Gulnora Mahkamova 27 yildan beri Karlar jamiyatida ishlaydi. 1980 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, 17 yoshidan surdotarjimonlik qiladi. Hayotining yarmidan ko‘pini eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan insonlarga sarflagan.
Suhbatdoshimiz uzoq yillardan buyon rasmiy tadbirlar, tashriflar, turli yangiliklarni televideniye orqali surdo tilida tarjima qilib keladi.
Bolalik
— Oilada yagona farzandman. Ota-onam bolaligimdan shifokor bo‘lishimni orzu qilishgan. 11 sinfga qadar ayni xayollar bilan yashaganman. Taqdirimga imo-ishora tilini o‘rganib surdotarjimoni bo‘lish yozilgan ekan. Bundan juda ham mamnunman. Chunki yurtimizdagi 33 mingdan ortiq insonga yordamim tegadigan sohada ishlayman. Buni his qilish esa menga hamisha kuch beradi.
Surdotarjimonlik kasbini tanlashimga sabablar ko‘p bo‘lgan. Ulardan bittasi ota-onam eshitmaydigan insonlar ishlaydigan korxonada mehnat qilgan. Bolaligimdan ularning qo‘l ishoralari orqali muloqot qilishlarini ko‘rib, ulg‘ayganman. Keyinchalik o‘sha nigohlarga mehrim ortdi va shu sababli surdo tili mutaxassisi bo‘lganman.
Har doim yaxshilikka umid qilaman
Bir necha yil oldin jamiyatga bir oila uy olishda yordam so‘rab keldi. Ularning 3 nafar farzandi bo‘lib, hech biri eshitmas ekan va ular bir xonali uyda yashar ekan. Qaysi tumanligini aytmayman, lekin birinchi bosh urgan joyimiz hokimiyat bo‘ldi. U yerdagilar juda ham qo‘pol ravishda javob berishdi. Ijtimoiy uylar yo‘qligi, faqat subsidiyaga uy berilishini aytishdi. Lekin doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan odamlarda kredit qarzdorligini yopishga imkon yo‘q. Olgan javobimizdan qoniqmagan bo‘lsak-da, murojaat qilishdan to‘xtamadik. Har bir rad javob olganimizda juda qattiq xafa bo‘lsam ham, bu masala menga tinchlik bermadi.
Toshkent shahar hokimligiga borganimizda ular bizni tushundi. Vaziyatni o‘rganishdi va chindan ham ushbu oila uyga muhtoj, degan xulosaga kelindi. Oilaga 3 xonali uy berishdi. Bu xabarni eshitganimda, to‘g‘risi, quloqlarimga ishonmadim. Yangi uyni topshirish marosimiga borganda ko‘zlarimdan yosh tinmadi. Bu voqea menga umid berdi. Yaxshilik qilishga hamisha intilish zarurligini yana bir bor isbotladi.
Ijtimoiy yordamchilar — surdotarjimonlar yetishmaydi
Poytaxtimizda 3 ming nafarga yaqin eshitmaydigan insonlar bor. Qo‘shib aytganda, ular uchun 15 nafar surdotarjimon bor. Bu juda kam degani. Shundan kelib chiqib, viloyatlar va chekka hududlardagi holatni tasavvur qilish qiyin emas.
Menimcha, eshitish va gapirishda nogironligi bo‘lgan insonlarning farzandlari tayyor surdotarjimon bo‘lib voyaga yetadi. Chunki surdo tili bu bolalarning o‘z ona tilidek va ularga maxsus ta’lim ham shart emas. Imo-ishoralar orqali til chiqargan insonlar yaxshi mutaxassis bo‘lishiga aslo shubham yo‘q. Faqatgina bunday kishilarga imkoniyat va rag‘bat berish kerak. Moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga yaxshi ish o‘rinlari qilib berish orqali qiziqtirish mumkin, deb o‘ylayman.
Masalan, ikki xil tarjima bo‘ladi. Birinchisi, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki sinxron tarjima qilish, ya’ni televideniye orqali namoyish etilayotgan dasturlar yoki tadbirlarda so‘zlanadigan nutqni sinxron tarjima qilishdir. Ikkinchisi, bu tushuntirib berishga mo‘ljallangan tarjima. Aytaylik, eshitmaydigan inson rul boshqaruvida bo‘lsa va qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa yoki shifokor qabuliga borganda ularning muloqotiga ko‘maklashish, ikki shaxs o‘rtasidagi so‘zlashuvni bir-biriga tushuntirishdan iborat. Har ikki holatda ham mutaxassisga ehtiyoj seziladi. Ammo kam sonli surdotarjimonlar bilan ularning barchasini qamrab olish qiyin.
Eshitmaydigan insonlarni qabul qilishga tayyor bo‘lish kerak
Gapirish va eshitishda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘maklashish, ularning istagiga e’tibor qaratishni malol olmaslik tarafdoriman. Misol uchun, ular do‘konga kirganida tarjimonga ehtiyoj sezmaydi. Olayotgan narsalarining narxini yozib berish yoki kompyuterda ko‘rsatish orqali muloqot qilish mumkin.
Biroq shifokor huzuriga borganda tarjimonga ehtiyoj seziladi. Ana shunda ko‘proq gadjetlar orqali surdotarjimonlar bilan suhbatlashiladi. Ushbu holatda zamonaviy texnologiyalardan, turli ilovalardan foydalanish imkoni mavjud. Shifokor ozgina ortiqcha vaqtini ayamasdan, ilovaga fikrlarini, tavsiyalarini aytsa, ilova uni yozma ravishda ko‘rsatib beradi.
O‘tgan yildan boshlab eshitmaydigan bolalar o‘qiydigan maktablarda o‘qituvchilarga imo-ishora tilida dars berish kiritildi. Ungacha esa faqat nutqni rivojlantirish uchun muloqotlar olib borishgan. Bu sohada katta yutuq va burilish bo‘ldi. Davlat rahbarining tegishli qaror qabul qilindi va imo-ishora tiliga ko‘proq e’tibor berilyapti. Turli kurslar, tanlovlar tashkil etish bilan bog‘liq topshiriqlar qo‘yildi. Umuman, o‘zgarishlardan mamnunmiz. Prezident ko‘targan tashabbuslarning hayotga to‘liq tatbiq etilishi ham yana jamiyatga bog‘liq.
Masalan, shu takliflardan kelib chiqib, imo-ishora tili kursi ochdim. U yerga turli toifadagi va yoshdagi odamlar keladi. Surdo tilini o‘rganishni istaydiganlar ko‘p. Birinchi darsda ularning nima maqsadda imo-ishorani o‘rganishni istashlarini so‘rayman. Shunda bir qiz bir nechta tilni bilishini, ammo ko‘chada imo-ishorada so‘zlashuvchi odamlarga nafi tegmaganini aytdi. «Nega endi murakkab xorijiy tillarni o‘rgana olgan bir paytimda bu tilni bilmasligim kerak? Surdo tilini o‘rganish orqali ko‘cha-ko‘yda imo-ishorada so‘zlashuvchi odamlarga yordam bermoqchiman», degan javobni aytdi. Bu kabi misollar bitta emas. Demak, jamiyatimizda gapirish va eshitishda nogironligi bo‘lgan insonlarni qabul qilish dolzarblashmoqda.
Ular yumshoq odamlar
Hozir davlatimiz tomonidan ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan. Ishga va o‘qishga kirishda kvotalar berilgan. Faqat ularni ana shu imkoniyatlardan foydalanishga undovchi qo‘shimcha qo‘llar kerak. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi odamlarga ehtiyoji bor.
Ular juda yumshoq odamlar. Tez xafa yoki aksincha, oson xursand bo‘ladi. Oddiy narsalardan ham ta’sirlanishi mumkin. Tez yaxshi ko‘rib qoladi. Lekin ularning ko‘nglida qolish ham oson. Sababi, ular odamning ko‘ziga qarab, yuz ifodalariga qarab, his qila oladi. Atrofdagilar ularga yordamini ayamasa, ular orasidan ham noyob iqtidor egalari chiqishi mumkin.
Tasavvur qiling, siz biror bir jamoat joyidasiz. Atrofingiz esa gavjum. Ana shu paytda qanday shovqin eshitildi yoki nimadir voqea ro‘y berdi. Bu holatga hamma e’tiborini qaratadi. Lekin bularni eshitmagan yoki ko‘rmagan inson boshqalarning harakatlarini tushuna olmaydi. Buni anglash uchun uning tilini biladigan odamga ehtiyoj sezadi. O‘sha paytda kimdir ularga vaziyatni aytib bersa, naqadar yaxshi. Biroq aksariyat hollarda buning aksi bo‘ladi va bu eshitmaydigan yoki ko‘rmaydigan shaxslar uchun og‘ir. Sekin-asta jamiyatdan uzoqlashishga, tashqariga chiqmaslikka odatlanadi. Odamovi bo‘lib, jamiyatdan uzilib qoladi.
Shuning uchun kimgadir yordam qilish istagida kursimizga kelayotgan yoshlarni ko‘rib, juda xursand bo‘laman. Men ham ana shular qatorida kimgadir yordamim tegayotganidan baxtiyorman.
Eskicha qarashni yengish muhim
Karlar jamiyatida ishlaymiz va u yerga sovchilar ham kelib turadi. Ota-onalar «iloji bo‘lsa, gapiradigan qiz topib beringlar», deydi. Shunda hayron qolamiz. Ikki xil dunyoning odami bir-birini qanday tushunadi?
Mana shunaqa paytda xafa bo‘laman va onalarga tushuntirishga harakat qilaman. Baxt gapirish yoki gapirmaslikdamas, bir-birini tushunib yashashda, deyman. Lekin nogironligi bo‘lgan qizga sog‘lom yigit uylangani haqida eshitmaganman, ko‘rmaganman. Bizning mentalitetimizda shunaqa qarash bor. Go‘yoki erkaklarga hamma narsa mumkin. Agar ko‘ngil qo‘yib uylanishni xohlaydigan yigitlar bo‘lsa ham buni jamiyat qabul qilolmaydi.
Dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lganman va u joyda ko‘zi ojiz qizga sog‘lom yigit uylangani yoki eshitishda nogironligi bo‘lgan qizni olganini ko‘rganman. Bizda esa qo‘rquv bor. Gapirmaydigan o‘g‘liga gapirmaydigan qiz olib bersa, bolalari ham shunday tug‘ilishidan qo‘rqishadi. Aslida bu Yaratganning irodasi. Ikkita gapirolmaydigan odamning farzandi ham gapiradigan, ham eshitadigan bo‘lib tug‘ilishi juda ko‘p kuzatilgan. Yoki aksincha, sog‘lom odamlarning bolasi soqov bo‘lib dunyoga kelishi mumkin.
Ota-onangizdan uyalmang...
Bu haqida menga gapirish juda og‘ir... Jamiyatimizga bir ayol keldi. U farzand o‘stirgani, lekin bolasi u bilan gaplashishga uyalishini aytib, rosa yig‘ladi. Ko‘chada yurganda unga imo-ishora tilida gapirmaslikni, hamma ularga qarashidan uyalishini aytar ekan. Ana shunda men ayolga «keling, men sizning farzandingiz bo‘lay», dedim. Shundan keyin tez-tez jamiyatimizga kelib turadigan bo‘ldi.
Eng avvalo, gapirish va eshitishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari ota-onangizdan uyalmang. Ular sizni dunyoga keltirib, katta qilguniga qadar boshqalarga qaraganda ikki hissa ko‘proq qiynaladi. Kechasi bilan bolasi yig‘lasa, bilmay qolishdan qo‘rqib, uxlamay chiqadi. Ular bolasini sog‘-salomat ulg‘aytirishi uchun kechalari navbatchilik qilib chiqishiga to‘g‘ri keladi. Hammamiz bu dunyoga sinov uchun kelganmiz. Har qanday holatda ham ota-onamiz bizning eng katta boyligimiz. Hamma bizdan voz kechishi mumkin. Faqat ota-onalarimiz hamisha biz bilan qoladi. Dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan insonlardan uyalish — ojizlik.
Odamlarga tilagim, sizdan ming hijolatda yordam so‘ragan insonlarning ko‘ksidan itarmang. Ulardan ozgina vaqtingiz, mehringiz va e’tiboringizni ayamang.
Qiyinchiliklar, past-balandliklar, turli sinovlar... Gulnora Mahkamova bularning barchasini mardonavor yengib o‘tgan. Bu uning erishgan natijalarida, amalga oshirayotgan ishlarida, hayotga, odamlarga nisbatan munosabatida yaqqol ko‘rinadi. Istardikki, oramizda mana shunday irodali ayollar, onalar ko‘paysin.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 13.03.2023, №10