Davlatimiz rahbari 15-16 fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida ijtimoiy soha obyektlari, ta’lim muassasalari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa qator manzillarda bo‘ldi. Har bir hududda faollar bilan uchrashib, oldinda turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Uchrashuvlarda Xalq demokratik partiyasi vakillari, deputatlar, faollarimiz ham ishtirok etdi. Ular ko‘nglidagi gaplarini, shukronalik hissini, iliq so‘zlarini barcha o‘zbekistonliklar bilan bo‘lishishni istaydi.
Abduxalil SOTVOLDIYEV,
O‘zXDP Paxtaobod tuman kengashi raisi,
xalq deputatlari tuman Kengashidagi partiya guruhi rahbari:
— Andijon mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan viloyat hisoblanadi. Albatta, viloyatimizda ham kundan-kunga o‘zgarishlar va yangilanishlar bo‘y ko‘rsatyapti, hududlarimiz rivojlanib boryapti. Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilyapti.
Oxirgi yillarda viloyatimizda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2018 yildan boshlab ishchi guruhi tuzilib, tumanimizda katta islohotlar boshlangan edi. Biz partiya guruhimizdagi deputatlar bilan birgalikda bu masalalarni ko‘p o‘rganamiz. O‘sha paytlarda uy-joyga ehtiyoj katta edi, bandlik masalasi ham nihoyatda dolzarb edi. Qisqa davr ichida bu boradagi ko‘plab muammolar hal etildi.
Masalan, tumanimizda 18 ta ko‘p qavatli uy-joy qurildi. 44 ta yangi suv quduqlari qazilib, foydalanishga topshirildi. 236 km. masofaga toza ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Yangi korxonalar barpo etilishi, tadbirkorlik rivojlanishi, o‘zini o‘zi band qilish ishlariga e’tibor kuchaygani bois 3000 dan ziyod fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Yerdan unumli foydalanish bo‘yicha yaxshi tajribalar yo‘lga qo‘yildi. Hozir yerdan 3 marta hosil olinyapti. Bularning barchasi uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotdagi yorqin ifodasi, deb bilaman. Demak, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz.
Hozir Andijon xalqi o‘zgacha ko‘tarinkilik ruhida yashamoqda. Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifidan qalbimizda ham quvonch, ham faxr tuydik. 16 fevral kuni Xonobod shahrida viloyatimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda men ham ishtirok etdim. Ushbu uchrashuvdan o‘ziga xos taassurot, hayajon xotiramda qoldi.
Prezidentimizning nutqini tinglab o‘tirar ekanman, ularning xalq uchun qanchalar kuy-unayotgani, biz ham ularga qanot bo‘lishimiz shartligini chuqur his qildim. Yig‘ilishga kelganlar – faollarimiz, deputatlarimiz, hamshaharlarimizning fikrlarini, gaplarini eshitib, ko‘nglimiz ko‘tarildi. Viloyatimizda sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm va ijtimoiy sohalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar har birimizdagi daxldorlik va mas’uliyatni yanada oshirdi.
Ayniqsa, deputatlar jipslashib, tanqidiy-tahlil va tashabbus ko‘rsatib ishlashi kerak, deb o‘ylayman. Aholi manfaatlariga qaratilgan har bir dastur to‘liq bajarilishi, ajratilgan mablag‘larning manzilligini ta’minlash, sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm va ijtimoiy sohalar rivojlanishida ishtirokchi bo‘lish, mahallalarni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish kabi muhim va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar turibdi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlari uchun ekan, ularni to‘laqonli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, ijrosi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish zarur. Asosiysi, hech kimning tomoshabin bo‘lib turishga haqqi yo‘q. Bu nafaqat fuqarolik, balki insoniy burchimiz hamdir.
Zulxumor KARIMOVA,
O‘zXDP Qo‘rg‘ontepa tuman kengashi raisi:
– Yig‘ilishdan so‘ng nimani o‘yladim, bilasizmi? Prezidentimizning har galgi tashrifidan keyin o‘zgarishlar ro‘y beradi. Albatta, bu galgi tashrif ham Andijon tarixida yangi sahifalarni ochishiga ishonaman. Yurtboshimizning viloyatimiz bilan bog‘liq har bir qarori faxr hamda g‘ururga, ertangi kunga ishonchga turtki bo‘ladi. Bunday samimiy uchrashuvlar, ochiq muloqot jarayonlari, rejalashtirilayotgan tarixiy loyihalar har bir xonadonga o‘zgacha mehr, iftixor olib kiradi.
To‘g‘risi, mana shular haqida o‘ylar ekanman, tumanimizda odamlar hayotida aks etayotgan o‘zgarish va yangilanishlar birma-bir xayolimdan o‘tdi.
Hozir tumanimizda 7 ming kishini ish bilan taminlagan “Kxantex” korxonasi faoliyat olib bormoqda. 2017-2023 yillarda mingdan ortiq xonadonni o‘z ichiga olgan 21 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 2017-2022 yillarda tumanning 13 ta qishloq va mahallalarida obodonlashtirish ishlari olib borildi. 81 km ichki yo‘llar ta’mirlandi, 79 km. suv tarmoqlari va 9 ta suv quduqlari, 36,8 km elektr tarmog‘i qurildi.
Umuman aytganda, bugun andijonliklar ulkan maqsadlar bilan yashamoqda, ezgu niyatlar bilan mehnat qilmoqda. Prezidentimizning viloyatimizga bu galgi tashrifi ham odamlarimiz orasida birdamlik ruhini yanada kuchaytirdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan tashrif doirasida belgilab berilgan vazifalar yangi imkoniyatlar eshigining ochilishiga, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, aholining turmushi darajasi oshishiga zamin yaratadi, deb o‘ylayman.
Muhim tashabbuslardan biri Andijondan yurtimizning boshqa shaharlariga poyezd va avtobus qatnovini ko‘paytirish bo‘ldi. Shuningdek, kichik va mikro GESlar qurish, elektr tarmoqlari va yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ijtimoiy sohalar tahlil qilinar ekan, avvalo, maktab ta’limi sifatini oshirishga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 10-11 sinf o‘quvchilariga aniq, tabiiy va chet tili fanlaridan birini chuqur o‘rganish yoki ishchi va IT kasblarga o‘qish imkoni yaratiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, amaliy mashg‘ulotni tadbirkorlar o‘tkazishi ta’kidlandi. Asaka agrotexnologiya texnikumi bilan Andijon qishloq xo‘jaligi instituti o‘rtasida “2+2” dasturi joriy qilinishi, Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida boshqaruv va o‘qitish metodikalari yangilanishi qayd etildi.
Rejalashtirilgan ishlar, albatta, amalga oshadi, yanada yaxshi yangiliklar bo‘ladi. Eng muhimi, odamlarimizda intilish bor, qat’iyat bor, ishonch bor.
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri
Laziza SHEROVA yozib oldi.
«O‘zbekiston ovozi», 21.02.2023, №7