Baqiradigan onalar uchun
Baqiradigan onalar uchun

 

Farzand onasi tomonidan xo'rlangan, kamsitilgan, kaltaklangan, ezilgan bo'lsa, bu bola ongiga kelgusida “seni kuch bilan ezadigan hammaga bo'yin eg”, degan fikrni singdirishi bilan xatarlidir...

Xadicha Kubro Tongar
 

Bolani baqirmasdan, jahl qilmasdan, urmasdan tarbiyalash uslubini bugungi pedagogiga kashf etgan emas. Bejizga ota-bobolarimiz “bola 5 yoshgacha poshsho”, deyishmagan. Mehr ko'rib katta bo'lgan bolalarning hayotga qarashlari boshqacha bo'ladi. Pozitiv, o'ziga ishongan, qiziqqon va hokazo… Mehrga to'ymay o'sgan aksariyat bolajonlar esa kelajakda o'z farzandlariga ham o'zlari ko'rgan munosabatgni takrorlar ekanlar. Ruhiyatida shunday muammosi bo'lgan ayrim onalarimiz uchun yaxshi bir, foydali asarni tavsiya etmoqchiman. Bu kitobni o'qiganlarning xulosasidan quvonib ketdim. “Baqirmaydigan onalar ham bo'lar ekan. Buning iloji bor ekan!”

 

Betartib uydan emas, noto'g'ri tarbiyadan uyalib qolishingiz mumkin

Kitobxonlarning bunday xulosaga kelishlariga arzirli sabab bor, albatta. Muallif Xadicha Kubro Tongar farzandingizni hurmat qilishingizga majbur qila oladigan shunday ta`sirli maslahatlarni bera olganki, bolangizga biroz qo'pollik va biroz shafqatsizlik qilayotganingizni tushunib qolasiz. Muallifning aytishicha, oradan yillar o'tib hech kim uyimizning betartib bo'lgani, yoyilib yotgani haqida gapirmaydi. Biroq, biz bugun tarbiya qilayotgan, qalblariga mehr urug'ini qadayotgan bolajonlarimiz umr bo'yi xotirlanadigan, xayrli ishlarni amalga oshiradilar!

 

Amalda qandaymiz?

Aksariyat onalar bolalari xato ish qilganlarida ular bilan gaplashishga sabri yetmaydi va bolasiga tanbeh berib, asablari buzilgan holatlarda esa baqirib vaziyatga yechim topadi. Bu juda ko'p onalarning birinchi reaksiyalari. Hamma ham bolajoni bilan do'stona gaplashish, maslahatlashish, ularga xatolarini tushuntirish qanchalik muhimligini bilmaydi. Asabi ko'tarmaydi. Fikrlashga majbur qiladigan savollar berish, xatosini tushuntirish o'rniga, to'g'ridan-to'g'ri e`tiroz bildiraverishimiz, baqiraverishimiz bolada gap eshitaman, degan tushunchani paydo qilib, oqibatda ota-onadan qattiq qo'rquv, qo'rquv esa yolg'onga ulanib ketaverishiga sabab bo'lar ekan.

Busiz iloji yo'q, bolam juda sho'x, qattiqqo'l bo'lmasam, tarbiyalay olmayman, degan onalar bu kitobni, albatta, o'qisinlar. O'qimasimdan avval sizdagi savol menda ham tug'ilgandi. Muallif baqirmasdan tarbiyalash mumkinligiga ishontira olganmi? Axir, bolaga umuman tovush ko'tarmasdan, tanbeh bermasdan tarbiyalash mumkinmi?

Xadicha Kubro Tongar:

– Baqirmaydigan ona bo'lish degani, umuman g'azablanmaslik, har qanday holatda ham vahima qilmaslik, farzandlarimizga to'siq-ma`lum bir chegara qo'ymaslik degani emas. Faqat jahlimiz chiqqanida, ya`ni, “aql”imizni yo'qotganimizda buni insonga xos yo'llar bilan ifodalay olishdir.             

 

Bolalar “kattalar” kabi harakat qilishlari shart

Muallif asar yozish davomida atrofni, onalarning o'z farzandlariga qiladigan muomala va munosabatlarini kuzatgan, o'rgangan. Onalarning muammo sifatida ko'radigan vaziyatlariga qarab shunday xulosaga keldi: ko'pchilik bolalik nima ekanini bilmaydi. “Bola”, deganda qanday dunyo haqida gapirayotganimizni, ularning qanday qobilyatga ega ekanini, tuyg'ularini qanday ifodalashini va qanday ehtiyoji borligini bilishmaydi. Bola borliqning omonatchisi ekanidan ming afsuski, juda ko'pchilik bexabar. Chunki, aksariyat onalar “muammo”, deb ataydigan yig'lash, ko'p harakat qilish, qaysarlik qilish, aytganini qildirish, narsalarni yoyib tashlash, kavlashtirish, aka yoki ukasi bilan tortishish, uxlashga qarshilik qilish kabilar aslida bolalikda sodir bo'ladigan harakatlardir… Bu harakatlarsiz bola bola emas, axir!

Xadicha Tongar hammamiz bola bo'lganimizni va xuddi shunday bolalikni o'zimiz ham boshdan o'tkazganimizni eslatib qo'yadi. Hozir farzandimiz nima qilayotgan bo'lsa, biz ham mana shu yo'llardan yurib, shunga o'xshash burilishlardan bir zamonlar qadam-baqadam o'tdik. Ammo nima o'tgani o'tdi va biz ularni unutdik. Muallifning aytishicha, bu yerda muammo katta bo'lish jarayonimizda o'zimiz doim ich-ichimizdan norozi bo'lgan o'sha qoshlari chimirlgan onalar qiyofasiga o'zimiz ham kirib olishimizda. Bu an`anani davom ettirish esa aslida juda katta xatoimizdir. Demak, farzandimizga qanday qilib baqirmaslik mumkinligiga javob izlayotgan ekanmiz, avvalo, “bola bo'lish” nima ekaniga birgalikda aniqlik kiritamiz.

Ba`zan bolalarga biror ishni bajarishni o'n marta yaxshi gap bilan aytamiz, ammo qilishmaydi. Qachonki, o'n birinchi marta baqirib aytsak, ana shundagina bolajonimiz aytganimizni qilishga kirishganini ko'ramiz. Shuning uchun ham “baqirmagunimcha bolalar aytganni qilmaydi, demak baqirishim kerak”, deb o'ylaymiz.

 

Nega bolalar aytganimizni qilishmaydi?

Bolalarning baqirmasimizdan oldin aytganimizni qilmasliklariga bosh sabab bekorchi tahdidlardan foydalanishimiz va tushunarsiz yo'llar bilan topshiriq berishimizdir. Shunday qilib, ko'pchiligimiz farzandlarimiz salbiy harakatlarini ko'rsata boshlagan ilk onda bekorchi tahdidlar va qoidalarni ishlatishni boshlaymiz. “Ukangni urishni to'xtatmasang, ko'chada o'ynashingga ruxsat bermayman”, degan bir ona amalga oshirish mumkin bo'lmagan tahdidni ishlatadi. Bola esa tabiiyki: “onam ham aytadi, ham qaytadi, aytgan gaplari jiddiy emas”, deb o'ylaydi. Chunki, u bu kabi harakatingizga birinchi marta emas, bir necha bor guvoh bo'lgan. Shuning uchun ham u sizni, sizning xarakteringizni deyarli yaxshi biladi.

Asarni o'qir ekansiz, hayotingiz davomida qancha ko'p bekorchi tahdidlar qilgan bo'lsangiz, shuncha ko'p so'zlaringiz o'z ta`sirini yo'qotib bo'lganini tushunasiz.

 

Qo'rqitish va boshqarish orqali farzandingizni “yo'qotasiz”!

Bir kuni tamaddi qilish uchun oshxonaga bordim. Shunda bir holatga guvoh bo'ldim. Bir bolakayga otasi buyurtma berish vaqtida savol berdi: “Sen nima yeysan, seningcha, qanday taom buyurtirganimiz ma`qul?” Bolakayning negadir ovozi chiqmasdi. Chunki, u shu vaqtga qadar onasi nima buyurgan bo'lsa shuni bajarib kelgan va faqat onasining ko'rsatmasi bilan yashaganligi uchun haligacha o'z ovozini kashf qilolmagandi…

Tan oling, har bir insonning hayotga boqadigan o'z derazasi bor. Derazadan ko'rinadigan manzara ba`zan bir xil bo'lsa ham kimdir unga qaraganda “gul bog'i”ni ko'rsa, yana kimdir “tikan to'plamlari”ni, boshqa birov esa bog' ortida uyulib yotgan chiqindilarni ko'radi. Xullas, hayotga har bir inson o'z dunyosidan kelib chiqib murojaat qiladi. Biz onalar farzandlarimiz bilan, balki eng ko'p mana shu maydonda kelishmay qolarmiz. Farzandimiz o'z nuqtai nazarini, tushunchalarini, qarashlarini bir chekkaga qo'yishini va biznikini qabul qilishini, o'z o'rnida faqat biz bilan hisoblashishini istaymiz. Sababi, yashayotgan hayotimizni yagona haqiqat, deb o'ylaymiz. Shuning uchun ham ona-bola munosabatlarida quyidagi onlarni boshdan kechiramiz:

Dasturxon boshida:

Ona: Ovqatni o'yin qilmasdan tezroq ye!

Bola: Qornim to'ydi.

Ona: Ozgina yegan narsang bilan qorin to'ymaydi. Qachon to'yganingni o'zim aytaman. Senga nima kerakligini o'zim bilaman. Men aytganim bo'ladi va hokazo..

Biz mana shunday o'ylaymiz va farzandimizni o'zimiz istaganimizcha boshqarishni istaymiz. Lekin doimiy ravishda boshqarilib tarbiyalangan bolada o'z fikri shakllanmaydi va u kelajakda ham birovning yo'l-yo'rig'isiz o'zicha hech nima qilolmaydigan bo'lib qoladi, mustaqil kishiga aylanmaydi. Yoki onaning muttasil tanbehidan bezib, tashqaridan do'st qidira boshlaydi.

 

Tanbehlaringizni bola bo'lib qabul qilib ko'ring

• Bolaligingizda onangiz sizga baqirarmidi?

• Intizom faqat bola uchunmi?

• Jazo bilan intizomga erishib bo'ladimi?

• Baqiroq ona bo'lishdan uyalmaysizmi?

Bunday nozik savollarga javob topib ko'ringchi, ayniqsa, bolangizning oldida shu savolni sizga berishsa qanday holatga tushasiz? Muallif bolani urishayotganingizda unga aytayotgan e`tirozlaringiz, asabiy holatdagi gaplaringizni uning ongi, uning qarashi, uning ko'zlari bilan qabul qilib ko'ring. Xo'sh, qabul qila olarmidingiz? Uning o'rniga o'zingizni qo'yib ko'ring.

Bugun sizga tavsiya etilgan bu asar muallifiga havas qilmay iloj yo'q. Mehribon, g'amxo'r, tajribali ona. Bu nomga siz ham munosibsiz aslida. Sizdagi sabr, bolajonlaringizga bo'lgan kuchli mehr tahsinga loyiq. Faqat uni to'g'ri taqsimlashga o'rganish kerak ekan. Onaman, o'zim ham shunga harakat qilyapman.

 

Nigora Hasanova,

jurnalist.

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish