Yevropa Ittifoqi qanday faoliyat yuritadi?
Yevropa Ittifoqi qanday faoliyat yuritadi?

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 oktyabrda yana Qozogʻiston Respublikasi poytaxti Ostona shahriga tashrif buyuradi. Davlatimiz rahbari Ostonada “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etadi. Bu, shubhasiz, noyob va tarixiy sammit boʻladi.

Tan olish kerak, koʻpchilik yurtdoshlarimiz Yevropa Ittifoqi haqida kengroq maʼlumotlarga ega emas. Ostonadagi sammit bejiz oʻtkazilayotgani yoʻq, hamkorlikni rivojlantirish bilan bogʻliq strategik masalalar muhokama etilsa kerak. Yuksak taraqqiyotga, inson qadri ulugʻlanishiga erishilgan ushbu makon haqida umumiy maʼlumotlar bilan tanishing.

Yevropa Ittifoqi xalqaro iqtisodiy hamda siyosiy birlashma hisoblanadi va ayni paytda u 28 davlatni oʻz ichiga oladi. Yevropa Ittifoqi aʼzo davlatlarning ijtimoiy institutlarini rivojlantirish va xavfsizlik siyosati uchun umumiy vektorni belgilaydi.

YEIning maqsadlari Yevropa xalqlarining mustahkam ittifoqini vujudga keltirish, ichki chegaralari boʻlmagan makon yaratishdan iborat. Shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan oʻzaro taʼsirni kuchaytirish yoʻli bilan muvofiqlashtirilgan uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotga yordam berish ham asosiy gʻoyalaridan sanaladi.

Dastlab Yevropa Ittifoqi tarkibiga faqat Gʻarbiy Yevropa davlatlari, xususan, Belgiya, Fransiya, Lyuksemburg, Germaniya, Niderlandiya va Italiya kirgan. Uyushma asosan iqtisodiy maqsadlarga qaratilgan harakatlarni ilgari suradi. U Yevropa koʻmir hamda poʻlat hamjamiyati negizida vujudga kelgan va 1957 yilda Rim shartnomasiga koʻra, Yevropa iqtisodiy hamjamiyati (YEI) tashkil etilgan. Natijada uning aʼzolari bir-biridan bojxona toʻlovlarini undirishni toʻxtatdi. Bu esa mamlakatlar oʻrtasidagi savdo jarayonlarini ancha soddalashtirdi. 1973 yilda Daniya, Irlandiya va Buyuk Britaniya hamjamiyatning aʼzosiga aylandi.

Maʼlumotlarga koʻra, YEI shakllanish tarixidagi eng muhim davr 1990 yillarga toʻgʻri keladi. Yaʼni, sobiq sovet ittifoqi parchalanib borayotgan bir paytda Yevropa oʻzaro integratsiya yoʻlidan bordi. 1993 yilda YEI davlatlari Maastrixt shartnomasini imzoladi. U toʻrtta asosiy harakat, yaʼni tovarlar, xizmatlar, odamlar va valyuta erkinligida ustunlikni belgilab beradi. Aynan ushbu voqea YEI mavjudligining asosiga aylandi.

2000 yilning boshlarida Sharqiy va Gʻarbiy Yevropa oʻrtasidagi siyosiy tafovutlar yumshay boshladi – bu davrda Yevropa Ittifoqi tarkibiga birdaniga 10 ta yangi davlat, 2007 yilda esa Bolgariya hamda Ruminiya mamlakatlari qoʻshildi.

Yevropa Ittifoqi faoliyati uchta asosiy tuzilmaga bogʻliq. Bular Yevropa Komissiyasi, Parlamenti hamda Kengashi hisoblanadi.

Ittifoqning eng yuqori ijro etuvchi organi Yevropa Komissiyasi boʻlib, u boshqa qator faoliyatlardan tashqari qonun ijodkorligi bilan ham shugʻullanadi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqida qabul qilingan huquqiy meʼyorlarning bajarilishini nazorat qiladi. Bundan tashqari, Komissiya Jahon Savdo Tashkiloti va G7da YEIga vakillik qiladi. Komissiyaning boshida ittifoqqa aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan saylanadigan va Yevropa parlamenti tomonidan tasdiqlanadigan rais turadi.

Yevropa parlamenti Komissiyaning qonun loyihalarini birinchi oʻqishda koʻrib chiqadi. Parlament aʼzolari har besh yilda bir marta ishtirokchi mamlakatlar fuqarolari orasidan saylanadi. Deputatlar fraksiyalarga, yaʼni yevropartiyalarga boʻlingan. Masalan, “Yevropa uchun liberallar va demokratlar alyansi”, “Yevropa yashillar partiyasi”, ultrakonservativ “Millatlar va erkinliklarning Yevropasi” singari oʻndan ortiq partiyalar mavjud.

Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqining qonun loyihalarini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqadigan oliy siyosiy organ sanaladi. Mazkur tuzilma parlament tomonidan taklif qilingan qonunni qabul qilishi yoki rad etishi mumkin. Kengash Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar rahbarlaridan iborat boʻlib, barcha mamlakatlarning rivojlanish strategiyasini belgilab berishga xizmat qiladi. Kengashning asosiy vazifasi siyosiy integratsiyaning umumiy yoʻnalishini ishlab chiqishdan iborat.

Manbalarda keltirilishcha, Yevropa Ittifoqi byujetini shakllantirishning eng katta manbai aʼzo davlatlarning badallari hisoblanadi. Ularning hajmi har bir mamlakatning yalpi ichki daromadi asosida aniqlanadi. Yevropa Ittifoqining iqtisodiy yetakchisi Germaniya boʻlib, 2020 yilda uning yalpi ichki mahsuloti taxminan 3,85 trillion dollarni tashkil qildi. Undan keyin 2,63 trillion dollar bilan Fransiya va 1,89 trillion dollar bilan Italiya turadi.

Yevropa Ittifoqi hamkorlik orqali aʼzo davlatlar va butun dunyodagi jarayonlarga taʼsir koʻrsatishga harakat qiladi. Shu sababli, biror bir mamlakat, jamiyat Yevropa Ittifoqi hududidan tashqarida joylashgan boʻlsa ham, u huquqlarning buzilishiga qarshi kurashish choralarini koʻrishi mumkin.

Shuningdek, YEI bilan bogʻliq yana koʻplab atamalar va tushunchalar mavjud. Misol uchun, Yevrohudud 20 ga yaqin davlatni oʻz ichiga olgan valyuta ittifoqi boʻlib, ular hududida umumiy pul birligi mavjud.

Yevrointegratsiya esa umumiy bozorda biznes yuritishdagi koʻpgina toʻsiqlarni olib tashlashni nazarda tutadi. Aytaylik, boshqa bir aʼzo davlatdan kelgan tadbirkor bemalol Fransiya yoki Germaniyada savdo qilishi mumkin. Chunki barcha standartlar va tariflar har bir Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar fuqarolari uchun bir xilda joriy etilgan.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining oʻziga xos majburiyatlari ham bor. Jumladan, ular ilmiy-tadqiqotlar va atom energiyasidan foydalanish sohasida bir-biriga yordam berishga, monopoliyaga qarshi kurashishi va ekologik siyosatning umumiy qoidalariga rioya qilishi shart.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining Adliya sudi ham faoliyat yuritadi va u Lyuksemburgda toʻplanadi. Uning tarkibida Ittifoq davlatlarining har biridan ishtirokchi joy oladi. Sud Yevropa qonunchiligiga rioya qilishni kafolatlaydi. Jismoniy shaxslarning daʼvolarini qabul qiladi va koʻrib chiqadi. Xalqaro xususiyatga ega masalalarni ham koʻrib chiqadi, yaʼni Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi nizolarni tartibga solishda ham ishtirok etadi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA

tayyorladi.

«O'zbekiston ovozi», 26.10.2022, №43

 

 

 

Teglar

Xorij xabarlari
← Roʻyxatga qaytish