Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Xususan, “Suv resurslarini boshqarish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Unga ko‘ra, suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlarni bekor qilish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligining tuman irrigatsiya bo‘limlari hamda maxsus xizmatlari negizida tashkil etilgan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari qonunchilikda aks ettirilmoqda.
Loyihadagi yana bir me’yor munozaraga sabab bo‘ldi. Gap shundaki, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv iste’molchilariga nisbatan suv olish limitlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan belgilanishini nazarda tutuvchi me’yor taklif etilmoqda. Bu jarayonni qanday tashkil etish masalasida turli fikrlar bildirildi.
Sharofiddin NAZAROV,
Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi XDP fraksiyasi a’zosi:
— Qishloq xo‘jaligining boshqarmalari va hududiy bo‘limlari shu paytgacha bu ish bilan shug‘ullanib kelgan. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Farqi shundaki, limitni hokim tasdiqlab berardi. Mahalliy Kengashlarga bu vazifani olib berish bilan qanday o‘zgarish qilmoqchimiz, degan savolga tahliliy javobimiz bo‘lishi kerak.
Deputatlarning hammasi jamoatchilik asosida ishlaydigan kishilar. Hamma tuman va shaharlarda ham hali kotibiyat tuzilmadi. Limit tasdiqlashga oid sizlar olib keladigan “pachkalab” hujjatlarning ichiga kirib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi, degan qarash bor. Ammo tuman bo‘yicha suvning qanchasi qishloq xo‘jaligiga sarflanishi kerak, qanchasi aholiga beriladi, qanchasi boshqa maqsadlarga yo‘naltiriladi, degan savollarga mutaxassis javobi talab qilinadi. Balansni belgilash uchun berilgan xulosalarni deputatlar muhokama qilishi, o‘z takliflarini aytishi mumkin. Ana shunday to‘g‘ri bo‘ladi. Har bir iste’molchining limitini tasdiqlab berish Kengashning vakolati bo‘lishini o‘ylab ko‘rish kerak. Avval shunga o‘xshash tajriba kuzatilgan. Ikki kishi faqat tasdiqlab beradigan bo‘lsa, bu formalizmdan boshqa narsa emas.
Fraksiya a’zolari yana qator masalalarda savollar bilan tashabbuskorlarga yuzlandi va aniqlik kiritilishi zarur bo‘lgan jihatlarga e’tibor qaratdi. Keyingi o‘qishgacha bildirilgan e’tirozlar yuzasidan tuzatishlar kiritish, qo‘shimcha tushuntirishlar berish, asoslar keltirish sharti bilan loyiha konseptual ma’qullandi.
Yig‘ilishda qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘lgan yana bir qonun loyihasi “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi loyiha bo‘ldi.
Loyihaga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga tarif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash hamda qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Zo‘ravonlik shakllari sifatida jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar kiritilmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining huquqlari belgilanmoqda.
Misol uchun, zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etish, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish kabi imkoniyatlar yaratilishi nazarda tutilmoqda. Yana bir muhim jihati, himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish huquqi ham taklif etilmoqda.
Fraksiya a’zolari loyihada taklif etilayotgan me’yorlarni mantiqan tushuntirib berishni so‘radi.
Anvarxon TEMIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston
XDP fraksiyasi a’zosi:
– Loyihada telefon orqali maslahat beriladi, psixologik ko‘mak olish imkoniyatlari haqida ma’lumot olish mumkin, degan izohlar keltirilmoqda. Lekin jabr ko‘rgan bola 3-4 yoshda bo‘lishi mumkin. Ular telefondan qanday qilib foydalanadi? Axborotlashtirish tizimi ilgari surilar ekan, buni hisobga olgan holda mukammallashtirishni so‘ragan bo‘lar edik.
Qonunning ichida maxfiylik ma’lumotlari to‘g‘risida yozilyapti. Shu kungacha bolaga yoki qaysidir fuqaroga zo‘ravonlik bo‘lgani qanday tartibda aniqlangan? Ma’lumotni oshkor qilish kabi holatlar kuzatilsa ham, qonunchilikda jazo qo‘llash bilan bog‘liq me’yor taklif etilyapti. Biroq bugun ijtimoiy tarmoqda qaysidir bolaga zo‘ravonlik qilingani bilan bog‘liq xabarlar tarqalyapti. Buni kimdir kimnidir himoya qilish maqsadida chiqaryapti. Bolani himoya qilish maqsadida xabar tarqatgan fuqaroga jazo qo‘llashning qonunda belgilanishi bu kabi holatlarning aksiga xizmat qilib qolmaydimi?
Jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxs jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin davlat reyestrida turishi va ana shu davrda qonun buzishi bilan bog‘liq me’yor kiritilyapti. Qaysi mezonlar bilan ularni davlat reyestridan chiqarish mumkin?
Dilnoza HUSANOVA,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimi:
— Kamchiliklar va e’tirozlarni keyingi o‘qishgacha inobatga olishga va’da beramiz. Bolalarni himoya qilishning har qanday usulini amaliyotga qo‘llashda resurslar bilan bog‘liq masalalar amalda joriy qilinyapti. Hududlar, mahallalar kesimida ham tizim yo‘lga qo‘yish ishlari davom etmoqda. Aynan mana shu resurslar yo‘lga qo‘yilayotgani sababli ham qonun doirasida ularni mustahkamlab qo‘yish nazarda tutilmoqda. Yuridik-texnik masalalar bilan bog‘liq savollaringizni huquqshunoslarimizga yetkazamiz va javob beramiz.
Deputatlar zo‘ravonlik faqatgina jismoniy zarba berish bilan o‘lchanmasligi, ruhiy, ma’naviy zo‘ravonlik, ya’ni oziq-ovqat, kiyim-kechak yoki boshqa masalalardagi kamsitishlarni ham nazoratga olish muhimligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, telekommunikatsiyalar sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, sudlar mustaqilligining kafolatlarini yanada kuchaytirish, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlar va ziddiyatlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar doirasini kengaytirish, profilaktik hisobga olinadigan shaxslar toifasi va ular bo‘yicha yuritiladigan nazorat hujjatlarini qisqartirishga qaratilgan qator qonun loyihalari ham ko‘rib chiqildi.