Turkiy davlatlar tashkiloti: Yangi maqsadlar sari intilmoqda
Turkiy davlatlar tashkiloti: Yangi maqsadlar sari intilmoqda

 

Dunyoda yuz berayotgan globallashuv jarayonida har bir davlat qoʻshni hamda hamkor davlatlar bilan har tomonlama, ikki tomonlama munosabatlarini kuchaytirishi zarur. Mazkur munosabatlar xalqaro huquq normalari, milliy qonunchilikda belgilab qoʻyilgan talablar doirasida amalga oshirilish lozim boʻladi.

Turkiy davlatlar tashkilotining maqomi yil sayin ortib bormoqda. Unga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bu bejiz emas. Negaki mazkur tashkilotning maqsad va vazifasi, faoliyat yoʻnalishi, oʻzaro munosabatlarda tenglik hamda ishonch masalalariga qaratilganini taʼkidlash lozim.

Darhaqiqat, xalqlarimizning umumiy tillari va qadriyatlari asosida tashkil etilgan mazkur tashkilot doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yil Ozarbayjoning Naxichevan shahrida tegishli davlat rahbarlari ishtirokidagi sammitda tashkil etilgan boʻlib, 2021 yil noyabrida mazkur Kengashning Turkiyaning Istambul shahrida boʻlib oʻtgan sammitida Turkiy davlatlar tashkiloti, degan yangidan nomlandi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimi tashkilotning huquqiy asosi hisoblanadi. Oʻzbekiston ushbu tashkilotga 2019 yil sentyabr oyida qoʻshildi. Hozirda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar sirasiga Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston kiradigan boʻlsa, kuzatuvchi davlatlar qatoriga esa Vengriya hamda Turkmaniston davlatlari kiradi. Uning asosiy maqsadi sifatida ishtirokchi davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdo, investitsiyaviy, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, taʼlim va madaniyat hamda boshqa sohalardagi koʻp qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash vazifalarini koʻrsatish mumkin.

Shu vaqtga qadar Prezidentimizning 20 dan ortiq takliflari mazkur tashkilot tomonidan inobatga olinib, amaliyotga joriy qilindi. Misol tariqasida, Oʻzbekistonda yosh tadbirkorlar forumini oʻtkazish, transport va bojxona tizimida raqamlashtirish loyihasini joriy qilish, tabarruk ziyorat loyihasini ishlab chiqish, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni joriy qilish, ekologiya, axboro texnologiyalari sohasida xalqaro konferensiyalar tashkil qilish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Joriy yilning iyul oyida Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlik doirasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi boʻyicha tashabbusni yuqori saviyada tashkil etish, sohadagi tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida “Turkiy davlatlar bilan turizim sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Albatta, mazkur qaror tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Tashkilot doirasida oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida joriy yilning 20 oktyabr kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy tashkilotlari rahbarlari kengashining nizomi imzolandi. Mazkur hujjat turkiy xalqlar tinchligi va farovonligini mustahkamlash, mushtarak qadriyatlarni keng yoyish, oʻzaro tajriba almashish va turli sohalardagi aloqalarni yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.

Joriy yilning iyun oyida Qirgʻizistonning Issiqkoʻl viloyatidagi Choʻlpon-Ota shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti parlament assambleyasining 11-yalpi anjumani boʻlib oʻtdi va anjuman yakunlari boʻyicha Turkiy davlatlar tashkiloti XII Bosh Assambleyasining Choʻlpon-Ota deklaratsiyasi qabul qilindi. Shunga oʻxshash boshqa koʻplab oʻzaro hamkorlik kelishuvlarini sanab oʻtish mumkin.

Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining 349-bandida yirik tadbirlarda mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha Oʻzbekiston pozitsiyasi hamda global tashabbuslarini ilgari surish masalasi belgilab qoʻyilgan boʻlib, bu orqali Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Oʻzbekiston raisligini samarali va faol amalga oshirishni tashkil etishni nazarda tutmoqda.

Nazarimizda, Turkiy mamlakatlar yangi tashkilotining asosiy vazifasi shundayki, endi son emas, balki sifat ustida ish olib boriladi. Aytish mumkinki, Turkiy davlatlar tashkiloti qardosh xalqlarning umumiy farovonligi va ravnaqiga xizmat qilishiga ishonamiz.

Samarqandda oʻtkazilishi kutilayotgan sammit davomida hamkorlik samaradorligini oshirish va qator ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha koʻp tomonlama sheriklikni mustahkamlash boʻyicha tarixiy qarorlar qabul qilinishiga shubha yoʻq.

 

Sherzod ZULFIQOROV,

Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori.

«O'zbekiston ovozi», 9.11.2022, №45

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish