Yoshlar minbari: Partiyamiz dasturiga takliflarim bor!
Yoshlar minbari: Partiyamiz dasturiga takliflarim bor!

 

Saylov – falsafiy qarashlar emas, fundamental o‘zgarishlarga maydon yaratadigan jarayon. Fikrlar natijadorligi ko‘z oldimizga kelishi kerak.

Saylov jarayoni institut, uning faoliyatiga saylovchi baho berishi, fikr bildirishi uchun sharoit yaratilishi kerak. Ko‘pchilik ommaga ta’sir o‘tkazadigan fikr esa siyosiy fikrdir.

Mamlakatimizda saylov natijalari asosan yoshlarning ishtirokiga bog‘liq. Men yoshlarning saylovlardagi ishtiroki shiorlarni ko‘tarib, siyosiy tashviqot ishtirokchisi bo‘lish bilangina emas, balki adolatli jamiyat qurish bilan bog‘liq g‘oya va takliflari, siyosiy pozitsiyalarini qat’iy bildirishi orqali yuzaga chiqishini istar edim. Umumiy saylovlar demokratiyaning vositasi emas, muvaffaqiyat kaliti bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston XDP a’zosi, o‘tgan chaqiriqlarda deputat sifatida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lgan hamda joriy yildagi saylovlarda o‘z nomzodimni ilgari surish istagida bo‘lgan fuqaro sifatida Saylovoldi dasturida yoshlar siyosatining amaliy ifodasiga qaratilgan ustuvorliklar joy olishini istayman.

Birinchi masala. Yoshlar siyosatining maqsadi va ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilanishi muhim. O‘zbekistonda bir emas, o‘nlab yoshlar birlashmalari, jamoat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatishi lozim. Qo‘llab-quvvatlov bilan bir-ikki davlat va nodavlat tashkilotlarigina faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bu borada ijtimoiy buyurtmalarni shakllantirish, loyiha uchun mablag‘ ajratish hamda ijrochilar o‘rtasida ochiq tanlov e’lon qilishi kerak. Shunda tanlovda g‘olib bo‘lgan tashkilot natija uchun ishlaydi.

Zamon globallashayotgan bir davrda raqamli dunyoga informatsion, mafkuraviy mudofaa zarur va bu borada yoshlar ayni voqelikni to‘liq idrok etishlari uchun erkinlik berish kerak. Erkinlik demokratik tartibga turtki bo‘ladi.

Ikkinchi masala. Bugungi kunda yoshlarga oid jami 15 ga yaqin O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 20 ga yaqin Prezident farmoni, 30 ga yaqin Prezident qarori, 70 dan ortiq Vazirlar Mahkamasi qarori, shuningdek, 2 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat amaliyotga tatbiq etilgan.

Yoshlarga imtiyoz va imkoniyat yaratuvchi normalar ko‘pligi yaxshi, albatta. Biz bundan, to‘g‘risi, quvonamiz. Yoshlarga oid jami 130 tadan ortiq me’yoriy hujjatlar integratsiya qilinishi lozim. O‘zbekiston XDPning bo‘lajak Saylovoldi dasturida «Yoshlar kodeksi»ni ishlab chiqish taklifi bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

Uchinchi masala. Yoshlar siyosatini amalga oshirishda asosiy sansalorlik ijro mexanizmida yuzaga kelmoqda. Yoshlarning ishga joylashishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar bor. O‘zi xohlagan mutaxassislikni egallash uchun mablag‘ning yo‘qligi, ochiq raqobat maydoni shakllanmaganligi, ota-onaning qistovi, xohish-irodasidan kelib chiqib, kasb tanlash kabi omillar xotin-qizlar hayotida ikki baravar ko‘proq kuzatiladi. Bu masalalarga ham e’tibor zarur.

To‘rtinchi masala. Yoshlar yurt bilan, ona tabiat bilan uyg‘unlikni his etishi lozim. Bunda, birinchi navbatda, tabiatni asrab-avaylash, ichimlik suvi isrofining oldini olish, havo ifloslanishini yuzaga keltiradigan zararli oqibatlarni bartaraf etish zarur. Bu borada partiyamizning bo‘lg‘usi dasturida «Yaxshi ekologik siyosat yaxshi iqtisodiy siyosatdir» nomli yo‘nalishda maqsadlar ilgari surilishi kerak.

Beshinchi masala. Partiyamiz elektorati bo‘lgan nogironligi bo‘lgan yoshlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish e’tiborimizdan qolmasligi kerak. Masalan, oliy ta’lim muassasalarida maxsus kvota asosida o‘qigan nogironligi bor yoshlarning davlat tashkilotlarida ish bilan ta’minlanish mexanizmi to‘liq va samarali ishlashi kerak. Nogironligi bor yoshlarning hududlardagi infratuzilma, ta’lim, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, madaniy meros obyektlari, ko‘ngilochar jamoat maskanlaridan foydalanishi uchun qulayliklar yaratilishi ham dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega.

Umuman, saylovlar yilida oldimizda hali o‘z javobini kutib turgan savollar, amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan vazifalar bisyor. Men yoshlarni faol va dadil bo‘lib, o‘z fikrlari, taklif-mulohazalarini bildirishga chaqiraman.

 

Shohruh O‘KTAMOV,

O‘zbekiston XDP «Yoshlar qanoti» faoli,

Yoshlar parlamenti a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 7.02.2023, №5

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish