BOYSUNDA YANGI GAZ KONI TOPILDI

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida gaz koni ochilishi haqida o‘tgan asrning 80-yillarida katta shov-shuv ko‘tarilib, matbuotda turli xabarlar tarqalgan edi. O‘sha kunlarni xotirlasam, hovlimizning ro‘parasidagi choyxona yonida har kuni to‘plangan 15-20 nafarga yaqin odam to‘planishi, peshonasida «Buravoy» deb, yozib qo‘yilgan usti ochiq mashina ularni qayoqqadir olib ketib, kechqurun qaytarib olib kelib qo‘yishi ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Keyin nima bo‘ldiyu odamlar ham, mashina ham ko‘rinmay ketdi, gaz koni haqidagi gap-so‘zlar ham to‘xtadi.

Bundan ikki yil muqaddam gaz koni ochilishi haqida yana mish-mish tarqaldi. Lekin bu gal gap-gapligicha qolib ketmadi. Prezidentimizining 2017 yil aprelda Rossiya Federatsiyasiga tashrifi chog‘ida rossiyalik investorlar bilan uchrashuvidan so‘ng oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» deb, nomlangan gaz konida qurilish ishlari boshlab yuborildi. Imzolangan bitimga asosan bu yerda dastlabki qidiruv ishlari va gaz-kimyo majmuasini qurish nazarda tutilgan.

Bu kon loyihasining umumiy qiymati 5,2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lib, ikki bosqichda amalga oshiriladi. 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda yiliga 5 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega yirik zavod quriladi. Jumladan, «Erta gaz» dasturi doirasida 2020 yildan boshlab, 2 ming 800 metr chuqurlikdagi gaz qatlamidan yiliga 1 milliard kub metrgacha gaz qazib olinadi. 2023 yilda esa yana 15 ta quduq foydalanishga topshirilib, gazni qayta ishlash zavodining ikkinchi liniyasi ishga tushiriladi va gaz qazib olish yiliga 5 milliard kub metrga yetkaziladi.

Shuningdek, 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichda 1,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash hisobidan yiliga 500 ming tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladigan gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng jami 2 ming 200 ish o‘rni yaratiladi.

Hozirgi kunda gaz konining 160 kvadrat kilometr maydonida Xitoyning «BJP» kompaniyasi tomonidan ZD seysmik qidiruv ishlari o‘tkazildi. «Eriell» kompaniyasi tomonidan 7 ta baholash qudug‘i burg‘ilanmoqda. Ayni paytda bu yerda jami 1 ming 125 ishchi, jumladan «Beyker Xyuz», «Xalibyorton» va «Shlyumberje» kabi xorijiy kompaniyalarning mutaxassislari mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 30 aprel va 1 may kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi paytida «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konida ham bo‘lib, bitim doirasidagi ishlarning borishi bilan yaqindan tanishgan edi. Jumladan, loyiha hamkori, «Altmax Holding LTD» kompaniyasi ta’sischisi, rossiyalik investor Andrey Filatov bilan gazni qayta ishlash majmuasini loyihalashtirish va uni qurish, shuningdek, dastlabki geologiya-qidiruv ishlari natijalari haqida suhbatlashgandi.

Mana, kuni kecha xushxabar tarqaldi. Gaz konida olib borilayotgan parmalash ishlari natijasida bu yerda yana bir yangi gaz koni topilgan. Gazning bir sutkada quyilib kelishi o‘rtacha 300 ming kub metrni tashkil qilmoqda. Parmalash ishlari va skvajina qurilishi «Surhan gas chemical operating company» MChJ hamda Markaziy Osiyo, Rossiya Fedaratsiyasi va Yaqin Sharqda bir qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan «Eriell» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

 

Abdi QODIROV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

Teglar

Toshkent
← Roʻyxatga qaytish