MENING FIKRIMning istiqboli qanday?
MENING FIKRIMning istiqboli qanday?

 

Mamlakatning demokratik yo'ldan borishi va rivojlanishi uchun katta strategik maqsadlar qo'yildi. Avvaliga Harakatlar strategiyasi, endilikda 100 ta maqsadni o'z ichiga olgan Taraqqiyot strategiyasi amaliyotga joriy etildi.

Dunyoning ilg'or davlatlari qatoriga kirish, xalqimizning hurmatini joyiga qo'yish kabi ezgu maqsadlar bilan yashamoqdamiz. Davlatning rivojlanganlik holatini bildiruvchi mezonlar aniq. Ularning asosini shunga mos ravishda mamlakatda olib borilayotgan siyosat jamoatchilik nazorati, jamoatchilik fikri, xalq oldida hisobdorlik, xalqqa xizmat qilish, degan eng birlamchi masalalar tashkil qiladi. Demak, jamoatchilik fikrini bilish mexanizmlari, institutlari davlat va jamiyat uchun nihoyatda muhim.

Ayrim me`yoriy-huquqiy hujjatlarni jamoatchilik muhokamasiga qo'yish-qo'ymaslik masalasini tashabbuskorlarning o'zi hal qilishi, yo'l harakati qoidalarining yangi tahriri ochiq muhokamalarsiz ishlab chiqilishi ayrim savollarni yuzaga keltiradi. Umuman, jamoatchilik fikri bilan bog'liq masalalarda ehtiyotkorlikka o'xshash vaziyat kuzatilayotgandek.

Lekin aldamchi hissiyot bo'lishi mumkin. Chunki 2018 yilda mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligi, qabul qilinayotgan qonunlarning hayotiy va samarali bo'lishini ta`minlash maqsadida «Mening fikrim» veb-portali yaratilgan. Mazkur platforma aynan aholi fikrini qonun chiqaruvchi organga, mutasaddilarga, qonun ijodkorlariga yetkazish uchun shaxsan davlat rahbari ilgari surgan g'oya asosida tashkil etilgan va u juda ham muhim vazifani bajarishi kerak edi. Oradan 4 yil vaqt o'tibdi. Mana shu davr mobaynida qancha masala ko'rib chiqildi va ular asosida qancha qaror qabul qilindi? Umuman, portalga yo'llangan murojaat, unda bildirilgan fikr va takliflar taqdiri nima bo'lyapti?

Portalda keltirilishicha, aholi davlat va jamiyat ahamiyatiga molik muhim masalalar yuzasidan qonunchilikka takliflarini elektron jamoaviy murojaat shaklida yuborishi mumkin. Murojaat esa ushbu tizim moderatori, ya`ni Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ekspertizadan o'tkazilgandan so'ng veb-portalda e`lon qilinadi. Elektron jamoaviy murojaat jamoatchilik tomonidan yetarli miqdorda qo'llab-quvvatlanganda u tegishliligi bo'yicha Oliy Majlis palatalari yoki xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan ko'rib chiqilishi ham ta`kidlangan.

Shu kunga qadar «Mening fikrim»ga 5400 dan ortiq jamoaviy murojaat yo'llangan va 28000 dan ko'proq izoh, firk, taklif qoldirilgan.

Bu portal faoliyatini o'rganganimizda ba`zi savollar paydo bo'ldi. Masalan, original takliflar bor, lekin ular yetarlicha ovoz to'play olishmagan. Bunga balki odamlarning portal haqida yetarlicha yoki umuman xabari yo'qligi sababdir. Yetarlicha ovoz to'plagan takliflar hali amalga oshmagan, aynan shu narsa odamlarda portalga nisbatan ishonchsizlik ruhini paydo qilayotgandir?

Takliflarga ovoz berganlarning juda katta qismi o'sha sohaning mutaxassislari emas. Shuning uchun ko'rib chiqilgan taklif agar amalga oshmasa ham qandaydir tartibda sabablari haqida tushuntirish berilishi maqsadga muvofiq bo'lar. Ovoz berganlar, taklifni qo'llaganlar u nega qabul qilinmaganligini bilishga haqli. Shunda ovoz beruvchilarda ularning fikrlari ahamiyatli ekani to'g'risida fikr paydo bo'ladi. Bu esa odamlarning ijtimoiy hayotda faolligini oshiradi.

Shu kunga qadar «Mening fikrim»ga 5418 ta jamoaviy murojaat yo'llangan va 28228 ta izoh qoldirilgan. Yuborilgan murojaatlar yetarli miqdorda ovoz to'plagan bo'lsa-da, unda ko'tarilgan masala, taklif, fikr e`tiborsiz qolib ketgan yoki inobatga olimagan. Ya`ni, munosib javobga ega bo'lolmagan.

Masalan, eng ko'p ovoz jamg'argan takliflardan birini quyida keltiramiz.

