarning eng kam darajasini qayta ko‘rib chiqish imkonini berdi. Bu 2021 yil o‘zida nogironlar, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun eng kam pensiya va nafaqalar miqdori 10 foizdan 50 foizgacha oshirilishiga olib keldi.

Faol ijtimoiy siyosat yuritishga zamin yaratildi. Natijada bugungi kunga kelib 2 mln dan ortiq odam ijtimoiy nafaqa olyapti.

Kambag‘allik chegarasi belgilandi. Endi kim, nima uchun kambag‘al ekanligi oydinlashdi. O‘z-o‘zidan kambag‘allik darajasini qisqartirish bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirila boshlandi. Masalan, rasmiy ma’lumotlarda keltirilgan raqamlarga e’tibor bersak, kambag‘allikka qarshi kurashning yangi tizimi yaratilgan 2021 yilda kambag‘allik darajasi 17 foizni tashkil qilgan. Bu 2021 yilda O‘zbekiston aholisining 6 millionga yaqini kambag‘alligini anglatardi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11 foizni tashkil qilmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar Xalq demokratik partiyasining bu boradagi g‘oya va maqsadlari amalga oshib borayotganini anglatadi.

 

Davlatning ijtimoiy mas’uliyati oshmoqda

Joriy yil boshidan minimal iste’mol xarajatlari miqdori yangilandi, 621 ming so‘m etib belgilandi. Bu qotib qolgan raqam emas va u har yili chuqur tahlillar asosida doim yangilanib boradi.

Eng asosiysi, yaqin yillargacha umuman yo‘q bo‘lgan tizim bugun bor, amaliy natijalar berib, millionlab yurtdoshlarimizga foydasi tegmoqda. Davlatning ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lishini ta’minlamoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, MIX miqdorining oshirilishi natijasida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali qo‘shimcha 63 ming nafar kam ta’minlangan oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlanishi kutilmoqda.

MIX qiymati qayta ko‘rib chiqilishi natijasida joriy yil yakuniga qadar nafaqalar uchun davlat budjetidan qo‘shimcha 216 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Mazkur nafaqalarni qayta hisoblashda fuqarolarning murojaati talab etilmaydi.

 

Muntazamlik zarur

«Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, Statistika agentligi minimal iste’mol xarajatlari va kambag‘allik darajasini hisobot yilidagi inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20 yanvariga qadar e’lon qilib borishi kerak. O‘tgan 2023 yilda minimal iste’mol xarajatlarini belgilash kechikib, iyul oyida e’lon qilindi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar esa deyarli 6 oy davomida ijtimoiy yordamlarni eski 2022 yilgi ta’rif bo‘yicha olishdi.

Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Partiyaning parlamentdagi fraksiyasi elektorat manfaatlari, dasturiy maqsadlari ijrosi bilan bog‘liq muhim masalalarda doimiy diqqat va nazoratni unutmasligi muhim.

 

Keyingi qadam

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 46-moddasida pensiya va nafaqalar miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi belgilangan.

Mana shu konstitutsiyaviy tayanch asosida minimal iste’mol xarajatlari to‘g‘risida qonun qabul qilish, barcha tartib-qoidalarni alohida qonun bilan yanada va qat’iy belgilab qo‘yish vazifasi turibdi. Xalq demokratik partiyasining bu masalada ham amaliy natijaga erishishiga ishonish mumkin.

Demak, partiya Saylovoldi dasturidagi eng muhim maqsadlardan biri amalga oshdi, minimal iste’mol xarajatlari rasman belgilanib, xalqimizga foydasi tegmoqda, davlatning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish kafolatlaridan biriga aylanmoqda.

 

Ahmad QURBONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 7.02.2023, №5

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Saylov Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish