Tadbirkorlik subyektlari ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lishi zarur

 

Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida qonun loyihalarini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab yer ajratishda belgilangan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish borasida yangicha yondashuvlarni joriy etish zaruriyati vujudga kelmoqda. Yig‘ilishda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida qonun loyihasi alohida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Fraksiya a’zosi Zokirjon Zohidovga ko‘ra, mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan tadbirkorlik faoliyatini olib borishda o‘z vaqtida foydalanilishini, investitsiya muhiti yaxshilanishini hamda yerdan oqilona va samarali foydalanilishini ta’minlashga xizmat qiluvchi huquqiy hujjatlarni kuchaytirish zarur.

Loyihaga ko‘ra, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalaridan foydalanish huquqini bekor qilish to‘g‘risida iqtisodiy sudlarga kiritilgan da’volari yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilmoqda.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari so‘l qanot g‘oyalarni amalga oshirish muhimligiga e’tibor qaratib, tadbirkorlarning ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirish, investitsiya kiritish va ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish borasidagi kelishuv majburiyatlarini bajarish dolzarb masala ekanini ta’kidlashdi. Tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlikka xizmat qilishi zarurligi bildirilgan holda, qonun loyihasi ma’qullandi.

Fraksiya a’zolari har bir qonun loyihasi bo‘yicha fraksiyaning pozitsiyasini bildirdi. Har bir taklif ortida qonunchilikda ijtimoiy maqsadlar alohida o‘rin tutishini, shundagina qonunlar ishlaydigan huquqiy hujjat maqomiga ega bo‘lishini alohida ta’kidladilar.

Muhokamalar yakunida kun tartibida ko‘rilgan loyihalar bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish