«Yangi O‘zbekiston»: Norma bir, talqin turlicha. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar qabul qilish vaqti keldi
«Yangi O‘zbekiston»: Norma bir, talqin turlicha. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar qabul qilish vaqti keldi

 

Qonun ijodkorligi Oliy Majlis faoliyatining eng muhim, asosiy yo‘nalishlaridan biri. Albatta, qonunlar inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu ma’noda, Oliy Majlisning bu boradagi faoliyat sifatini oshirib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentimizning 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni mazkur faoliyatga zamonaviy yondashuv va yangicha mazmun olib kirdi. Shu asosda izchil va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, yangi tartib-qoidalar joriy etildi.

Jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar qabul qilishning demokratik shakllarini joriy etish, qonun loyihalarini keng jamoatchilik vakillari muhokamalaridan o‘tkazish, shuningdek, xalqaro shartnoma va reytinglarga mosligini o‘rganishga ustuvor ahamiyat berildi. Bu samarasini berdi: oxirgi 6 yil ichida O‘zbekiston “Qonun ustuvorligi” (Rule of Law) indeksi bo‘yicha 5 hamda “Jahon boshqaruv ko‘rsatkichlari” (WGI) indeksida 24 pog‘ona yuqoriladi.

Mazkur soha rivojiga oid “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi hamda yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi kabi muhim qonunlar qabul qilindi.

Shu o‘rinda qonun ijodkorligining hayotga joriy etilgan ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tsak.

Yangi tahrirdagi qonun hujjatini qabul qilish o‘rniga yangi qonun hujjatini qabul qilish va bir vaqtning o‘zida amaldagi qonun hujjatini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish amaliyoti joriy etildi. Bu, o‘z navbatida, turli chalkashliklar va tushunmovchiliklarning bartaraf etilishiga olib keldi.

Shuningdek, qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarga mosligini o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa davlatimizning xalqaro maydondagi huquq va majburiyatlari to‘laqonli bajarilishiga, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligi oshishiga, umuman, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Muhim jihati, “qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart” degan ustuvor tamoyil asosida qonun ijodkorligi jarayoniga jamoatchilik jalb qilinmoqda. Qonun loyihalari keng muhokamaga qo‘yilib, fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflarini o‘rgangan holda tayyorlash, aholi o‘rtasida ochiq muhokamalar o‘tkazishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ular siyosiy partiyalarning hududiy organlari hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari bilan ham muhokama qilinib, takliflar olinishi bu yo‘nalishdagi faoliyat samaradorligini oshirmoqda.

Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan, ya’ni ijro etilishi uchun yana bir hujjat ishlab chiqilishi talab etilmaydigan qonunlarni qabul qilishga e’tibor kuchaydi. Bu kabi yangi yondashuvlar tatbiq etilishi natijasida qonun hujjatlarining natijadorligi va hayotiyligi oshmoqda.

Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi mas’uliyatini yanada oshirish uchun qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotganda tashabbuskor subyekt yoki uning vakili ma’ruza bilan chiqishi va himoya qilishi belgilandi. Bu qonun loyihasi sifatini yaxshilashga, subyektlarning ushbu jarayondagi faolligini yanada kuchaytirishga va muhokamaning jonlanishiga xizmat qilmoqda.

Jamiyatdagi o‘zgarishlar, islohotlar shiddati ortib boryapti. Ushbu jarayonlarning qonuniy bazasini o‘z vaqtida mustahkamlash zarurati nuqtai nazaridan qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish holatlari ko‘paymoqda. Shundan kelib chiqib, qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarining shakli hamda rasmiylashtirish tartibi takomillashtirildi. Ya’ni ularda ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini xalqimizga tushunarli, sodda, xalqchil va ravon tilda tushuntirishga qaratilgan muqaddima joriy etildi. Muqaddimada esa kiritilayotgan yangilikning sababi, maqsadi, zarurati va natijasi ochib beriladi.

Qonun ijodkorligi sohasida ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas. Jumladan, qonun loyihalaridagi havolaki normalar yoki ijtimoiy munosabatlarning aniq mexanizmlari ko‘rsatilmasdan, asosan, qonunosti hujjatlar bilan tartibga soladigan normalar ham qo‘llanilmoqdaki, bu amaliyotda huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilinishi mumkin.

Havolaki norma deganda u yoki bu qoidani qonun hujjatlaridagi boshqa moddalarga yoki ilgari qabul qilingan qonun hujjatlariga havola qilish yoxud normalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatish, ya’ni agar normaning o‘zida qoidalar belgilangan bo‘lmasa, ularni o‘zida mujassam etgan boshqa normaga havola etish tushuniladi.

Qonun hujjatlarida havolaki normalar bir necha maqsadda foydalaniladi. Jumladan, normativ ko‘rsatmalarning o‘zaro bog‘liqligini ifodalash zarurati bo‘lgan hollarda yoxud tartibga solingan munosabatni qayta takroran tartibga solishning oldini olish uchun qo‘llaniladi. Bundan ko‘rinadiki, havolaki normalar kerak. Faqat qonun darajasida belgilanishi lozim bo‘lgan qoidalarni qonunosti hujjatga havola etmaslik lozim. Sababi, havolaki normalarning xavfli jihati u yoki bu masalani tartibga solishni boshqa mansabdor shaxsning ixtiyorida qoldirishdan kelib chiqadi. Shuning uchun ham yuqorida ta’kidlaganimizdek, keyingi yillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qonun ijodkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq istiqbolli rejalar mavjud. Xususan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, ularning monitoringi va tartibga solish ta’sirini baholash hajmini oshirish, barcha uchun qulay, sodda va ixcham qonunchilik tizimini yaratish maqsadida bir qator samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilangan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 fevraldagi “Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan sohadagi qator masalalar o‘z yechimini topmoqda.

Avvalo, davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, 2 ta kodeks va 21 ta qonundagi 41 ta havolaki normani amalga oshirish bo‘yicha mas’ul ijrochilar va aniq muddatlar belgilangan.

Ikkinchidan, 2024 yil 1 martdan boshlab agar qonun loyihasida havolaki norma qo‘llanilsa, uni amalga oshirishning aniq muddati va mas’ul ijrochi loyihaning o‘zida majburiy tartibda belgilanadi. Ya’ni endi umumiylik, mavhumlikdan aniqlikka o‘tiladi.

Uchinchidan, qonunosti hujjatlar bilan tartibga solingan munosabatlarni qonun darajasiga ko‘tarish imkoniyatini muhokama qilish shartligi belgilanib, bu haqda qonun loyihasining tushuntirish xatida bayon etiladi.

To‘rtinchidan, qonunning samaradorligi, maqsadi va kutilgan natijalariga erishilganini aniqlash uchun qonun kuchga kirgan kundan boshlab besh yil o‘tib, mas’ul davlat organi va Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalari tomonidan uning tartibga solish ta’sirini baholash amaliyoti joriy etiladi.

Beshinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani ishlab chiqish jarayonida loyihani tayyorlashdan oldin xalqning fikri olinib, undan so‘ng loyiha umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Mazkur ijobiy tajribadan kelib chiqib, eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar endi xuddi shu tartib asosida ishlab chiqilishi belgilanmoqda. Bu orqali jamoatchilikning keng ishtiroki hamda hujjatning xalqchil bo‘lishi ta’minlanadi.

Umuman olganda, qonunlar xalq manfaati, fuqarolar uchun yaratiladi. Shunday ekan, uni hamma tushunadigan shaklda ishlab chiqish, qabul qilish va uni amalda qo‘llay olish imkoniyatini oshirish asosiy vazifa hisoblanadi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi o‘rinbosari,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«Yangi O‘zbekiston», 13.03.2023, 52

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish