Xalilla og‘a O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Republika Kengashi raisi bo‘lib kelgandan buyon Nukus shahrida ijarada turadi. Beruniy tumaniga o‘g‘illari bilan nabiralarini ko‘rgani boradi. Shaharda bir mahallada yashaymiz. Aniq esimda, yoz oylari ertalab badan tarbiya qilgani ko‘chaga chiqamiz. Xalilla og‘a katta ko‘chaga chiqishi bilan oyoq kiyimlarini qo‘liga olib, yalang oyoq yuradi. Mening taajjublanganligimni ko‘rib, izoh bergan bo‘lardi.
– Minajatdin og‘a, (asli yoshim juda kichiku ammo hurmat yuzasidan shunday ataydi) ona tabiatga qancha yaqin bo‘lsang, sog‘lom bo‘lasan. Bilasanmi, kichikligimizda hammamiz yalang oyoq chopib yurardik. Hech kimning bolasi kasal bo‘lmasdi, to‘g‘rimi? Shu oyoq yalang yursam, qon bosimim ko‘tarilmaydi. O‘zimni tetik sezaman. Ertalab toza havodan nafas olganga yetmaydi.
Shu tariqa gurungimiz har xil mavzu bilan davom etadi. Shunday ajoyib inson bilan ko‘p yillardan buyon bir maqsad yo‘lida hamnafas bo‘lib kelayotganligimdan quvonaman. U kishidan doimo hayotiy tajribalar to‘plashga o‘rganganman. To‘g‘ri-da, hamisha yaxshi odamlar orasida bo‘lish qanday yaxshi. Atrofdagilarga, yaqinlariga samimiy, mehrli munosabatda bo‘lish orqali el orasida hurmat qozongan, qadr topgan Xalilla og‘a haqida bir-ikki so‘z aytmoqchimiz.
Shogirdlardan qadr topgan ustoz
Xalilla Yeshimbetov har doim tinib-tinchimaydigan inson. Imkon qadar insonlarga yordam berishga shoshiladi. Beruniy tumanida tug‘ilib, voyaga yetgani bois shu tumanning barcha joyini besh barmog‘idek biladi. Qaysi joyda muammo bor, unga qay tarzda yechim topish kerak – hammasini o‘ylab yuradi.
O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari, xalq deputatlari Shumanay tuman Kengashi deputati Maxmud Yesengeldiyev shunday dedi:
– O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kenges deputati, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Xalilla Yeshimbetov bilim va tajriba bilan el-yurt orasida hurmat qozongan inson. Sakkiz yildan buyon Xalilla Bekimbetovich bilan partiya safida bo‘lib, faoliyat yuritib kelmoqdaman.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 662 ta boshlang‘ich partiya tashkilotida 41762 nafar a’zomiz jamlangan. Jo‘qorg‘i Kengesda 15 nafar, shahar va tuman Kengashlarida 90 nafar deputat faoliyat olib bormoqda.
«Yaxshidan bog‘ qoladi», deyishadi-ku. Yaxshi insonlar o‘zlari faoliyat olib borgan paytlaridan nom qoldirishi tabiiy. Misol tariqasida shuni aytishim mumkin, uning rahbarligida 2020 yilda partiyaning Shumanay tuman kengashiga tuman markazida 6 xonali yangi, chiroyli imorat qad rostladi. Albatta, bunday ishlarni olib borish uchun ham har tomonlama aql-zakovat, tajriba kerak. Men Xalilla Bekimbetovichni donishmand rahbar, mehr-oqibatli, juda bag‘rikeng, sermulohaza, andishali, madaniyatli inson, deb bilaman.
Xususan, Xalilla Yeshimbetov boshchiligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, yoshlar bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak berish borasida ko‘plab tadbirlar va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Halollik, to‘g‘riso‘zlik, adolat tomonda turish, haqiqatni aytish u kishining fazilatlari hisoblanadi. Hamisha shogirdlariga juda ko‘p g‘amxo‘rlik qiladi. Kadr tayyorlashda katta tajriba maktabiga ega. Bu borada ustoz ko‘pchilikka o‘rnak.
Men Xalilla og‘a bilan birga ishlaganimdan, zamondosh bo‘lganimdan, u kishidan hayot tajribalarini o‘rganganimdan faxrlanaman.
Teran bilimga ega targ‘ibotchi inson
Partiyamiz dasturida ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq g‘oyalar muhrlangan. Xalila Yeshimbetovning qalbi dasturimizga juda o‘xshaydi.
Rayxan Karmisova,
O‘zbekiston XDP Qorao‘zak tuman kengashi raisi:
– Xalilla og‘ani dastlab televideniyedagi chiqishlari orqali teran bilimga ega targ‘ibotchi, qonunlar, qaror va farmonlar mazmun-mohiyatini aholiga sodda tilda tushuntiradigan inson sifatida tanigan edim.
2018 yilning dekabr oyidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qorao‘zak tuman kengashi raisi bo‘lib ish boshladim. Xalilla Bekimbetovichni bilimi, ishga mas’uliyati va katta tajribasi bilan o‘zini erkin sezadigan, barcha ishlarni joy-joyiga qo‘yadigan, tinib-tinchimaydigan rahbar, deb bilaman.
Kasb tanlash – har bir inson hayotidagi eng muhim tanlovlardan biri. Kasb nafaqat daromad topish manbai, balki umrning asosiy qismi sarflanadigan faoliyat hamdir. Shu ma’noda inson umr yo‘ldosh va kasb tanlashda adashmasligi kerak, degan gap naqadar o‘rinli ekaniga qo‘shilmay ilojimiz yo‘q. Boisi, inson umrining eng asosiy damlari oilada va ishda kechadi.
Inson sevgan kasbidan va oilasidan qoniqish hosil qilib yashasa, turmushi chiroyli kechadi. Xalilla Yeshimbetov hayotda ana shunday omadi chopgan insonlardan biri, deb bilaman.
Faoliyati davomida turli sohalarda ishlagan bo‘lsa, har bir sohada katta natijalarga erishayotganini hamkasblari juda yaxshi bilishadi. U o‘ziga juda talabchan, og‘ir nuqtalarni tez anglab yetib, unga yechim topishda tinmay harakat qiladi. Mas’uliyatli lavozimlarda ishlashiga qaramasdan, juda kamtarin. O‘zi haqida emas, ko‘proq o‘zgalar haqida o‘ylaydi. Yaxshilik qilish, e’tibor va e’zoz ko‘rsatish u kishining hayot falsafasiga aylangan.
2010 yildan buyon bir safdamiz
Ko‘p yillardan beri partiyamiz safida mehnat qilib kelayotgan Amudaryo tuman kengashi raisi, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Maxsud Sa’dullayevga quloq tutamiz:
– Xalilla Yeshimbetov bilan 2010 yildan buyon birga faoliyat yuritib kelaman. Respublika tashkilotiga rahbar bo‘lganidan keyin ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi, partiya tarafdorlari ko‘payishi bilan uning nufuzi ham oshdi. Bu inson boshchiligida qator loyihalarni samarali o‘tkazmoqdamiz. Partiyamizdan saylangan har bir deputatni shaxsan o‘zi yaxshi biladi. U kishi shijoati, izlanishlari, tashabbuskorligi va yaratuvchanligi sababli deputatlarning katta hurmatiga sazovor bo‘lmoqda.
Uning odamlar bilan samimiy muloqot qilish, notiqlik san’ati, vaziyatga zudlik bilan to‘g‘ri va odilona baho berish xususiyatlarini qadrlayman. Ishni ustun qo‘yadigan, fidoyi, mehnatkash, talabchan, el-yurtini sevadigan rahbar sifatida butun Qoraqalpog‘istonda partiyadoshlarimiz uni hurmat qiladi va ardoqlashadi.
U ijtimoiy muhofazaga muhtoj insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan aslo charchamaydi. Kimgadir davolanish uchun order olib bersa, yana biriga maxsus aravachasini olib beradi. Bir ko‘chaga tungi yoritqich o‘rnattirsa, ba’zi mahallaga yangi transformator o‘rnatishda yordam ko‘rsatadi. Eski ko‘prikni yangilatsa, ayrim ko‘chalarni asfalt qilishda deputatlik so‘rovi bilan murojaat qilib, masala hal etilishini nazorat qiladi.
Insonlarning dardiga darmon, tashvishiga sherik bo‘lib yashashga o‘rgangan Xalilla Yeshimbetovning kundalik hayoti savobli ishlari bilan katta mazmunga ega bo‘lib kelmoqda.
Lider ustoz
Xalilla og‘a haqida fikrlarni Qoraqalpog‘iston Respublika Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Sayyora Imamova davom ettiradi:
– Siyosat olamiga 2014 yil O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga a’zo bo‘lgan paytimda kirib keldim. Xalilla Yeshimbetovni oldindan tanirdim, lekin hech uchrashmagandik. Salobatli, fikrlash doirasi keng, shu bilan birga, mehribon, hech qachon maslahatini ayamaydigan bu insonni lider, hurmatli ustoz, deb bilaman.
Dastlab Beruniy tuman Kengashiga deputat bo‘lib saylanganman. «Deputatlik shunchaki maqom emas, deputat xalq dardi bilan yashashi zarur, har bir muammoga dildan yondashib, yechimini topishi zarur», deb aytar edi ustoz.
Ularning eng yaxshi xislatlaridan biri – yetti o‘lchab bir kesadilar. Har bir ishning oxirini o‘ylaydilar. O‘z o‘rnida qattiqqo‘l, talabchan, tashabbuskor, o‘z ishini sevib qiladigan, qolaversa, oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadigan rahbar. Yana bir xislatlari – e’tiborlilar. Qo‘l ostida ishlayotgan xodimlarning ishlarini baholab, rag‘batlantirishni, ayol-qizlarni bayramlarda tabriklab, ko‘nglini olishni hech kanda qilmaydi. “Deputatlikka yuzaki yondashish eng katta xato”, deb uqtiradilar.
Odamlar orasiga kirganimizda, saylovchilar bilan uchrashganimizda, soddalik bilan ularning qalbiga kirib, tez til topishib ketadi, hatto hazil-huzil qilib ko‘ngillarini ko‘taradi, bu borada kuchli psixolog, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, Xalilla Yeshimbetovning hayot maktabi sermazmun. Biz shogirdlarlari sifatida bu inson bilan faxrlanamiz.
Ba’zan yosharib ketganga o‘xshaydi
Partiya faoli, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Xurliman Niyetbayeva Xalilla Yeshimbetov haqida shunday fikr bildirdi:
– Xalilla Yeshimbetovga Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi unvonini bekorga berishmagan. U rahbar, deputat bo‘lsa ham, juda samimiy, oddiy kishi, uning yonida har qanday kishi o‘zini bamaylixotir his qiladi. Partiya safidagi yoshlar bilan bemalol til topisha oladi. Bir maqsad sari jamlangan biz singari yoshlarni ko‘rib, ba’zan u kishi ham yosharib ketganga o‘xshaydi.
Xalilla og‘adek omadi kulgan, mehnatdan charchamaydigan insonning shogirdi bo‘lganligimdan quvonchliman. Hali biz ko‘p marralarni birga bosib o‘tamiz.
Xalilla Yeshimbetov bu yil 65 yoshni qarshiladi. U 1981 yili Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini muhandis-ximik-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha tugatib, dastlabki mehnat faoliyatini Nukus ip yigiruv fabrikasi Beruniy filiali katta muhandisligidan boshlagan. Tinimsiz izlanish, ustoz maslahatlari natijasida fabrikaning katta ustasi, sex boshlig‘i, bosh muhandisi vazifalarigacha yetib bordi. Uni 1986 yilda Beruniy tumani ip yigiruv-to‘quv fabrikasi direktori etib saylashdi.
Xalilla Yeshimbetov 1991–1995 yillari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Beruniy tuman kengashi tashkilotchisi sifatida katta faollik, fidoyilik ko‘rsatgan. Faol targ‘ibotchi va teran fikrli inson 2008 yili yana partiyaviy faoliyatga qaytdi. 2016 yilgacha partiyamizning Beruniy tuman kengashiga raislik qildi.
Inson hayotda mehnati bilan baxt kalitini topishi mumkin. Odamlar orasida yurib, siyosiy maqsad-vazifalarni tushuntirish, elni ishontirish oson ish emas, albatta. Buning uchun katta sabr, mahorat va iste’dod zarur.
Xalilla Yeshimbetov 2016 yildan beri O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi sifatida samarali faoliyat yuritmoqda. O‘tgan davr mobaynida respublika tashkiloti barcha yo‘nalishlarda muhim yutuq va natijalarga erishib kelmoqda.
Har tong yaxshi niyat bilan badan tarbiyaga chiqqan Xalilla og‘a yangi loyihalar, tashabbus va takliflar haqida o‘ylaydi, rejalar tuzib, ularni amalga oshirishga intiladi. Ustozimiz 65 yoshdan oshayotgan bo‘lsa ham hali tetik va baquvvat. Har ertalab yo‘limizni shijoat bilan birga davom ettiramiz.
Minajatdin QUTLIMURATOV.
«O‘zbekiston ovozi», 28.02.2023, №8