Intilgan uysiz qolmaguncha...
Intilgan uysiz qolmaguncha...

 

Hech bir o‘zbekistonlik hech joyda o‘zini uyidagidek xotirjam sezmasa kerak. Oila uyda, xonadonda palak otib, unib-o‘sadi, kurtak yozib, gullaydi. Bir bizda emas, butun dunyoda uy-joy uchun yillab mehnat qilinadi.

O‘zbekiston ulkan paxta maydoniga aylanib qolgan mudhish davrda mamlakat mustaqil bo‘lib, ming-minglab oilalar tomorqaga, vatanga erishgan edi. Shu bo‘ldi, butun mamlakatda uy-joy bilan bog‘liq katta yangiliklar kuzatilmadi, vaziyat murakkablashib bordi. Yillar o‘tdi, oilalar ko‘paygandan ko‘paydi, yer ajratilmadi, yangi yashash joylar esa deyarli qurilmadi. Qishloq joylarda, hatto shaharlarning ichida ham imkon topgan oilalar majburlikdan uy ko‘tardi, hovli-joy qildi. Lekin qanchadan-qancha oilalar tiqilishib qoldi, dardi ichida yurdi, umumiy vaziyat ijtimoiy tanglik holatiga kelib qolgandi.

2019 yilda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida aholining ijtimoiy zaif qatlamiga arzon turar joylar qurilishini kengaytirish masalasi ham bejizga qo‘yilmagandi.

 

Nima uchun muhim?

Bejizga, dono xalqimiz uyi borning o‘yi bo‘lmaydi, deb aytmagan. Buni, o‘z uy-joyiga ega bo‘lmagan, yillar davomida shu orzu bilan yashagan odamlar ko‘proq his qiladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholi eng zich yashaydigan mamlakati hisoblanadi. Tabiiyki, tez o‘suvchi demografiya davlat oldiga odamlarni uy-joy bilan ta’minlash masalasini qo‘yadi. Qolaversa, o‘zbek xalqi o‘z uy-joyiga ega bo‘lishni birlamchi ehtiyoj sifatida hisoblaydi.

O‘tgan davrda aholining sonini o‘sish ko‘rsatkichi va uy-joylarni xarid qilish qobiliyati hisobga olinmaganligi natijasida aholida uy-joyga bo‘lgan uzoq yillik ehtiyoj yig‘ilib qoldi.

Aholi soni yildan-yilga oshib borayotgan bo‘lsa-da, 2016 yilgacha O‘zbekistonda, jumladan, poytaxtda yangi turar joylar deyarli qurilmadi. Xalq orasida “bank uylari” deb nom olgan ko‘p qavatli uylar esa garchi markaziy hududlarda qurilgani va sifati bilan ajralib tursa-da, qiymati aholi o‘rtacha daromadlari ko‘rsatkichlariga nisbatan ancha balandligi, ipoteka kreditlari berish xizmatining deyarli yo‘qligi bois, turar joyga bo‘lgan talabni o‘ta kichik foizga ham qanoatlantirilmasdi. Ipoteka kreditlari berilsa ham foizlari juda baland va talablari juda qattiq edi. Yangi uylar qurilmasligi natijasida turar joylarning narxlari aholi daromadalari bilan solishtirganda balandligicha qolaverdi.

 

Nimalar o‘zgardi?

Aholini uy bilan ta’minlash maqsadida 2017 yildan boshlangan islohotlar samarasida katta muammolar barham topmoqda. 2019 yilga kelib, ipoteka tizimi tubdan isloh qilindi. Bunda aholiga istagan uyni sotib olish imkoniyati yaratildi. Ipoteka dasturlari doirasida yiliga o‘rtacha 35 ming xonadonli uy-joylar qurilmoqda.

Aholini uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaror va Farmonlari hamda hukumat qarorlari qabul qilindi. Natijada mamlakatning barcha go‘shalari keng ko‘lamli qurilish maydoniga aylandi. Respublikamizning qaysi hududiga borsangiz, albatta, bunyodkorlik ishlariga, zamonaviy uy-joy va binolar qurilishiga guvohi bo‘lasiz. Hozirda eski shahar o‘rnini yangi va zamonaviy uy-joylar va aholiga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilma obyektlari egallamoqda.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat budjeti mablag‘laridan subsidiyalar to‘lanishi belgilandi. Bularning hisobiga hududlarda 6 mingta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 250 ming oila yangi boshpanali bo‘ldi.

Daromadi yuqori bo‘lmagan 45 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovi uchun 2,4 trillion so‘mlik subsidiya berildi. Jumladan, o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘yicha 85 mingta yoki 2022 yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p xonadon qurildi. Aholiga 17 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi.

 

Yoshlarga e’tibor

Davlat rahbari 2022 yil 20 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida yangi ipoteka dasturi masalasiga to‘xtalib o‘tgan edi. Dastur doirasida birinchi navbatda turar joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar qurilishi belgilandi.

Dastur doirasida:

– imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yil davomida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan oilalarga, 15 foiz miqdorda boshlang‘ich to‘lov asosida 20 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida realizatsiya qilinishi;

– uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga imtiyozli uy-joylar bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovining bir qismini qoplash uchun – qat’iy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, oylik to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun – besh yil davomida har oylik qat’iy belgilangan 1 million so‘m miqdorida Davlat budjeti hisobidan subsidiyalar berilishi nazarda tutildi.

Yosh oilalarga uy-joy ajratish shartlari 2020 yil va keyingi yillar uchun shaharlarda va qishloq joylarida 1 yillik imtiyozli davr bilan hamda dastlabki 5 yil davomida har yili foiz stavkasi qat’iy belgilangan 7 foizdan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir me’yorda oshib boradigan stavkada berilishi belgilandi.

Ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qo‘shimcha 2 mingta kvota ajratilib, ushbu maqsadlar uchun budjetdan 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan to‘liq ozod qilindi.

Daftarlarga kirgan oilalarning yangi turmush qurayotgan farzandlariga o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy tiklab olishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

 

Xotin-qizlarga e’tibor

Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarimiz ko‘zida og‘ir mung bor edi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan, ijarama-ijara sarson yurgan, kamiga nogironligi bo‘lgan ayollardan hol so‘ralmadi. Ularning dardi ichida edi.

Insonparvarlik siyosati asosida qiyin dovonlardan o‘tilmoqda. Nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uchun arzon uylar qurish va ularga berish tartibi joriy etildi.

Xotin-qizlarga ajratilgan 6 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari hisobidan 25 mingdan ziyod oilalar o‘z uyiga ega bo‘ldi. 6 ming 200 nafar ayolga uy-joy sharoitini yaxshilash va kreditning boshlang‘ich badalini to‘lash uchun subsidiya ajratildi.

Uy-joyini ta’mirlashga muhtoj, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan 5 ming 140 nafar xotin-qizga moddiy yordam ko‘rsatildi. Noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan 11 ming xotin-qizga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi, ularning 4 ming 769 nafari imtiyozli arzon uy-joy bilan ta’minlandi.

 

Yetim bolalar, ota-onadan mahrum bolalar

Bunday bolalarni qonunchilikka muvofiq ijtimoiy himoyalash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor bor.

Xususan, 2021 yildan boshlab mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tizimining joriy etilishi bu borada katta yangilik bo‘ldi.

Mazkur tizimga muvofiq:

– uy-joyga muhtoj va 18 yoshga to‘lgan yetim bola uchun (25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan) 1 xonali, ular o‘rtasida tuzilgan oila uchun (50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan) 2 xonali uy-joylar ajratila boshlandi. Bunda, uy-joy yetim bolaning xohishiga ko‘ra, uning qarindoshlari yashaydigan yoki boshqa hududda yangi qurilgan ko‘p kvartirali uylardan, nogironligi bo‘lgan yetim bolalarga esa birinchi qavatdan «onlayn navbat» (2022 yil 1 sentabrdan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri») asosida ajratilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bunda o‘quv-tarbiya muassasalari va tuman (shahar) hokimliklari bolalarni muassasada bo‘lish muddati tugashidan bir yil avval uy-joyga muhtoj sifatida «onlayn-navbat»ga kiritib boradi.

– yetim bolalarga uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi bilan, biroq bola 30 yoshga to‘lgunicha uni sotish, garovga qo‘yish, ijaraga berish, oila a’zosi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga qo‘yish huquqisiz berilmoqda.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan bir qancha o‘zgarishlar natijasini bermoqda. Xususan, mazkur qonunga yetim yoki butunlay yolg‘iz bolalar o‘zlari ilgari yashagan turar joy maydoniga ega bo‘lish yoki qonunchilikka muvofiq turar joy olish huquqiga ega, degan me’yor kiritildi.

2020 yil yakunlariga ko‘ra, 610 nafar “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari turar joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2021 yilda Davlat budjetidan 120 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, 757 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola uy-joy bilan ta’minlandi. 2022 yilda esa 397 ta uy-joy xarid qilingan. Shu maqsadda Davlat budjetidan 57 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Joriy yilning 20 fevral kuni Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilib, istiqboldagi vazifalar yanada aniqroq belgilab berildi.

Ayniqsa, yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlash masalasida viloyat hokimlarining mas’uliyati oshirilmoqda. Jumladan, 1 iyunga qadar navbatda turgan 500 nafar yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlash uchun hokimlarning shaxsan mas’ul ekani belgilandi. Bu masalada hokimlar va Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘zaro hamkorlikda ish olib boradi. Bunda hokimlar – yetim bolalar uchun uy-joy topish va ularni joylashtirishga, Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa uy-joy sotib olishni moliyalashtirishga mas’ul bo‘ladi.

 

Yangilangan Konstitutsiya va yangi normalar

Uy-joyli bo‘lish huquqi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 47-moddasida “Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega” ekanligi belgilandi.

Mazkur modda bilan uy-joy mulkdorlariga nisbatan ikki turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilanmoqda. Bular – sud kafolati va uy-joy uchun kompensatsiya olish kafolatlaridir.

Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Bu kafolat uy-joyga nisbatan mulk huquqi mulkdorning xohishidan qat’i nazar, majburiy tarzda bekor bo‘layotganda qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Mazkur tartib mulkdor har qanday holatda ham asossiz ravishda uy-joyidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.

Ikkinchi kafolat mulkdorning iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yo‘naltirilganligi bilan e’tiborlidir. Mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorning shu uy-joy va yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi.

Normaning yana bir xususiyati aholining ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash masalasidir. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilandi.

 

Ayrim xulosalar

Fakt va dalillar, islohotlar ko‘lami Xalq demokratik partiyasi dasturida belgilab olgan vazifalarga bosqichma-bosqich erishilayotganini ko‘rsatmoqda.

Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. Har bir islohot, ko‘zlangan maqsad va belgilangan kafolat har doim ham biz kutgandek, biz o‘ylagandek bo‘lavermaydi. Jumladan, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini turar joy bilan ta’minlash nazarda tutilgan qonun hujjatlarida turar joy bo‘sh, alohida, qulay va shinam bo‘lishi, belgilangan sanitariya va texnik me’yorlarga, qonun hujjatlarining boshqa talablariga javob berishi lozimligi belgilangan. Bunday qonuniy talablar ko‘p hollarda buzilayotgani, joylarda bolani uyli qilish emas, boladan tezroq va osonroq qutulish payida bo‘linayotgani kuzatilmoqda.

Qonun hujjatlarining o‘z vaqtida va belgilanganidek bajarilishi uchun hukumat tashabbusi bilan birga, deputatlik, jamoatchilik nazorati ham teng olib borilishi kerak. Bunda siyosiy partiyalarning o‘rni beqiyosdir. Demak, bu masalaga yanada ko‘proq vijdon, yanada kengroq ko‘ngil bilan yondashish zarurati sezilmoqda.

 

Abror QURBONOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 20.03.2023, №11-12

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish