Ta’kidlash joizki, bugungi kunda aholi orasiga chuqurroq kirib borish, ularni tashvishga solayotgan masalalarni joyida o‘rganish, mavjud muammolarga mutasaddi tashkilotlar e’tiborini qaratish orqali yechimini topish, ijtimoiy ahamiyat kasb etgan masalalarni mahalliy Kengash sessiyasi yig‘ilishi muhokamasiga va hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Davlat Dasturiga kiritish orqali hal etish- barcha darajadagi mahalliy Kengashlar deputatlarining amaliy faoliyatiga aylanayotganligi hayotiy haqiqatdir.
Ayni maqsadlarda O‘zXDP Jizzax shahar Kengashi va partiya deputatlik guruhi tomonidan Qaliya mahallasida ochiq muloqot tashkil etilib, unda ushbu hududdan saylangan deputat Baxtiyor Toshpo‘latovning o‘tgan davrdagi faoliyati tahlil qilindi.
Tadbirda deputatning partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, aholini, ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlam manfaatlarini himoya qilishdagi samarali faoliyati, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy soha obyektlari (maktab, sog‘liqni saqlash)ni qayta qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bilan bir qatorda katta ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlariga bosh-qosh bo‘lganligi hamda aholi talab-istaklari asosida hududni ichimlik suvi va elektr ta’minotida bo‘lgan nosozliklarga barham berishda ko‘rsatgan beg‘araz yordamlari e’tirof etib o‘tildi.
Uchrashuv davomida fuqarolarning murojaatlari asosida aniq vazifalar qo‘yilgani holda shu kabi muloqotlarni kelgusida davom ettirish yuzasidan rejalar belgilab olindi.