O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni e’zozlash – insoniy fazilatdir!

 

Xabaringiz borki, Vazirlar Mahkamasining 11 mart kungi qarori bilan “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni e’tirof etish, individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejasini tasdiqlash va monitoring qilishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning oddiy va murakkab harakatlarni amalga oshirish imkoniyati baholab borilishi belgilandi. Individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil ravishda harakatlanish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosida haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun qonunchilikka muvofiq moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi. Bu bejizga emas, albatta. Chunki keksa-nuroniylar xonadonimiz ko‘rki, dasturxonimizni esa fayzu-barakoti, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksa-nuroniylarning qilgan xayrli duosi hayotimiz, oilalarimiz, Vatanimiz hamda yo‘limizni nurafshon etib turadi, yaxshi ishlarga undaydi.

Darhaqiqat, yoshi ulug‘ o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni e’zozlash va ularni qadrlash, ularning hurmatini o‘rniga qo‘yish bizning uzoq asrlik urf-odatlarimiz, milliy an’analarimiz hamda yashash tarzimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan. Bu birinchi navbatda keksa avlod vakillariga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va e’tiborni kuchaytirish bo‘lsa, ikkinchidan yosh avlod uchun ulkan tarbiya va tajriba maktabi bo‘ladi.

Bugungi kunda respublikamizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarning soni 18 417 nafarni tashkil etadi. Asosan ularni yolg‘izlik, salomatlik va xavfsizlik masalalari, harakatlanish cheklangani, kundalik yumushlarida qiyinchiliklarga duch kelayotgani, o‘zgalar parvarishiga muhtojligi kabi bir qator muammolarga uchrashi mumkin. Bularning oldini olish maqsadida, endilikda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining mahallalardagi ijtimoiy xodimi, patronaj hamshira va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni doimiy aniqlash ishlarini amalga oshiradi va bunday shaxslarni reyestrga kiritish bo‘yicha “Inson” markaziga maxsus shakldagi so‘rovnomani yuboradi.

Shuningdek, individual ijtimoiy xizmatlar rejasida belgilangan xizmatlarning ko‘rsatilgan muddati, natijasi, sifati, samaradorligi, bexatarligi mas’ul xodim tomonidan baholansa, ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchi tomonidan xizmatdan qoniqish hosil qilganligi darajasi shaffof tarzda baholanadi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga davlat sport tadbirlariga, teatr va muzeylarga kirish bepul etib belgilanadi, davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida tashkil etilgan sport to‘garaklarida bepul shug‘ullanadi, yashash joyida dezinfeksiya tadbirlari, yashayotgan joylarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari tomonidan bepul amalga oshiriladi.

Inson insonga g‘animat aslida. Shunday ekan har birimiz bu kabi islohotlarga bosh qo‘shishimiz, befarq bo‘lmasligimiz zarur. ana shunda o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilarning ko‘ngli to‘ladi, hayotidan va albatta odamlardan rozi bo‘ladi. Qariyalar qadr topgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami e’zozlangan xonadon va mustaqil diyorda hamisha mehr-oqibat, qut-baraka hamda tinchlik-xotirjamlik bo‘laveradi.

 

O‘rol O‘RAZBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy

masalalar qo‘mitasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish