Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida Oqdaryo tumanidagi «Pure milk Oqdaryo» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, bu yerdagi mirishkorlar bilan suhbatlashdi. Prezident tashrifidan so‘ng muxbirimiz mazkur xo‘jalik rahbari Vohidjon Turdiyev bilan uchrashib, uning taassurotlari bilan qiziqdi.
— Men uchun bu kun bir umrga unutilmas bo‘lib qoladi, — dedi Vohidjon Turdiyev. — Davlatimiz rahbarining dalamizga tashrif buyurishi, amalga oshirayotgan ishlarimiz bilan tanishishi va asosiysi, turmush sharoitimiz, ish faoliyatimiz bilan qiziqishi qalbimga quvonch bag‘ishlab, g‘ayratimizni oshirib yubordi. Prezidentimiz mendan tomchilatib sug‘orishning afzalliklari nimada ekanligini so‘radi. Men bilganimcha javob berdim. Suvning isrof bo‘lmasligi, g‘o‘zaning aslo chanqab qolmasligini aytdim.
Qanday qilib odamlarning daromadini oshiramiz, degan savol meni qiynaydi, dedi Prezidentimiz xo‘jaligimiz dalasidagi uchrashuvda. Bu juda chuqur savol. O‘ylashimcha, har bir hudud, har bir soha o‘z aravasini o‘zi tortishni o‘rganishi, buning uchun aniq reja-tadbirga ega bo‘lishi kerak. Masalan, qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish, xomashyoni qayta ishlashni kuchaytirish zarur. Bunga erishilsa, daromad oshadi, ish o‘rinlari ko‘payadi.
Ochig‘i, Prezidentimiz qanday hayot kechirayotganimiz, ro‘zg‘orimiz to‘kisligi bilan qiziqdi. Paykallarda yashnab turgan g‘o‘zalarga qarab, kutilayotgan hosildorlik haqida so‘radi.
— Gektaridan kamida 45 sentnerdan hosil kutyapmiz, — dedim.
Nazarimda, Prezidentimiz mening bu javobimdan qoniqmaganday, 45 sentnerning marra emasligini eslatganday bo‘ldi. Kechadan buyon qalbimda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga hissa qo‘shishda yanada faol bo‘lish fikri tinchlik bermaydi. To‘g‘ri-da, mamlakat rahbari bilan uchrashish, suhbatlashish har qanday kishiga, har bir kasb egasiga ham nasib etavermaydi. Men esa ana shunday sharafga muyassar bo‘ldim. Bundan buyon bor kuch-quvvatimni, bilim va tajribamni tanlagan sohamning rivojlanishiga sarflayman.
Fermer xo‘jaligi bu yil paxtachilikda tomchilatib sug‘orishni joriy etgan. 500 gektar maydon to‘liq yangicha texnologiya asosida sug‘orishga o‘tkazilgan. Har bir jo‘yakda g‘o‘zaga suv yetkazuvchi quvurlar tortildi. Bugun ana shu quvurchalar orqali keladigan ob-hayot g‘o‘zalarga jon bag‘ishlamoqda.
— Haqiqatda ham, bu uslubning afzalliklari ko‘p ekan, — deydi fermer. — Qarang, g‘o‘zalar bir tekis rivojlangan. G‘o‘zaning g‘ovlab ketgani yoki suvsizlikdan qovjirab qolganini topolmaysiz. Hatto o‘t bosgan hududni ham uchratmaysiz.
Fermer xo‘jaligi faoliyatini chorvachilikdan boshlagandi. Dastlab chorvachilik fermasi uchun bino barpo etilib, ishga kerakli mutaxassislar jalb etildi, olimlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Germaniya va Gollandiya mamlakatlaridan respublikamizga keltirilgan «Golshteyn» zotli 2000 bosh g‘unajin sotib olindi. Chorva mollari ratsion asosida oziqlantirilib, mahalliy sharoitga moslashtirib borildi. Bugun esa kechagi g‘unajinlar sog‘in sigirga aylangan.
— Har bosh sigirdan kuniga o‘rtacha 30 litr sut sog‘ib olinayapti, — deydi Vohidjon Turdiyev. – Ammo bu natija biz uchun marra egallandi, degani emas. Mahsuldorlikni oshirish yo‘llarini qidiryapmiz. Ish o‘rinlari ham yil sayin ko‘payib boraveradi. Ayni paytda 150 nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Har kuni sog‘ilgan sut Toyloqdagi sutni qayta ishlash korxonasiga olib ketiladi. Sut bu korxonada kefir, smetana, qaymoq, pishloq, brinza kabi tayyor mahsulotlarga aylantirilib, ichki bozorda sotilayapti.
Fermaga chorvachilikni rivojlantirish uchun 660 gektar maydon ajratilgan. Bu maydonlarda g‘alla, makkajo‘xori, beda, javdar singari ozuqabop qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtiriladi.
Oqdaryodagi «Pure milk Oqdaryo» fermer xo‘jaligi rahbari va a’zolari davlat rahbari bilan o‘z dalalarida bo‘lib o‘tgan unutilmas uchrashuv taassurotlari va hayajonlari bilan yashamoqda. Fermer xo‘jaligi rahbari Vohidjon Turdiyevning to‘lqinlanib gapirishidan ham bu sezilib turibdi.
Abdurasul SATTOROV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.