O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyat kengashi tomonidan partiya tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan “35 yil – xalq bilan birga!” shiori ostida Chinoz tumanida “Deputat mahallada” loyihasi doirasida uchrashuv va amaliy o‘rganish tadbirlari tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi va Toshkent viloyat kengashi mas’ullari, viloyat Kengashi deputatlari, Toshkent viloyatining barcha tumanlaridan kelgan partiya xodimlari hamda deputatlik guruhlari a’zolari, OAV vakillari, hududdagi faol yoshlar hamda xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tadbirda partiyaning viloyat kengashi raisi Akmal Umaraliyev O‘zXDPning 35 yillik faoliyati, aholi manfaatlarini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash va fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i Muhsiddin Nizomiddinov ham so‘zga chiqib, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatdagi faolligini oshirish, ta’lim olishi va kasbiy rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr bildirdi.
Muloqotlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mahallalardagi muammolarni o‘rganish va ularni hal etishda deputatlar hamda partiya tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirgan 35 nafar xotin-qiz O‘zXDP safiga qabul qilindi.
Amaliy o‘rganishlar “Bir kasb – bir imkoniyat” loyihasi doirasida davom etdi. Ishtirokchilar Chinoz tumanidagi o‘quv markazlari faoliyati bilan tanishib, xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv jarayonlarini o‘rgandilar.
Shundan so‘ng xotin-qizlar bilan davra suhbati o‘tkazilib, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunar egallashi uchun sharoit yaratish va iqtisodiy mustaqilligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirning amaliy natijalaridan biri — deputatlar tashabbusi bilan 18 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanganidir.