Bugun Ibuka ta`limotidan aksariyat rivojlangan mamlakatlarning ta`lim tizimida foydalaniladi. Nega?
Ibuka bolaga ta`limni 3 yoshgacha berish kerak, degan fikrni ilgari surib, haq ekanini ham isbotlay oldi. Aslida ilm olishning erta-kechi yo'q. Lekin Ibukaning fikricha, 3 yoshgacha bolalarning miyasi oddiy tilda aytganda, “gubka” kabi barcha ma`lumot, bilimlarni o'ziga tortib oladi. Ular aynan shu yoshgacha bo'lgan davrda hatto 3 ta tilni parallel ravishda o'rganishlari, qanday ta`lim yoki tarbiya bersangiz, uni siz istaganingizdek qabul qilib, bilib olishlari mumkin.
Ibukaning bu ta`limotiga qarshi chiqqanlar ham bo'ldi. Ayniqsa, ilm ahli 3 dan keyin kech bo'lmasligini ham ta`kidlashdi. Ammo shunday narsalar borki, ularni 3 yoshgacha o'rgatishga ulgurmasangiz, haqiqatan ham kech bo'lishi mumkin.
Erta ta`limning afzalligi nimada?
“Uchdan keyin kech” asari. O'z farzandining kelajagi uchun qayg'uradigan barcha ota-onalarga mo'ljallangan. Asarning mazmunidan avval u nima maqsadda yozilgani haqidagi qiziq ma`lumot bilan tanishing.
Muallifi Masaru Ibuka bolajonlarni juda yaxshi ko'rardi. U butun umr erta ta`limning rivoji uchun kurashib yashadi. Ya`ni, bolalarda qobiliyatning shakllanishi uchun 3 yoshgacha berilgan ta`lim juda muhim, demak, ana shu vaqtda kichkintoylarga qulay sharoit yaratib, samarali ta`lim berish kerak, deb hisoblagan.
“So'zga ham, nazariyaga ham tushunmaydigan bolalarga ta`lim berishdan ma`no yo'q”, deydiganlar esa bu tadqiqotni samarasiz, deb baholashgan. Lekin erta yosh ta`limini amalda qo'llagan va farzandlariga go'daklik vaqtidan boshlab ta`lim bergan ota-onalar vaqt o'tishi bilan o'z farzandlarida noyob qobilyatlarni ko'ra boshlashgan.
Farzandlarining dunyoqarashi, fikrlashi, eslab qolish qobiliyatlari, o'qishga kuchli intilishlari, bilim olishga qiziqishlarini ko'rib, bu eng to'g'ri va samarali usul ekanini tushunib yetishgan. 3 yoshgacha bo'lgan muddatda berilgan bilim vaqt o'tishi bilan o'z mevasini bera boshlagan.
Erta ta`limning amaldagi nazorati
Ibukaning bu tadqiqoti porloq kelajakdan darak berardi. Tadqiqot Yaponiya madaniyati, san`ati, ta`lim sohalarining rivoji uchun juda katta hissa qo'shgan. Aksariyat ota-onalar farzandlarini 6 yoki 7 yoshga to'lishini kutib o'tirmasdan, 3 yoshigacha bo'lgan muddatda bilim berishni boshlaganlar. Ammo Ibuka “erta ta`limning amalda to'g'ri qo'llanilishini doim ham nazorat qilib bo'lmaydi”, deb hisoblagan va ota-onalarga qo'llanma bo'lishi uchun kitob yozishga qaror qilgan. O'z nazariyasini ana shu kitobda batafsil izohlab, tushuntirib bergan.
Nahot, bitta kitob dunyoni o'zgartirsa?
“Uchdan keyin kech”ni dunyoni o'zgartirgan kitob ham deyishadi. Asar dunyoni o'zgartira oldi. Kim uni o'qisa va muallifning maslahatlariga amal qilsa, farzandlarida noyob qobiliyat va salohiyat yuzaga chiqa boshlaganiga guvoh bo'la boshlaydi.
Muallif “Bolaning o'rganish va rivojlanish salohiyati eng yuksak bo'lgan davr dastlabki 3 yildir. Fursatni boy bermang!”, deydi.
Kirish qismida yozilishicha, har bir bolada bir daho yashirin. Uning kim bo'lib voyaga yetishi esa kattalarning munosabati, tarbiyasi mahsulidir.
Muallifning maqsadi sizni bunga ishontirishgina emas, balki bola tarbiyasiga oid oddiy va tushunarli usullar bilan tanishtirish. Bu borada kechikib qolmasligingiz kerak. Yana bir bor eslatib o'tamiz, bu kitob o'z farzandining kelajagi uchun qayg'uradigan barcha ota-onalarga mo'ljallangan.
O'qib ko'ring, uchdan keyin kechmikan, o'zingiz amin bo'lasiz, xulosa qilasiz.
Nigora HASANOVA,
kitobxon, jurnalist.
«O‘zbekiston ovozi», 23.02.2022, №8