Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zXDP fraksiyasi rahbari U.Inoyatov va bir guruh deputatlar Surxondaryo viloyati Termiz shahrida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Shunday uchrashuvlarning biri “O‘zbekiston” MFYda mahalliy Kengash deputatalari, "mahalla yettiligi" ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda dastlab mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasida qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati yuzasidan keng ma’lumotlar berildi.
Xususan, Qonunchilik palatasida yaqinda qabul qilingan —“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan normalarning ahamiyati tushuntirildi.
Qayd etilganidek, qonun bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etishning aniq tartiblari belgilanmoqda. Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etishning huquqiy asoslari belgilab berilyapti.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan taqdirda, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Muloqotlar jarayonida qonundagi normalar yuzasidan ishtirokchilarning savollariga deputatlar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori haqida ham batafsil tushunchalar berib o‘tildi.
Uchrashuvlar davom etmoqda.