IJRO HARAKATLARI DAVOM ETTIRILMOQDA

Samarqand viloyati, Payariq tumani, «Binokor inshoot» xususiy korxonasi rahbari A.Azzamovning tahririyatimizga yo‘llagan shikoyatida sud qarori ijrosi ta’minlanmayotganligi bayon etilgan edi. Uning shikoyat arizasini Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yo‘llagan edik. Majburiy ijro byurosidan javob xati keldi.

«Binokor inshoot» XK rahbari A.M.Azzamovning sud qarorlari ijrosi ta’minlanmayotganligi haqidagi murojaati ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, Do‘stlik tumanlararo iqtisodiy sudining 15.01.2018 yildagi qarzdor «Do‘stlik don mahsulotlari» AJdan undiruvchi «Binokor inshoot» xususiy korxonasi foydasiga 374,4 million so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha 06.02.2018 yildan Byuroning Do‘stlik tuman bo‘limida ijro ishi yuritilgan.

Bundan tashqari, bo‘lim ish yurituvida qarzdordan tuman DSI foydasiga 2,2 milliard so‘m va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar foydasiga 9,8 milliard so‘m qarz undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, ular «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 251-moddasiga asosan yuqorida qayd etilgan ijro hujjatlari bilan yig‘ma ijro ishi yurituviga birlashtirilgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdorning bankdagi hisob raqamlariga band solinib, inkassa topshiriqnomalari qo‘yilgan, unga tegishli mol-mulklarni aniqlash va xatlash choralari ko‘rilgan.

Jumladan, qarzdorga tegishli bo‘lgan Do‘stlik tumani, Sanoatchilar MFYda joylashgan 6-uy 182,7 million so‘m va Arnasoy tumani, «Cho‘lquvar» QFY hududidagi markaziy sozlash ustaxonasi 4,8 milliard so‘mga baholangan holda elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarilgan.

Qarzdordan undirilgan yoki uning mol-mulklari realizatsiyasidan tushgan pul mablag‘lari Qonunning 80-moddasiga muvofiq undiruvlar navbatiga asosan taqsimlanmoqda.

Shuningdek, ijro harakatlari davomida qarzdordan jami 19 million so‘m undiruvchining bankdagi hisob raqamiga o‘tkazib berilishi ta’minlangan.

Hozirda undiruvga qaratilgan majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Majburiy ijro byuro direktori o‘rinbosari S.A.Berdialiyev»

← Roʻyxatga qaytish