25 mingga yaqin ovoz to'plagan bu taklif, ko'rib turganingizdek, 2019 yil 14 dekabrda ovozga ko'yilgan bo'lsa, qaror loyihasi 2020 yil 3 iyunida lex.uzga joylangan. Ma`lumot uchun, ovoz berish jarayoniga 90 kun, ovoz berish tugagan kunning ertasi kunidan kechiktirmay vakolatli davlat organiga jo'natilishi va murojaatni ko'rib chiqish va u bo'yicha qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmasligi lozim. Demak, umumiy hisobda ko'pi bilan 151 kunda taklifga javob berilishi kerak. 25 ming ovoz, ochig'i, televizor orqali futbol stadionlarida ko'rganmiz buncha odamni.

Bundan roppa-rosa 1 yil avval «Mening fikrim» portalida IMEI kodlarni ro'yxatga olishda to'lov undirishni bekor qilish bo'yicha petisiya e`lon qilingan edi. Mazkur petisiya bor-yo'g'i 3 soat ichida kerakli ovoz (10 ming)ni to'plagandi. Bugunga kelib ovozlar soni qariyb 25 mingga yaqinlashdi.

Yana bitta murojaat matnini keltiramiz.

Maxsus platforma yaratgan holda, tuman va shahar hokimlarining ish faoliyatini shu tumanda yashayotgan fuqarolar hamda tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan yil davomida baholab borish mexanizmini yaratish kerak. Bunda xalqning roziligini baholab borish asosiy maqsad etib belgilanadi. Bu, o'z navbatida, fuqarolarning tuman yoki shahar hokimi faoliyatidan rozi yoki norozi ekanini ko'rsatibgina qolmasdan, tuman hokimi faoliyatidan norozi bo'lib yozilayotgan shikoyat va arizalar sonining ham keskin qisqarishiga olib keladi. Bundan tashqari, ushbu mexanizm xalqning nafratini qozonayotgan ayrim qo'shtirnoq ichidagi rahbarlarni oshkor etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali mexanizm vazifasini ham o'tashi, shubhasiz.

Bunda har bir fuqaro yoki tadbirkorlik sub`ekti yaratilajak platformaga id.uz tizimidagi o'z login, paroli yoki elektron raqamli imzosi orqali kirib, o'zi istiqomat qiladigan tuman yoki shaharning hokimiga baho beradi. Bahoning quyisida o'z munosabatini bildiradi: bunda past yoki yuqori baho qo'yish sababini tushuntirib o'tadi…

 

«Mening fikrim»da mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokini kuchaytirish

Xalq demokratik partiyasining yaqinda bo'lib o'tgan plenumida bu masala ustuvor vazifalardan biri sifatida ko'rilib, chora-tadbirlar belgilandi. Ta`kidlandiki, «Qonunchilik hujjatlari ta`sirini baholash tizimi» va «Mening fikrim» portallari ishini monitoring qilish shuni ko'rsatadiki, ayrim istisnolardan tashqari, mazkur portallarda jamoatchilik muhokamasiga qo'yiladigan me`yoriy-huquqiy hujjatlarni kiritishda xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari va mahalliy partiya tashkilotlari deyarli ishtirok etmaydi.

Buni e`tiborga olgan holda, barcha darajadagi partiya tashkilotlari va deputatlardan kelgusida elektorat manfaatlariga xizmat qiladigan masalalar yuzasidan jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihasi bo'yicha tizimli monitoringni o'rnatish nazarda tutildi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish, ularning hayotiy ehtiyojlarini amalga oshirishga ta`sir ko'rsatadigan hujjatlar loyihasini keng muhokama qilishda faol ishtirok etishga ham kelishib olindi.

Ayni kunlarda yetarlicha ovoz to'plab, «Ko'rib chiqish jarayonida» turgan bir nechta takliflar bor. Jumladan, jamoat transportlari oynalarini qoraytirish yoki bo'lmasa, «UZAUTO MOTORS» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomoshinalarni chetdan olib kirishda boj to'lovlarini bekor qilish haqidagi takliflarning taqdiri nima bo'lishi ko'pchilikni qiziqtirmoqda.

«Mening fikrim» qonun ijodkorligida qaror qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik fikrini o'rganish maqsadida, ezgu niyatda tashkil etilgan. Uning samarali ishlashi ko'plab omillarga bog'liq. Buni to'g'ri tushunish kerak. Jamoatchilik qo'llagan bir qator takliflar qonunchilikda ifodasini topayotganini ham ko'ryapmiz. Faqat shuki, mamlakat rivoji, parlament istiqboli uchun jamoatchilik fikri, munosabati juda muhim.

 

Zilola Ubaydullaeva,

Ahmadjon Qurbonov,

«O'zbekiston ovozi» muxbirlari.

«O'zbekiston ovozi», 10.05.2022, №18-19

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish