Prezidentlikka nomzod Xorazm viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi
Prezidentlikka nomzod Xorazm viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvini Xorazm viloyatida o‘tkazdi.

Jamoat tashkilotlari a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari, yoshlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vakillari uchrashuvda ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Xorazm viloyat kengashi raisi Rahimbergan Yusupov olib bordi. Ishonchli vakil saylovchilarga nomzodning tarjimai holini o‘qib berganidan so‘ng, nomzod so‘zga chiqib, dasturidan o‘rin olgan taklif va tashabbuslar mazmuni saylovchilarga tushuntirib berdi.

Jumladan, nomzodning Saylovoldi dasturida davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish g‘oyalariga urg‘u berilgan.

Ma’lumki, ijtimoiy davlatni barpo etish aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirishga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlashga, umuman inson manfaatlari bilan bog‘liq huquqlarini adolatli hamda demokratiya tamoyillariga asoslangan holda himoya qilishga xizmat qiladi. Shu sababdan ham nomzodning dasturidan bu masala o‘rin olgan.

Dasturda davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni muvofiqlashtirish hamda tartibga solish bo‘yicha tizimni shakllantirish uchun iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha barcha jabhalarda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, ushbu jarayonlarni aholining barqaror, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarida bandligini oshirish, mehnat muhofazasi, ishlab chiqarishning ekologik tozaligini ta’minlash bilan uyg‘unlikda olib borish orqali jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish ko‘zda tutilgan.

Nomzodning dasturida aholi muammolarini hal etishning eng samarali va adolatli shakli sifatida mahalla tizimini rivojlantirish, ma’muriy, ijtimoiy, ekologik, madaniy va boshqa muammolarni hal etishda uning to‘liq ishtirokini ta’minlash borasida ilgari surilgan g‘oyalar ham diqqatga molikdir.

Zero, demokratik davlatda mahalla o‘zining ta’sir ko‘rsatish usullari orqali inson huquqlarini himoyalash, fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida katta ahamiyatga ega.

Uchrashuvda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotining asosi sifatida barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlashga qaratilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish hamda mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslarini yanada rag‘batlantirishga dasturda alohida urg‘u berilgani aytib o‘tildi.

Fuqarolarning kasbiy tayyorgarligi, qayta tayyorlanishini tashkil etish va rag‘batlantirish, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sohalarni hamda o‘zini o‘zi band qilgan deb hisoblanadigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish bilan bog‘liq takliflar ishsizlik, ijtimoiy tengsizlik kabi muammolarning natijador yechimi sifatida ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotning barqaror rivojini kafolatlaydi.

Uchrashuv samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Unda saylovchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi. Nomzod ham saylovchilarning savollariga birma-bir javob qaytardi va fikr-mulohazalarini tingladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati.

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish