Har bir maqsadga erishish xalqimiz manfaatlariga xizmat qilishini unutmaslik zarur
Har bir maqsadga erishish xalqimiz manfaatlariga xizmat qilishini unutmaslik zarur

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2023 yilda bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zolari Davlat dasturining ijtimoiy yo‘naltirilganligi, ehtiyojmand qatlam vakillarining huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilayotganini e’tirof etishdi.

Hisobotda keltirilishicha, 2023 yilda Davlat budjeti jami xarajatlari 281,1 trln so‘mni, shundan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 137,3 trln so‘mni tashkil qilgan. “Ayollar daftarlari” doirasida 30 yoshdan oshgan 1 mln 779 nafar xotin-qiz ro‘yxatga kiritilib, 993 368 nafariga yordam ko‘rsatilgan. Davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qish imkoniyatlari yaratilib, ko‘lami 2 baravar oshirilgan. Respublika bo‘yicha og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 78 mingga yaqin ishsiz xotin-qizning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ularni o‘qitish va bandligini ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Shuningdek, respublika bo‘yicha 2,9 mln 3-7 yoshli bolalarning 2,1 mln nafari sifatli maktabgacha ta’limga, 711 768 nafar 6 yoshli bolalarning 661 945 nafari maktabga tayyorlov va boshqa guruhlarga qamrab olingan. Yangi maktablarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish maqsadida “Namunaviy maktab” loyihalari asosida 563 ta maktabda qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, umumiy hisobda 118 600 ta yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratilishiga erishilgan.

Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalari inson himoyasi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi, ijtimoiy himoya masalalari bilan bog‘liqdir. 2023 yilda partiya elektorati bo‘lmish alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida inklyuziv ta’lim tizimi bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy qilingan. Respublika bo‘yicha barcha tuman va shaharlardagi 417 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilgan.

Fraksiya a’zolari sog‘liqni saqlash sohasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilganini e’tirof etishdi. Jumladan, 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti, 534 taga ixcham mahalla tibbiyot punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 2,2 mln nafardan ortiq aholiga birlamchi tibbiy xizmatlari yaqinlashtirishga erishilgan. Hududlarda eshitish zaifligi va karlik mavjud bolalarni erta aniqlash tadbirlari orqali 274 nafar bolaga koxlear implantlardan foydalangan holda operatsiyalar o‘tkazilgani, ularning 132 nafarida nutq protsessorlari almashtirilgani to‘la ma’qullandi. Bu masalalar partiyamiz Saylovoldi dasturidagi muhim g‘oyalar amalga oshayotganini anglatishi alohida qayd etildi.

Fraksiya a’zolari hisobotini ko‘rib chiqish jarayonida onalik va bolalikni muhofaza qilish, ehtiyojmand aholini uy-joy bilan ta’minlash, davlat dasturiga kiritilgan, ammo ayrim sabablarga ko‘ra amalga oshmay qolgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qilishdi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Yildan-yilga tug‘ilishlar soni ortib borayotgani uchun tug‘uruqxonalarda qo‘shimcha o‘rinlarga ehtiyoj katta. Buni inobatga olgan holda, bosqichma-bosqich o‘rinlarni ko‘paytirish belgilangan edi. 2023 yilda koykalar sonini 500 taga ko‘paytirish masalasi qo‘yilgandi. Dasturdagi bu borada belgilangan vazifalar bajarilmadi, deb o‘ylayman. Joriy yildagi yuklama bilan zo‘riqish yanada ko‘payadi. Mazkur masalaga izoh berishingizni istardim.

 

Davron Sultanov,

Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari v.b:

— To‘g‘ri, 2023 yilda 960 mingta chaqaloq tug‘ildi. Buning natijasida amaldagi tug‘uruq koykalari yetishmayapti. Mazkur masalaning yechimi 2024-25 yillarda ham davom etadi. Respublika bo‘yicha 11 ta xususiy klinikada tug‘uruq koykalari mavjud. Yana bir yechim sifatida ulardan tibbiy xizmatni davlat tomonidan sotib olish amaliyotini joriy etish o‘rganilmoqda. Shuningdek, kontratsepsiya, reproduktiv salomatlik masalalari ham ko‘rib chiqilyapti.

Atroflicha muhokama va savol-javoblardan keyin Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hisobotni qo‘llab-quvvatlash haqida qaror qabul qildi.

Fraksiya yig‘ilishida, shuningdek, davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Keyingi yillarda davlat mulkini tadbirkorlik subyektlari va boshqa shaxslarga ijaraga berishda qonuniylikni ta’minlash yuzasidan tizimli choralar ko‘rilayotganiga qaramay, amalda davlat mulkidan samarali foydalanilmaslik, uni ijaraga berish tartiblari buzilishi bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari soni ham ortib bormoqda. Bu esa davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilik buzilishiga olib kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan davlat mulkini ijaraga berish tartibiga rioya qilmaganlik, bo‘sh turgan davlat mulkidan samarali foydalanish choralarini ko‘rmaganlik, davlat mulkini ijaraga olgan tadbirkorlik subyektlari va boshqa shaxslarning huquqlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun davlat mulkidan samarali foydalanilishni ta’minlashga, ijaraga oluvchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoyalanishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Davlat mulkini ijaraga berish tartibiga rioya qilmaslik bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha qonunchilikni yanada takomillashtirish haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish