Deputatimiz chinozlik ayollar bilan uchrashdi
Deputatimiz chinozlik ayollar bilan uchrashdi

 

Oliy Majlis Senati Raisi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi respublika ishchi guruhi xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarning borishi bilan tanishish va aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida bo‘ldi.

“Birlik” MFYda xonadonma-xonadon yurib, ishsiz xotin-qizlar, ularning bandligini ta’minlashga oid ehtiyojlari, imkoniyatlari, tadbirkorlikka qiziqishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarning dastlabki natijalari tahlil qilindi. O‘rganish jarayonining o‘zida 54 nafar ayolning bandligi ta’minlangani, 11 nafariga kredit ajratilib, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinganligi aytib o‘tildi.

616 ta xonadonga ega mahallaning drayveri issiqxonachilik bo‘lib, 90 foizdan ziyod xonadon aynan shu yo‘nalish orqali daromad topadi. O‘tgan yilda mahalladagi issiqxonalarda yetishtirilgan 30 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportga chiqarilgan.

Mahalla yettiligi bilan kechgan suhbat jarayonida kambag‘allikni qisqartirish, buning uchun oilaviy tadbirkorlikni, tomorqachilikni, mahallada xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, ayniqsa xotin-qizlar orasida qo‘shimcha kasblarga o‘qitish va ish bilan ta’minlash orqali norasmiy bandlik ulushini kamaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, yettilikning o‘zaro hamkorligi, masalalarni birgalikda bir tizim bo‘lib, hal etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shu yerning o‘zida xatlov jarayonida aniqlangan ehtiyojmand ayollar bilan ham muloqot o‘tkazildi. Ayni paytda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga yaratilayotgan sharoitlar, ta’lim olishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun berilayotgan imtiyozlar haqida batafsil tushuncha berildi. Tikuvchilik hunari bo‘lgan 9 nafar ayolga o‘zini-o‘zi ish bilan band qilib, oilasiga qo‘shimcha daromad keltirish imkoniyatini yaratish maqsadida tikuv mashinalari taqdim etildi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish