Qonunchilikda kichkina masala bo‘lmaydi
Qonunchilikda kichkina masala bo‘lmaydi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Ma’lumki, mamlakatimizda sportni ommalashtirish, ayniqsa, boks, gimnastika, futbol, shaxmat va kurash kabi sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, sohada korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, me’yor hamda qoidalarni qabul qilish muhimdir.

Deputatlar qonun loyihasining muhimligini e’tirof etib, sportdagi korrupsiya holatlari, birinchi navbatda, sportchilar, havaskorlar, millionlab tomoshabinlarning sohaga ishtiyoqining yo‘qolishiga sabab bo‘lishini ta’kidladilar. Bu tabiiyki partiya elektorati bilan bog‘liq bo‘lgan masala hamdir. Minglab yoshlarni professional sportga jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilayotgan bir vaqtda korrupsiyaviy holatlar sportni rivojlantirishga to‘siq bo‘lishi bilan bir qatorda, teng huquqlilik prinsipi, adolat tamoyillarining buzilishiga ham olib keladi.

Loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi tegshli moddalar bilan to‘ldirilib, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi hamda sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Deputatlar taklif etilayotgan hujjat qonunchiligimizni ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishga, sport sohasida korrupsiyani bartaraf etishga xizmat qilishini ta’kidlab, loyihani bir ovozdan ma’qulladilar.

Yig‘ilishda, shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Shaharlar va shaharlar atroflarining bosh rejalari eskirgani va ularning yangi bosh rejalarini ishlab chiqish ko‘p vaqt talab etishi, investitsiya loyihalarini amalga oshirishni to‘xtatib turish imkoniyati yo‘qligi bois shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish talab etilmoqda.

Loyiha tashabbuskorlariga ko‘ra, Qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi va loyiha tashkilotiga loyihalash topshirig‘ini berish vakolatini taqdim etish nazarda tutilmoqda.

Deputatlar amaldagi me’yoriy hujjatlardan kelib chiqib, ayrim savollar bilan mas’ullarga yuzlandi.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Loyihada aytilyaptiki, O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aholini joylashtirish bosh tarhini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu ikki tushuncha almashtirilyapti. Bu yerda nima nazarda tutilmoqda?

Masalan, hududlarni rivojlantirishda bir qancha tushuncha bor. Biri hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yana biri respublikani hududiy rivojlantirish. Shuning uchun ham sizlar taklif etayotgan me’yorda aniqlashtirishga zarurat kelib chiqadi.

 

Alisher KARIMOV,

Adliya vazirining o‘rinbosari:

— Bu umumiy qoida sifatida kiritilyapti. Ya’ni, hududni rivojlantirishni rejalashtirish nazarda tutilgan. Qaysidir hududga ijtimoiy obyektlar joylashishi, boshqa bir hududga tadbirkorlik zonalarini tashkil etish bilan bog‘liq umumiy qoidalarni belgilashga qaratilgan me’yor hisoblanadi. Ushbu modda orqali qayerga tadbirkorlik subyekti kerak, qaysi joyda maktab bog‘chaga ehtiyoj borligidan kelib chiqib, hududni rivojlantirish rejasi tasdiqlanadi.

 

Deputat javobni eshitar ekan, masalaga oydinlik kiritdi. Uning ta’kidlashicha, ikkinchi o‘qishgacha moddani o‘zgartirib, O‘zbekiston Respublikasida hududiy rivojlantirishni rejalashtirish, deb yozish to‘g‘ri bo‘ladi.

Ushbu jihatdan qaralganda konsepsiyani ma’qullash mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, hududiy rivojlantirishni ishlab chiqish zarurligi, bunda demografik o‘sish, geografik joylashuv, iqlimi va boshqa barcha jihatlarni inobatga olish kerakligi qayd etildi.

Qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Bildirilgan takliflar kelgusi o‘qishgacha ko‘rib chiqilishi va o‘zgartirilishi aytilib, hujjat deputatlar tomonidan ma’qullandi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish