JST: Maqsad ham, manzil ham aniq
JST: Maqsad ham, manzil ham aniq

 

Yildan-yilga dunyoda globallashuv jarayonining shiddatli tus olayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Globallashuvning o‘ziga yarasha shartlari, talablari mavjud. Eng muhim xususiyatlaridan biri unda chegara tushunchasi juda nisbiy va oddiydir.

Yaqinda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo 11 davlat bilan muzokaralarni yakunlagani haqida xabarlar tarqaldi. Ulardan 9 tasi bilan bozorga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlovchi protokollar imzolangan, ya’ni kelishuvga erishilgan bo‘lsa, Shri-Lanka va Tailand bilan kelishish jarayonlari yakuniy bosqichdaligi aytilgan.

Yurtimizning nihoyat, bu tashkilotga a’zo bo‘lishi kutilayotgani haqidagi xabar, to‘g‘risi, odamni xursand qiladi. Yangilanayotgan O‘zbekiston barcha nufuzli tashkilotlarda o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lishini qayerda bo‘lmasin, nima ish qilmasin, har bir vatandoshimiz xohlaydi.

 

Bu qanday tashkilot?

Jahon savdo tashkiloti global savdo-sotiqni tartibga soluvchi, ishchi kuchi va mahsulotlarning erkin harakatini nazarda tutuvchi xalqaro umumtashkilot hisoblanadi.

Savdodagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan ellik yillik muzokaralar natijasida vujudga kelgan ko‘p tomonlama tashkilot hisoblanadi. Tashkilot 1995 yil 1 yanvarda «Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuv»ning evolutsiyasi sifatida vujudga kelgan. U global savdoni osonlashtiradigan markaziy organ sifatida faoliyat yuritadi.

Tashkilot a’zo davlatlar o‘rtasida savdo bitimlarini muzokaralar olib borish va har qanday savdo nizolarini hal qilish uchun umumiy platforma yaratadi. U 60 ta xalqaro huquq maqomiga ega va 300 ga yaqin mintaqaviy savdo bitimlarini boshqaradi. Bugungi kunda tashkilotga 164 davlat a’zo sanaladi.

Maqsadi a’zolariga savdodan turmush darajasini oshirish, ish o‘rinlari yaratish va odamlar hayotini yaxshilash vositasi sifatida foydalanishga yordam berishdir. JST tom ma’noda savdo qoidalarining global tizimini boshqaradi va rivojlanayotgan mamlakatlarga savdo salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi.

 

Vazirlar konferensiyasi

JST vazirlar konferensiyasi har ikki yilda bir marta yig‘ilib, savdo kelishuvlari bo‘yicha muhim qarorlar qabul qiladi. Vazirlar konferensiyasi JST doirasida tuzilgan barcha ko‘p tomonlama bitimlarning har qanday jihatlari bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega.

Konferensiya JSTning barcha a’zolaridan vakillarni o‘z ichiga oladi. Iqtisodiyot hajmi yoki xalqaro savdodagi ulushidan qat’i nazar, u barcha a’zolariga teng vakillik beradi. Uni JSTning qonun chiqaruvchi tarmog‘i, deb hisoblash mumkin.

 

Kotibiyat

Tashkilot unga a’zo davlatlar tomonidan boshqarilsa-da, uning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Kotibiyatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Kotibiyat kundalik faoliyatni olib boruvchi organ hisoblanib, unda 600 dan ortiq xodim ishlaydi. U yerdagi ekspertlar, huquqshunoslar, iqtisodchilar, statistiklar va aloqa bo‘yicha mutaxassislar a’zolarga muzokaralar muammosiz o‘tishi, xalqaro savdo qoidalari to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida majburiy tartibda yordam beradi.

Kotibiyat barcha a’zo davlatlarning vakillaridan iborat bo‘lib, kundalik faoliyatga kelganda Vazirlar konferensiyasining vakili sifatida ishlaydi.

Kotibiyat tarkibida Savdo siyosatini yurituvchi, Nizolarni hal qiluvchi organlar ham mavjud. Jumladan, savdo siyosatini yurituvchi organ a’zo hukumatlardan o‘z mamlakatidagi amaldagi qonunlar va qabul qilingan choralar to‘g‘risida Tashkilotni xabardor qilish orqali o‘z savdo siyosatini shaffof qilishni talab qiladi.

JSTning turli kengashlari va qo‘mitalari ushbu talablarga rioya etilishini va JST kelishuvlarining to‘g‘ri bajarilishini ta’minlashga intiladi. JSTning barcha a’zolari o‘zlarining savdo siyosati va amaliyotlarini davriy ravishda tekshirib turishlari kerak, har bir tekshiruv tegishli mamlakat va JST Kotibiyatining hisobotlarini o‘z ichiga oladi.

Tashkilotning Nizolarni hal qilish organi a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo nizolarini hal qilish uchun mas’uldir.

Ushbu organ «Nizolarni hal qilish bo‘yicha kelishuv»ga muvofiq savdo nizolarini hal qilish va savdo oqimining muammosiz o‘tishini ta’minlash uchun juda muhimdir.

Mamlakatlar, agar ular kelishuvlar bo‘yicha huquqlari buzilgan deb hisoblasa, Tashkilotga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, Apellatsiya instituti ham mavjud bo‘lib, unda a’zo davlatlar nizolarni hal qilishda ularga qarshi chiqarilgan har qanday qarorlar ustidan shikoyat qilishi mumkin.

 

Bitimlar qamrovi keng

Jahon savdo tashkiloti bitimlari tovarlar, xizmatlar va intellektual mulkni qamrab oladi. Bitimlar alohida mamlakatlarning bojxona tariflarini va boshqa savdo to‘siqlarini pasaytirish, xizmatlar bozorlarini ochish kabi majburiyatlarni o‘z ichiga oladi. Odatda bitimlarda nizolarni hal qilish tartibi ham belgilanadi. Bu kelishuvlar o‘zgarmas xususiyatga ega emas. Ular vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqilishi hamda paketga yangi shartnomalar qo‘shilishi mumkin.

Tashkilot kelishuvlarida rivojlanayotgan mamlakatlar uchun maxsus shartlar mavjud. Xususan, bitimlar va majburiyatlarni amalga oshirish uchun uzoqroq muddatlar belgilanadi. Ularning savdo imkoniyatlari va salohiyatini oshirish choralari ko‘riladi.

Shu bilan birga, nizolarni hal qilish va texnik standartlarni joriy etishda yordam berish kabi imtiyozlar ko‘zda tutiladi. Bundan tashqari, Tashkilot har yili rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yuzlab texnik hamkorlik missiyalarini tashkil qiladi.

 

40 dan ortiq mamlakat bilan

Xalqaro maydonda savdo-sotiq va ishchi kuchining erkin harakatlanishi uchun platforma yaratayotgan tashkilotga O‘zbekistonning ham a’zo bo‘lishi ulkan yutuq bo‘ladi.

Tashkilotda har bir a’zo bitta ovozga ega va to‘liq konsensusga amal qilinadi. A’zo 164 mamlakatning barchasi, bir ovozdan ma’qullasagina yangi a’zo qo‘shilishi mumkin.

Demak, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi tizimli ishlashni talab qiladigan jarayon hisoblanadi. O‘zbekiston hozirgacha 40 dan ortiq mamlakat bilan a’zolik masalasida muzokara olib bormoqda. Muzokara olib borish soni chegaralanmagan.

Keyingi yillarda O‘zbekiston tomonidan yuritilayotgan faol tashqi siyosat dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida uni jozibador davlatga aylantirib bormoqda. Bu JSTga a’zo bo‘lishimiz uchun ham muhim. Sababi, xalqaro minbarlarda nomi yangrab, hamjamiyatning qulog‘iga chalinib turgan mamlakatga qiziqish ham, munosabat ham boshqacha bo‘ladi.

Tashkilotga a’zolik bizni cheksiz imkoniyatlar va sog‘lom muhit hukmron bo‘lgan dunyo bozorlariga olib chiqadi. Shuning uchun JSTga a’zolik O‘zbekistonning doimiy kun tartibida turgan masala, bu siyosatda ham, strategiyada ham aks etib turibdi.

 

Ahmad QURBONOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 13.03.2023, №10

 

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish