Ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda partiya tashkilotlarining o‘rni
Ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda partiya tashkilotlarining o‘rni

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Markaziy Kengash, Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari mas’ullari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhi a’zolari, Yoshlar parlamenti a’zolari qatnashdi.

Unda Prezident raisligida 20 fevral kuni bo‘lib o‘tgan ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari, Qonunchilik palatasi deputati F.Sharipov yig‘ilishni ochar ekan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, ushbu masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash, ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Ijtimoiy muammolarni adolatli hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratilib, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etilgani bugun ijtimoiy masalalarni samarali hal etishga xizmat qilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yilgani bu boradagi islohotlarda yangi davrni boshlab berdi. Bosh qomusimizda ijtimoiy majburiyatlarga doir normalar 3 barobarga oshganligi, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi belgilandi.

Yig‘ilishda so‘z olganlar ijtimoiy himoya borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash nafaqat har bir davlat va nodavlat tashkiloti, balki siyosiy partiya vakillari, ayniqsa, O‘zbekiston XDP hamda uning deputatlik korpusi zimmasiga ham juda katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi. Ayniqsa, ijtimoiy himoya masalalari partiya dasturidagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Shu boisdan, partiya kengashlari va deputatlik birlashmalari mahallalar kesimida, xonadonma-xonadan o‘rganishlarni amalga oshiradi. Bu jarayonda aholining muammolarini hal qilish, kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashib boriladi.

So‘zga chiqqanlar qayd etganidek, so‘nggi oylarda kam ta’minlangan oilalar manzilli o‘rganilib, tizim shaffof qilingani natijasida doimiy daromadga ega oilalar bunday toifadan chiqarilgan. O‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz yashayotgan 2 ming kishiga yordam ko‘rsatilgan. Shunga qaramay bugungi kunda ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmini ham bilmasligi aytilib, ijtimoiy xizmatlar borasida aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi bo‘lmish nogironlarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston 2021 yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgan. Bunday shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar berilgan. Endilikda bino va inshootlarni qurish loyihasi nogironligi bo‘lganlar uchun qulay muhit yaratilganligi bo‘yicha ham majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Jamoat transporti, bekatlar va chorrahalarda ular uchun to‘siqsiz muhit yaratish choralari ko‘riladi.

Shuningdek viloyat studiyasidan so‘z olganlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududlardagi “Inson” markazlari bilan, shuningdek, mahalla yettiligi bilan birgalikda oiladagi muammo va imkoniyatlar aniqlanib, mahallaning “ijtimoiy portreti”ni yaratish, yordamdan so‘ng xonadonda nima o‘zgarganini monitoring qilib borish masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligiga e’tibor qaratdilar.

Savol-javoblar davomida deputatlar mamlakatimizda aholiga professional ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan birga, ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida manzilli, shaffof va adolatli tashkil etish, ijtimoiy himoyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va bu borada parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish