Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab xarid chekini «Soliq» mobil ilovasidan ro'yxatdan o'tkazgan fuqaroga xarid summasining 1 foizi qaytarila boshladi. Bundan tashqari, xarid chekida siz sotib olgan maHsulotlaringizning ro'yxati bo'lishi kerak. Tez orada odamlar qaysi xarid cheki haqiqiy hisoblanadi, xarid chekini ro'yxatdan o'tkazish va keshbekni bank kartasiga tushirish bilan bog'liq masalalarni o'rganib oldi.
Bundan tashqari, Prezident qaroriga muvofiq, 1 yanvardan boshlab, raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subektlari uchun onlayn-NKM va virtual kassaga ulangan, shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini to'g'ri o'qishni va aniqlashni ta`minlovchi maxsus qurilmalardan (2D-skanerlar, ma`lumotlarni yig'uvchi terminallar yoki boshqa turdagi maxsus qurilmalar) majburiy foydalanish talabi o'rnatilgan.
Soliqqa oid huquqbuzarlik to'g'risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasi hisobidan qonunchilik hujjatlarida nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo'llash tartibining buzilishi bo'yicha belgilangan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot to'lanadi. Mukofot fuqaroning bank kartasiga o'tkazib beriladi. O'tgan vaqt davomida ushbu tizim qanday ishlayapti? Byudjet tushumida o'zgarishlar kuzatildimi?
Mutaxassis nima deydi?
Davlat soliq qo'mitasi matbuot xizmati bergan ma`lumotlarga ko'ra, tatbiq etilgan «keshbek» va «soliq hamkor» tizimlari keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg'otgan. Jismoniy shaxslarga xarid summasidan 1 foizni qaytarish (keshbek) amaliyotining joriy etilishi savdo va xizmat ko'rsatish sohasida jamoatchilik nazoratini mustahkamlab, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Iste`molchilar bugungi kunga qadar 19,5 millionta chekni ro'yxatdan o'tkazgan. Ularning umumiy xarid summasi 17,3 trillion so'mdan ziyod. Ushbu cheklarga 173,7 milliard so'm keshbek hisoblangan. Yil boshidan bugungi kungacha iste`molchilarga 72,5 milliard so'm keshbek to'langan bo'lsa, aprel oyida 427 ming nafar foydalanuvchi tomonidan shakllantirilgan 67,0 milliard so'm 25 may sanasiga to'lab beriladi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan halol tadbirkorlik uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, insofli tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan choralardan yana biri soliq organlariga soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan jismoniy shaxslarni mukofotlash amaliyotidir.
Fuqarolar 2022 yil 1 yanvardan boshlab «Soliq hamkor» tizimi orqali huquqbuzarliklar haqida xabar berganda undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofotlanmoqda. Ya`ni, nazorat-kassa texnikasi va to'lov terminallarini qo'llash tartibi buzilsa, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati yoki to'lov terminallari orqali sotiladigan tovarlarning narxini sun`iy oshirish holatlari kuzatilsa ariza yuboriladi. Murojaatni o'rganib chiqib, belgilangan miqdorda chora ko'rilmoqda.
Bugungi kunga qadar, 11400 nafardan ziyod fuqaro tomonidan «Soliq hamkor» orqali 56293 ta murojaat yo'llangan. Shundan 53858 tasi (92 foizi) chek bermaslik holatiga tegishli. Bank plastik kartasi orqali to'lovni qabul qilishni rad etish bo'yicha 2079 ta, plastik kartaga mahsulot narxini qimmatroq sotish bo'yicha 231 ta murojaat tushgan. Yana 2243 tasi boshqa turdagi soliq huquqbuzarliklari yuzasidan yuborilgan.
Ayni paytga qadar murojaatlarning 29925 tasi o'rganilgan va ularning 97 foizi yoki 29074 tasi o'z tasdig'ini topgan. 851 ta murojaatda qayd etilgan huquqbuzarlik tasdiqlanmagan. «Soliq hamkor» orqali murojaat yuborilgan 11803 holat bo'yicha fuqarolarga 6,8 milliard so'm mukofot to'lab berilgan.
Yuqorida qayd etilgan tadbirlar o'z navbatida mahalliy byudjetlar daromadini sezilarli darajada oshishiga sabab bo'lib, I chorakda aylanmadan olinadigan soliq tushumlari 622,4 milliard so'mni tashkil etdi yoki o'tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 baravarga, Farg'onada 1,7 va Xorazmda 1,5 baravarga oshdi.
«An`ana» keshbekda ham davom etmoqda
Xarid summasining 1 foizini qaytarib olish imkonini beradigan xarid chek onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassalaridan chiqarilgan fiskal belgili matrisali shtrix kod (QR-kod)ga ega bo'lishi kerak. Bu haqida hamma yurtdoshimiz biladimi? Markaziy shaharlardan tashqarida ahvol qanday?
Dilnoza YO'LDOSHEVA,
(Andijon):
— Bizning qishloqda QR kodli chek berish u yoqda tursin, oddiy cheklar ham berilmaydi. Avvalo, sotuvchilar xarid chekini o'zlari berishi kerak. Aks holda, xaridor talab qilishga haqli. Biroq odamlarning o'zlari bu masalaga beparvo. Shu sababli muddati o'tgan yoki sifatsiz mahsulot sotib olganda buni isbot qilib bera olmaydi.
Poytaxtda yashaydigan jiyanim oylik xaridlarning bir foizi xaridorga qaytarilishini aytgandan keyin chek so'ray boshladim. Shunda ham cheklar kodli bo'lishi kerakligini bilmagandim. Cheklarni rasmga olib, jiyanimga yuborgandim. Andijon shahridan kitob sotib olgan ekanman, 2021 yilning dekabr oyida. Shularda shtrix kod bor edi. Boshqalari oddiy cheklar. Faqat shundagina QR kod bo'lishi kerakligini bildim. Qanday qilib ro'yxatdan o'tkazishni ham so'rab oldim. Lekin qishlog'imizda hali biror bir do'konda bunday chek berilmadi. Men ham so'ramayman.
Chingiz NORQULOV,
(Samarqand):
— «Soliq hamkor» tizimi haqida eshitganman. Avvaliga shov-shuv bo'ldi. Keyinchalik «foizi juda kam ekan», deb odamlar qiziqish bildirmadi. Xaridor o'zi chekni talab qilmagandan keyin sotuvchi ham e`tibor bermaydi. Chunki qancha kam chek berilsa, shuncha kam soliq to'lashini u juda yaxshi biladi. Fuqarolar esa bundan bexabar.
Shunday bo'lsa ham, ba`zi yurtdoshlarimiz chek so'raganini ko'ryapman. Ayrim hollarda ularning talabi qondirilmayapti. Qarabsizki, darhol ariza yuboryapti. Lekin chekni o'zi olmay turib, «huquqim buzildi», deb murojaat yo'llayotgan ayrim kimsalarni qoralayman. O'zim ham shaxsan bir nechtasiga guvoh bo'ldim. Menimcha, bu tizimni yana bir ko'rib chiqish yoki nazoratni kuchaytirish lozim.
Qahramon MO'MINOV,
(Surxondaryo):
— Muzrabod tumanida yashaymiz. Hech unaqa chek haqida eshitmagan ekanman. Tumanimizda ham, qishlog'imizda ham kodli chek u yoqda tursin, oddiy chek ham berilmaydi. Odamlar ham so'ramaydi. Sotuvchi o'zi insof qilib, chek uzatsa, qaytarmaymiz, albatta. Lekin qishloqning sodda odamlari so'rab olishga odatlanmagan.
Yolg'on bo'lmasin, bir-ikki marta televizorda ko'zim tushdi. Qanaqadir soliqdagi yangiliklar haqida gapirishdi. Qandaydir chekni talab qilish, bermasa, qaysidir raqamlarga murojaat qilib, holatni bildirish haqida tushuntirdi. U qadar e`tibor qaratmadim. Bu ham kimning manfaatigadir-da, degan xayolga bordim. Davlat uchun bo'lsa, albatta, so'rash kerak, befarq bo'lmaslik kerak.
Iltimos, chekingizni oling!
Bekzod ALIEV,
sotuvchi (Toshkent):
— Ayrim xaridorlar chek chiqargunimizcha kutib turmaydi. Narsalarini oladi-da, tez ketvoradi. Shaxsan bizga xaridorlarning cheki kerak emas. Shu sababli ogohlantiruvchi yozuvlar ham ilib qo'yganmiz. Chunki ayrim vijdonsiz kishilar chekni olmay chiqib ketadi-da, soliq ilovasiga ustimizdan arz qiladi. Chek berilmaganda do'kon egalari katta miqdorda jarimaga tortilishi va summaning 20 foizi murojaat egasiga berilishi belgilangan. Bu esa ayrim shaxslarga qo'l kelib, yo'q yerdan katta-katta jarima to'lashimizga to'g'ri kelyapti. Kassa apparatimizga kiritilgan, chek chiqarilgan. Shunda ham biz javobgar, biz nohaq bo'lib qolyapmiz.
Dildora MAHMUDOVA,
sotuvchi (Toshkent):
— Do'konda oilaviy ishlaymiz. Akam, opam, ba`zan onam ham kassada o'tiradi. To'g'risini aytsam, kodli chek beradigan apparatni ishlatish tizimi biroz murakkab. Yoshlar buni eplaymiz, lekin kattalar tushunmaydi. Agar shunaqa paytda haqini talab qiladigan xaridor kelib qolsa, tushunmovchilik bo'ladi. Onam tushunmasligini aytsa, mijoz bahona, deb qabul qiladi. Darrov soliq ilovasiga ariza beradi. Qarabsizki, jarimaga tortilamiz.
Ko'pchilik kodli chek so'ramay qo'ydi. Biz o'zimiz chek kerakmi, deb so'raymiz. Chunki yirik supermarketlardan farqli ravishda bizda do'kondagi har bir mahsulotning nomi, narxi qo'lda kiritiladi va chek berishda ham shu tariqa qidirib topishimizga to'g'ri keladi. Bu biroz vaqt oladi. Odamlar esa kutishni istamaydi. Bir-ikki marta shunaqa bo'lgach, chek so'ramay ham qo'yishadi yoki kutishni istamagan odam ham ustimizdan arz qiladi. Demak, yana jarima.
Rejalar ham bor
Ma`lum bo'lishicha, servis sohasida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Chora-tadbirlarda servis sohasidagi raqobat muhitini buzadigan imtiyozlar, eksklyuziv huquqlar bekor qilinishi, jismoniy shaxslar faoliyati legallashtirilishi (1 mln.dan ortiq), logistika sohasi, bojxona brokerlari faoliyati, kurerlik va rieltorlik xizmatlari tartibga solinishi belgilangan.
Shuningdek, servis sohasida faoliyat yuritayotgan, 2021 yil uchun «Nol» hisobot topshirgan 6 mingta qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchilar faoliyati o'rganiladi va ko'mak beriladi. Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qaror bilan joriy etilgan imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazish orqali norasmiy ishchilar rasmiy faoliyatga o'tkaziladi.
Aytish kerakki, 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari, avtotransportda yo'lovchi va yuk tashish, transport vositalarini ta`mirlash va ularga texnik xizmat ko'rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta`mirlash hamda ko'ngilochar maskanlarda xizmatlar ko'rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilangan.
Demak…
Kichik o'rganishlarga qaraganda, «Soliq hamkor» tizimi respublikamizning barcha hududida ham birdek ommalashmagan. Ushbu ilova asosan markaziy shaharlarda qo'llanilayotgani inobatga olinsa, imkoniyatlarni yanada kengaytirish hamda byudjet tushumini oshirish mumkin. Ana shunda yashirin iqtisodiyot ko'rsatkichlarini biroz bo'lsa-da kamaytirishga hissa qo'shilgan bo'lardi. Zero, xalqaro konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda aniqlanishicha, O'zbekistonda yashirin iqtisodiyot ko'rsatkichi 48 foizdan 62 foizgacha ekan. Bu haqida joriy yil fevral oyida AOKAda bo'lib o'tgan brifingda ta`kidlangan edi. 2021 yil uchun bu boradagi aniq raqam ochiqlanmagan bo'lsa-da, hanuz keskin o'zgarish bo'lganiga umid yo'q.
Yana bir masalani unutmaslik kerak. Aksariyat fuqarolar plastik kartadan savdo qiladi. Undan yechilgan pul haqida chek beriladi. Ko'pchilik shu chekni xarid cheki bilan adashtirishi mumkin. Shu sababli ham talab qilmaydi. Sotuvchilar uchun esa bu qo'l keladi. Bahona tayyor: «o'zi so'ramadi-ku». Yashirin iqtisodiyotga barham berishning har qanday usuli ma`qul. Bunda esa odamlar faolroq bo'lishi, haqni nohaqdan ajrata olishi, huquqini talab qila olishi zarur.
Halolidan bo'lsin!
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O'zbekiston ovozi» muxbiri.
«O'zbekiston ovozi», 18.05.2022, №20