Tadbirkor, ish beruvchi qanchalik mas’uliyatli?
Tadbirkor, ish beruvchi qanchalik mas’uliyatli?

 

Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan biror-bir uchrashuv, yig‘ilish yo‘qki, unda bandlikni ta’minlash, odamlarning turmush tarzini yuksaltirish masalasi tilga olinmasa.

Odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi bevosita ushbu jihatlarga bog‘liqdir. Shuni inobatga olgan holda, ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga oid tizimli chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Ish o‘rni yaratib, jahon bozoriga milliy mahsulotlarimizni olib chiqayotgan har bir tadbirkorning huquq va manfaatlari qonun bilan kafolatlangan. Bandlikni ta’minlashga hissa qo‘shayotgan, o‘zini o‘zi band qilayotgan kishilarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar ham keng.

Ammo tadbirkorlarning zimmasida o‘ziga yarasha mas’uliyat va majburiyatlar ham borki, ba’zi hollarda bular bajarilmay qolmoqda. Imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, shaxsiy daromadini oshirish bilangina cheklanib, mehnatidan foydalanayotgan xodimlarini unutib qo‘yayotgan, ularning haq-huquqlarini ta’minlash, soliqlarni o‘z vaqtida va shaffof ravishda to‘lab borishni istamaydiganlar oz emas.

 

Joriy 29 yanvar kuni uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar, shuningdek, 12 fevral kuni qishloq xo‘jaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Ushbu yig‘ilishlarda aynan bandlik va xodimlarning xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni, sohalar kesimidagi vazifalar tanqidiy tahlil qilinishi bilan birga, qurilish sohasi hamda qishloq xo‘jaligida ish o‘rinlari va tovar aylanmasini «soyadan» chiqarish zarurligi ta’kidlangan.

Yollanma ishchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi ham ustuvorlik kasb etadi. Ya’ni, minglab qurilish tashkilotlarining aksariyatida rasman sanoqligina xodimlar bor, xolos. Biroq yuzlab yollanma ishchilar konvertda haq olyapti. Qancha olayotgani, miqdorning kam-ko‘pligi o‘zlarigagina ma’lum. Bu ham mayli, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash, xavfsizligini sug‘urtalash kabi masalalar ham «soyada» qolib ketmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, fevral oyida tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi mazmun-mohiyatini yetkazish hamda uni aniqlash mezonlari bilan tanishtirish maqsadida qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ishtirokida seminar o‘tkazildi. Qator vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mas’ullari qatnashgan tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mamlakatimizda qurilish sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari 34,5 mingtani tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Ularning 24,1 mingtasi qurilish, 10,4 mingtasi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ri keladi. E’tiborlisi, ushbu korxonalarda 417 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlangan bo‘lib, 2023 yilning o‘zida ular tomonidan jami 150 trln so‘mga yaqin qurilish ishlari amalga oshirilgan.

Biroq shu qadar katta ishlarni amalga oshirgan odamlarning soni va unga sarflangan mehnat rasmiy ro‘yxatga olingandan tubdan farq qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish korxonalariga o‘rtacha 9 nafardan, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga esa 14 nafardan ishchi to‘g‘ri kelmoqda. Tahliliy o‘rganishlardan 10 947 ta korxonaga -1 nafardan, 4 219 ta korxonaga - 2 nafardan, 5 585 ta korxonaga esa 4-10 nafardan ishchi xodim to‘g‘ri kelayotgani ma’lum bo‘lgan.

Vaholanki, amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bu raqamlarning bir necha barobar ko‘p bo‘lishi kerak ekanini ko‘rsatib turibdi.

Demak, davlat rahbari ta’kidlagan «soya»dagi iqtisodiyot ushbu sohalar kesimida yaxshigina avj olgan. Tadbirkor vijdonli va halol bo‘lishi zarurligi haqida gaplar qancha takrorlanmasin, buni o‘ziga olayotganlar va qonun talablari asosida ishini rivojlantirayotganlar ko‘p emas.

Ikkinchidan, minglab odamning mehnat huquqlari himoya qilinmay qolmoqda, adolatli mehnat haqi to‘lanishi ham kafolatlanmagan.

Yana bir eng muhim jihati esa bunday yondashuv odamlarning ishga bo‘lgan munosabatining susayishi, hafsalasining so‘nishiga olib kelyapti.

To‘g‘ri, xodimlar ishlamay qo‘ymaydi. Bolasini boqish kerak, kredit to‘lovlari bor, majbur ish beruvchining shartlariga ko‘nib ishlayapti. Aslida ich-ichidan mehnatdan ko‘ngli sovigan odam ishini ham qo‘l uchida bajaradi, yurakdan qilmaydi. Sababi, uning ijtimoiy himoyasi, dam olish huquqi kafolatlanmagan. Oqibatda bu holatlar yoshlarning ijtimoiy kayfiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bir necha marta adolatsizlikka uchragan xodimda yomon energiya yuzaga keladi.

Shu sababli ham tadbirkorlar masalaning har tomonini chuqur o‘ylab ko‘rishi zarur. Chunki ular ish beruvchi. Xodim esa uning ishi yurishiga, ishlab chiqarayotgan mahsuloti yoki qurilayotgan imorati sifatli bo‘lishiga, daromadi oshishiga asosiy hissa qo‘shuvchi shaxsdir. Demak, har ikki tomon ham bir-biridan manfaatdor. Ammo tadbirkor zarur sharoit, munosib ish haqi hamda ijtimoiy himoyani ta’minlamasa, shunga yarasha xodimdan javob qaytadi.

Davlatdan katta imtiyoz va imkoniyat olayotgan tadbirkorlar o‘z xodimlariga ham shunga loyiq munosabatda bo‘lishi ham qonun oldida, ham insoniylik nuqtai nazaridan adolatli bo‘ladi.

Mazkur masalada sohaga aloqador kishilarning fikrlari bilan qiziqdik. Yollanma ishchilarning huquq va manfaatlari bilan bog‘liq qonunchilikni takomillashtirish yoki yangi qonun ishlab chiqarishga ehtiyoj bormi? Ushbu yo‘nalishdagi mehnat qonunchiligi me’yorlari, xalqaro amaliyotda yollanma ishchilarning huquqlari qanday himoyalanadi kabi savollarga javob oldik.

 

Laziz QARSHIYEV,

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Mehnatga haq to‘lash va mehnat standartlari boshqarmasi boshlig‘i:

— Bir qator tadbirkorlar fuqarolarni ishga olganda rasmiylashtirmaydi. Bu esa o‘z navbatida davlatga to‘lanayotgan soliq, davlat tomonidan fuqarolarga kafolatlangan xizmatlarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslikka olib keladi. Tadbirkorlar o‘z foydasini ko‘zlab fuqarolarning xavfsizligi, keyingi hayotini murakkab ahvolga solib qo‘yishini o‘ylamaydi.

Ikkinchidan, o‘z sog‘lig‘i, huquqi va kelajagiga qanday ta’sir qilayotganini yollanma ishchilarning o‘zi tushunib yetmayapti.

Bu borada qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki yangi hujjat ishlab chiqish haqida gap ketganda, qonun ustuvorligi ta’minlanishi zarur, deb o‘ylayman. Ayrim tadbirkorlar tomonidan mavjud imtiyozlardan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari uchramoqda. Masalan, xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzmagan holda og‘zaki kelishuv bilan munosabat o‘rnatilyapti.

Qurilish obyektida davlat mehnat inspektorlari o‘z vazifasini bajarish, ya’ni tekshirish o‘tkazish uchun hujjatbozlik, ruxsat olish kabi bir qancha bosqichlari bor. Menimcha, o‘shalarni kamaytirish, soddalashtirish kerak. Masalan, Biznes ombudsmaniga mehnat inspektori tomonidan yetarli asos taqdim etilmasa, tekshirish o‘tkazish qolib ketadi.

Fuqarolarning huquqlarini ta’minlanish avvalo har bir shaxsning o‘ziga bog‘liq. Shu sababli targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozim, deb o‘ylayman. Shartnoma tuzmagan holda ishlash qanday muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligi, xususan, pensiya ta’minotiga oid huquqlaridan mahrum bo‘lishi, ish beruvchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan nohaqlikni isbotlash bilan bog‘liq huquqlari kamayib ketishini tushuntirish kerak.

Masalan, Yevropa davlatlarida mehnat huquqlarini muhofaza qilishga doir nazorat organlarida shunday vakolatlar borki, inspektorlar faqatgina ish vaqtida emas, kunning istalgan paytida xohlagan tashkilotga, ogohlantirishsiz, o‘z vakolat doirasida o‘rganish va tekshirishlarni olib borish uchun kirish huquqi berilgan. Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalarida ham bu holat ko‘rsatib o‘tilgan. Mana shu xalqaro tajribani qo‘llash haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

 

Dilbar MAMADJANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Mehnat daftarchalarining yuritilishi talab qilinsa, o‘shandagina fuqarolarning haq-huquqlari ta’minlangan bo‘lar edi. Shu bilan birga, ish o‘rinlarining soni, «soya»dagi tovar almashinuviga chek qo‘yiladi.

Xodim faqat bugunini o‘ylayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo ayrim tadbirkorlar tomonidan mana shunday shart qo‘yilmoqda. Ya’ni, mehnat daftarchasi ochmasdan, ishlashga rozi bo‘lsagina ishga qabul qilish holatlari ham uchramoqda. Masalan, qishloq joylarni oladigan bo‘lsak, fermer xo‘jaligi deymizmi, klastermi, ular ham vaqtinchalik ish faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga mehnat daftarchasi yuritmasdan, ma’lum muddatga ishga qabul qilishyapti. Tabiiyki, mazkur holat ma’lum bir soliqlarni yashirishga sabab bo‘lyapti.

Vaholanki, Mehnat kodeksida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha hammasi belgilangan. Masalan, yollanma ishchilarning qaysi tartibda ishlashi kerakligi yoki shartnoma asosida ishga qabul qilish masalalari, kasanachilik bo‘yicha qanday faoliyat yuritishi mumkinligi qayd etilgan. Faqatgina fuqarolar «ishlashim kerak, pulga ehtiyojim bor», deydi-da konvert usulida haq olishga rozi bo‘ladi. Ammo ularning ijtimoiy himoyasi, xavfsizligi, ertangi kunga pensiya ta’minoti inobatga olinmaganini bilmaydi yoki o‘ylamaydi.

Shu sababli yangi qonunga ehtiyojimiz bor. Ya’ni, yollanma ishchilarning huquq, majburiyatlari hamda ularning ijtimoiy himoyasini o‘z ichiga oladigan qonun ishlab chiqilishi lozim. Vaqtinchalik ishlaydigan yollanma ishchilarning faoliyatiga oid barcha masalalar o‘sha qonunda qamrab olinishi zarur. Balkim, shundagina hech qanday hujjatsiz yollanma ishchi sifatida mehnat qilish holatini cheklashga erishish mumkin.

Agar chet el tajribasini, misol uchun, Germaniya, Fransiya, Italiya davlatlarini ko‘radigan bo‘lsak, yirik-yirik korxonalar o‘zlarining autsorsing yoki autstaffing kompaniyalarini tuzadi va shular orqali yollanma ishchilarni qonuniy tarzda ishga qabul qiladi. Bu tajriba bizning yurtimizda ham bor. Ularning faoliyatini yanada jonlantirish va kengaytirish talab etiladi.

Autsorsing nima degan savolga kelsak, bu biror firma faoliyatiga xizmat ko‘rsatish funksiyasining bir qismini boshqa bajaruvchi tashkilotga berishni anglatadi.

Bizda ham xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, yollanma ishchi bilan shartnoma tuzishda uning o‘zi kim, uni qaysi tartibda ishga olish mumkin, degan savollarga javob olish imkoni yuzaga keladi. Shundan kelib chiqib, Mehnat kodeksidagi ba’zi normalarni yollanma ishchilarning huquq va majburiyatlariga oid qonunga singdirish kerak, deb o‘ylayman.

 

Bahodirjon QAHHOROV,

Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i vasifasini bajaruvchi:

— Konvensiyaning implementatsiya qilinishi bilan bizning qonunchiligimizda mehnat inspeksiyasi tadbirkorlik subyektlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekshirish huquqiga ega deb yozilgan bo‘lsa-da, bir nechta me’yoriy-huquqiy hujjatlarda xat bilan kelishilgan holda yoki ruxsat so‘ralgan holda amalga oshirish, deb belgilangan. Hozirgi kunda tashkil etilayotgan tekshiruvlarni kelishilgan holda olib boryapmiz. Shunga qaramay qator tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Misol uchun, 2023 yilda Biznes ombudsmani hamda uning joylardagi vakolatli organlari tomonidan 100 dan ortiq mehnat inspektoriga nisbatan sudga murojaatlar bo‘lgan. Ularda o‘rganish va tekshirishlar noto‘g‘ri o‘tkazilgani ta’kidlangan.

Birgina Toshkent shahrida 13 nafar mehnat inspektoriga nisbatan da’vo arizalari kiritilgan. Biz sudda yutib chiqdik. Sababi, bizning xodimlar ishini to‘g‘ri bajargani isbot qilindi. Biroq bizdan mehnat inspektorlarining haqligini isbotlashga ko‘p vaqt, ko‘p kuch olyapti.

Agar qonunchiligimizda mehnat inspeksiyasi xodimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekshirish o‘tkazish huquqi belgilab berilsa, menimcha, fuqarolarning mehnat sohasida huquqlarini himoya qilishning yangi bosqichiga chiqarish va to‘liq ularni qamrab olishga imkon yaratiladi. Shu bilan birga, Biznes ombudsmaniga tekshirish o‘tkazish bo‘yicha asoslangan murojaat qilamiz, shundan keyingina ularning ruxsati bilan tadbirkorlik subyektiga kirishga haqqimiz bo‘ladi.

Aksincha, ish beruvchi mehnat shartnomasini rasmiylashtirmasdan yollanma ishchining mehnatidan foydalanishda davom etsa, yashirin iqtisodiyot rivojlanib ketaveradi. Tadbirkorlar, ish beruvchilarning javobgarligini kuchaytirish zarur bo‘ladi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 3.04.2023, №14

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish