Kimligimizni bilish vaqti kеldi
Kimligimizni bilish vaqti kеldi

 

Turkiy davlatlar bu turkiy tilida soʻzlashuvchi xalqlar yashaydigan mintaqalardir. Ularning tili boshqa boʻlishi, turli hududlarda istiqomat qilishi asl haqiqat, yaʼni ildizlar birligi, maqsadlar mushtarakligiga taʼsir qilmaydi. Bir musht boʻlish esa dunyo tamadduniga hissa qoʻshgan turkiylarning kuchini, nimalarga qodirligini namoyish etadi. Zero, yer yuzidagi bilim va madaniyatning riovjlanishida, hozirgi nuqtaga kelishida ham turkiy xalqlarning beqiyos oʻrni bor.

Turkiy xalqlarning madaniyati, urf-odatlari, dunyoqarashi koʻp nuqtalarda kesishadi. Xususan, kino olamida ham yaxshi natijalar koʻrsatish mumkin. Sababi, bugun shunday bir davrki, jahondagi ayrim kuchlar kino orqali oqni qora, qorani oq, mazlumni zolim, zolimni esa mazlum qilib koʻrsatishga urinmoqda. Tarixda boʻlgani kabi baʼzi urinishlar turkiylarni doim qoloq holatda namoyish etishga qaratilgan. Endi turkiy xalqlar ­dunyo­ga kim vahshiy, kim madaniy ekanini, oʻzi haqidagi haqiqatni koʻrsatib berishi zarur.

Turkiyaga safarimiz chogʻida ushbu fikrlar tez-tez quloqqa chalindi. Vazirlaru mutaxassislar ham buni ishonch bilan taʼkidladi. Biz bilan suhbatda boʻlgan Turkiya — Oʻzbekiston parlamentlararo doʻstlik guruhi rahbari Osman Mestan yer yuzidagi taraqqiyotda turkiylarning hissasi haqida gapirdi.

— Bugungi kun yoshlari hayotda boʻlmagan qahramonlarni bordek koʻrsatishlar, urinishlar aks etgan filmlarni koʻrib ulgʻaymoqda, — dedi Osman Mestan. — Afsuski, ular kiyayotgan liboslarda ham ana shunday soxtalik aks etgan. Lekin bizning tariximiz Jaloliddin Manguberdi, Seljuq, Ertugʻrul, Usmon gʻoziylar, Gʻaznaviy Mahmud, Fatih sulton Mahmud, Amir Temur singari haqiqiy qahramonlar bilan toʻla. Bundan tashqari, Manas, Ogʻuz ota, Qorqut ota kabi eposlarimiz ham ular hayotdan olingan shaxslarni ifodalaydi. Ular mavjud boʻlgan. Turkiy xalqlar sanab adogʻiga yetib boʻlmaydigan allomalariga ega. Ular – sivilizatsiya asoschilari. Ular – bizning ajdodlarimiz. Endilikda yangidan bu haqiqatni yuzaga chiqarish, dunyoga kim ekanimizni koʻrsatib qoʻyish vaqti keldi. Xalqlarimiz aynan ushbu maqsadda birlashmoqda.

Yillar davomida arzimas sabablar bilan bir-birimizdan uzoqlashib ketdik. Turkiy xalqlar munosabatlarida bir muddat uzilish kuzatildi. Yaʼni, ayrim sabablarga koʻra istasakda hamkorlik qilolmadik. Bu yillarning oʻrnini toʻldirish kerak. Ikkinchi tomondan esa shunday bir ulkan dunyo borki, biz ularga oʻz madaniyatimizni tushuntirib berishga majburmiz va buni birgalikda amalga oshirishimiz zarur. Ishonamanki, Qozogʻiston boʻladimi, Ozarbayjonmi yoki boshqa turkiylar boʻlgan har qanday hududda ulkan ishlar amalga oshiriladi.

Darhaqiqat, mamlakatlarimiz birligi bugungi tahlikali zamonda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda esa bevosita xalqlarimiz birdamligi, doʻstligini mustahkamlash lozim. Avvalo oʻzaro bordi-keldini koʻpaytirish kerak. Ayniqsa, oddiy odamlar bir-biri bilan koʻproq hamsuhbat boʻlishi, yaqin qoʻshnilari, yaʼni qardoshlarini tanishi, yaqindan bilishi juda muhim.

Keyingi yillarda jahon siyosatida turkiy davlatlardagi ijobiy oʻzgarishlarga, rivojlanish tendensiyalariga, shuningdek, oʻzaro aloqalar evolyutsiyasining mohiyati va keyingi taraqqiyotiga nisbatan qiziqish ortib borayotgani haqida tez-tez taʼkidlanmoqda. Aslida ham shunday. Biroq buni xalq qanchalar his qilyapti, umuman, odamlarga bu oʻzgarishlar, doʻstlik rishtalarining mustahkamlanishi qanchalar muhim? Ana shunday oʻy-xayollar ogʻushida qoʻshni mamlakatlardan kelgan hamkasblarimiz bilan suhbatlashamiz. Ularning koʻzlari yonib turganini va bu ifoda qalbni namoyish etayotganini anglash esa u qadar qiyin boʻlmaydi.

Ozarbayjonlik jurnalistlar bilan gaplashar ekanmiz, ulardan biri eʼtiroz bildirdi. Nega turkiy xalqlar boʻla turib, bir-birimizga rus yoki ingliz tilida fikrimizni ifodalashimiz kerakligi haqida soʻrab qoldi. Darhaqiqat, bu bir paradoks edi. Aslida turkiylarning birdamligi, doʻstligi va aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan loyiha kuzatuvchilari oʻz tillarida muloqot qilishi kerak, degan qarorga kelindi. Shunday boʻldi ham. Qarabsizki, kimdir oʻzbekcha, yana birov qozoqcha, xullas, hamma oʻz tilida, turkiyda gapirdi. Muhimi, har kim oʻz tushunchalarini oʻz tilida ifoda etayotganida yanada koʻproq diqqatni tortdi. Shunda tushundimki, biz chindan ham bir daraxtning shoxlarimiz. Biz, turkiylar bir-birimizga qarab, kimligimizni bilish vaqti keldi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA.

«O'zbekiston ovozi», 9.11.2022, №45

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish