Davlat dasturi loyihasi mazmun mohiyati talaba yoshlarga tushuntirildi

 

O‘zbekiston XDP Mirzo Ulug‘bek tuman kengashi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston-2030" strategiyasini 2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar va tuman kengashi deputatlari, partiyaning Toshkent shahar kengashi xodimlari, universitet professor o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Yusufjonov Odil Abdugafurovich ochib berdi. O‘z so‘zida mamlakatimizda yoshlar masalasi hamisha kun tartibida ekani, ularning bilim olishlari, kasb-hunarli bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha sharoit hamda imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi. O‘z navbatida talaba yoshlar ham mana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda yurt tinchligi, vatan ravnaqi yo‘lida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlari kerakligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, tadbirda Davlat dasturida nazarda tutilayotgan, jumladan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maqsad-vazifalar alohida qayd etildi.

– Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston-2030" strategiyasining 5 ta yo‘nalishi kesimida 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati belgilanmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, akademik Shamansur Sagdullayev.

Unga ko‘ra, 2024 yilning 1 martidan boshlab, mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida iste’dodli va iqtidorli yoshlar vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktiriladi. Mazkur rahbarlar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash va hayotda o‘z o‘rnini topishiga har tomonlama ko‘maklashib borishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, “Kelajak kasblari” loyihasini tashkil qilish orqali o‘quv markazlari bilan hamkorlikda yoshlarni 3D modellashtirish, robototexnika, mobilografiya, marketing, grafik-dizayn, animatsiya kabi zamonaviy yo‘nalishlarda o‘qitish, tanlov asosida kelajak avlodning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalarini saralash kabi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doir muhim vazifalar belgilanayotgani e’tiborga molik.

Davra suhbatida deputatlar, partiya vakillari va faol yoshlar hujjat loyihasi yuzasidan o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi. Xususan, ishsizlar, yoshlar, nogironlar, boquvchisini yo‘qotganlar, kam ta’minlangan aholi va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning balansini shakllantirish hamda ularni mahalla raislari orqali aniq ro‘yxat asosida platformaga kiritish choralarini ko‘rish masalasiga e’tibor qaratildi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Faxriy Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish