Yashirin iqtisodiyotga yo‘l qo‘ymaydigan tizim joriy etiladi
Yashirin iqtisodiyotga yo‘l qo‘ymaydigan tizim joriy etiladi

 

Yashirin iqtisodiyot nima va uning qanday zararlari mavjud? Ana shular haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Shunisi aniqki, oxirgi paytlarda tez-tez qulog‘imizga chalinayotgan bu tushunchaning davlatga, mamlakat iqtisodiga va albatta, jamiyatga salbiy ta’siri sizu biz tasavvur qilgandan ancha baland.

Shundan kelib chiqib, mazkur holatga qarshi kurashish choralari ham yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda qabul qilingan “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmon ham shular jumlasidandir. Farmon bilan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Bunga sabab nimada, degan savolga javob berishdan oldin, yashirin iqtisodiyot tushunchasiga ta’rif berib olaylik. Avvalambor aytish kerakki, “yashirin iqtisodiyot”ning xalqaro e’tirof etilgan yagona tarifi hamda uning ko‘lamini aniqlashning aniq usullari mavjud emas. Ikkinchidan, “yashirin iqtisodiyot” atamasi adabiyotlarda “norasmiy iqtisodiyot”, “xufiyona iqtisodiyot”, “soyadagi iqtisodiyot” va boshqa turli nomlar bilan ham yuritiladi. Yashirin iqtisodiy faoliyat asosan latent, ya’ni yashirin xususiyatga ega bo‘lib, uni amalga oshirish usullari doimiy o‘zgaruvchanlik, murakkablashib borish, turli sxemalar orqali sodir etilishi kabi xususiyatlarga ega. Bundan kelib chiqadiki, bu turdagi holatlarni aniqlash va fosh etish juda ham murakkab, biroq imkonsiz emas. Asosiysi, bu turdagi “iqtisodiy faoliyat”ni aniqlovchi idoralar bor.

Masalan, yurtimizda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bilan 14 ta organ shug‘ullanadi. Lekin “xufyona iqtisodiyot”ni kamaytirishda maqtanishga arzigulik ishlar qilinmadi. Xo‘sh, nega? Chunki tarqoq holda ishlab kelayotgan idoralar bir-birining funksiyasini takrorlamoqda. To‘g‘ri, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashadigan organlar sonining ko‘pligi bir qarashda yaxshi. Ammo amalda samara bermadi. Shundan kelib chiqib, tizimda samaradorlikni oshirish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytirilmoqda. Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning vakolatlari to‘liq departamentga o‘tkazilib, eng zamonaviy axborot tizimlari, maxsus vositalar bilan ta’minlanishi belgilandi.

Farmonda yashirin iqtisodiyot ko‘lamini keskin qisqartirish orqali mamlakatda sog‘lom raqobat va xususiy biznesni rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot shakllanishining turli sxemalari, xufiyona ishlab chiqarish va noqonuniy moliyaviy oqimlarga barham berish nazarda tutilgan. Shu orqali iqtisodiy barqarorlikni va aholi farovonligini ta’minlash, iqtisodiyotdagi xufiyona aylanmalarga qarshi kurashuvchi davlat organlari faoliyatining aniq yo‘nalishlarini belgilash imkoni yuzaga keladi. Natijada ularning mas’uliyati va javobgarligini oshirish, qonunga itoatkor tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yashirin iqtisodiyotni repressiv yo‘l bilan emas, balki ularni rag‘batlantirish mexanizmlari va amaliy ko‘mak berish orqali ko‘lamini kamaytirish amaliyoti shakllanadi. Shuningdek, jazolov choralarini kuchaytirishdan voz kechgan holda, insofli tadbirkorni himoya qilish, ularga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish hamda biznes rivojiga to‘siq bo‘luvchi korrupsion omillarga barham berish vazifalari ilgari surilgan.

Farmondan ko‘zlangan asosiy maqsad insofli tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Mazkur maqsadga soliq tushumlarini oshirish, ish samaradorligini yaxshilash, xodimlar huquqlarini himoya qilish, nosog‘lom raqobatga barham berish hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirish bilan erishish bayon qilingan.

Ushbu vazifalarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga, xalqimiz turmush farovonligi yuksalishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

 

Muxsiddin NIZOMIDDINOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi yoshlar sektori rahbari,

Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari.

«O‘zbekiston ovozi», 7.02.2023, №5

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Yoshlar qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish