Bundan 15 yilcha avval, matbuotning qattiq noniga rizqimiz qoʻshilayotgan paytlarda tahririyatda shoshilinch yigʻilishga chaqirishdi.
Oʻrtaga katta televizor joylashtirib, film desak boʻlmas, video qoʻyib berishdi. Unda turli tahririyatlarda ishlagan xodimlar oʻsha paytdagi miqdorga koʻra 1 tadan 10-15 tagacha tushlikka yetadigan miqdorda noqonuniy pul olgani haqida hikoya qilindi. Musiqalari qoʻrqinchli kinolardagidek edi.
Video tugadi, oʻzini jiddiy tutadigan sobiq idora xodimi (u ham begona emas, matbuotdan chiqqan) qovogʻini osiltirib, nasihat qilgan boʻldi. Qoʻrqishimizni istagani bilinib turardi.
Shu voqeadan keyin koʻp oʻtmadi, toʻrt qator jurnalistik matn yozib, oʻtkazish qiyin boʻlib qoldi. Masalan, “Kampirtepa” degan mahallaning 100-200 yillik nomi ishlatilgani uchun ham shubha ostiga olishlar boshlandi.
2 ta jumlani kelishtirib yozolmaydiganlar “papka-papka” maqolalarni oʻqib beradigan holatlar boʻldi. Matbuot xodimlarini yoppasiga muttahamga chiqarishni istovchi sharpalar koʻpaydi. 37-yillar qahratoni qaytib kelgandek tuyuldi.
Sovet davrida ham prokurorlar bilan haqiqat uchun talasha olgan, ustozimiz, xizmat koʻrsatgan jurnalist Safar Ostonov oʻsha yillari nimadir sabab boʻlib, menga bir gap aytdi. “Hech qachon qattiq qoʻrqmang, ehtiyot boʻlsangiz yetarli, bu kunlar oʻtadi, lekin hozir qoʻrqsangiz, qoʻrquv qoningizga oʻtirib, keyin bolalaringizga ham oʻtadi. Qoʻrquv genga oʻtirib qolarkanda…” Bu gaplar nimagadir oxirgi kunlarda xayolga keladigan boʻlib qolgandi.
Qoʻrquv hissi jamiyatga oʻtirib qolishi qanday ogʻir oqibatlarga olib borishi mumkinligi haqida kitob boʻladigan gaplar yozishning hojati yoʻq. Shusiz ham oʻsha paytda jamiyatda qanday mudhish ruhiyat hukm surganini bilganlar yaxshi bilsa, eslasa kerak. Bundan kim nima yutganini anglab yetish qiyin, lekin Oʻzbekiston nimalar yutqazgani haqida bir nechta kitob yozsa boʻladi.
Bugungi kunlarga qaytsak. Yil boshida bir-ikki nafar jurnalistika ichida yurgan shaxslar hibsga olindi. Qonun boʻyicha ish koʻrilayotgani haqida bayonot berildi.
Oradan koʻp oʻtmay, Adliya vazirligi, unga bogʻliq manbalar ketma-ket eslatma, ogohlantirish bera boshladi. Sarlavhalari kamida qiziq: “Jurnalist matbuot erkinligidan oʻzining shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanishga haqli emas!”. “Jurnalistlarga eslatma: tovlamachilik, firibgarlik, oʻgʻrilik – bularning farqi nimada?”
Vazirlik notoʻgʻri talqinlarga munosabat bildirdi. Bu ham kerak. Lekin fikr talqini va fikr tahriri orasidagi chegara juda nozik.
Koʻp gapirmaylik, shu savolning ortidan yana bir savol. Bir paytlar qorakoʻz muxbirlarga qoʻyib berilgan video bilan har xil eslatma va ogohlantirishlarning oʻzaro oʻxshash xususiyati bormi? Bu savolga vazirlik yoki boshqa idoralarimizning javob berish ehtimoli kam.
Boʻlmasa, boshqa savol ham bor. Oxirgi paytlarda prokuratura, milliy gvardiya, sud, ichki ishlar xodimlari pora bilan qoʻlga tushayotgani haqidagi xabarlar ham juda kamayib ketgani yoʻq. Nega, masalan, “sud mustaqilligidan, prokuror qonun ustuvorligidan oʻzining shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanishga haqli emas”, degan ogohlantirishmi, eslatmami berilmayapti?..
Qonun hamma uchun teng. Sud qaroriga koʻra, jinoyatchi jurnalistmi, prokurormi yoki undan kattarogʻimi – jazosini olishi shart. Boʻldi, boshqa masala yoʻq. Matbuotga aralashib yurganlarning hammasi farishta emas, boshqa sohadagilarning hammasi farishta boʻlmagani kabi.
Tadbirkorlik yoki biror hunarni oʻrganayotgan odam qonunchilikdagi nozik jihatlarni bilmagani uchun shartta jazolanmayapti, tiqib qoʻyilmayapti. Hozirgi siyosat yaxshi niyatda yurib, bir narsa yarataman deb harakat qilayotganlarni bilib-bilmagan xatosi uchun jazolash emas, tushunish, xatolarni tuzatishga imkoniyat berishdek oqil yoʻnalishga tushib olgan. Buni unutmaslik muhim.
Bu bilan aslo boshqa narsa demoqchi emasman. Jurnalist aybdor boʻlsa, albatta, qattiq jazolanishi zarur. Lekin bitta-ikkita kishini koʻrsatib, qolganlarga qosh chimirishga urinilsa, bu juda eski, obroʻsi qolmagan usul boʻladi.
Har xil boʻlmagʻur xayollarga choʻmib yurganimizda, Prezident, goʻyo sezib turgandek, Qashqadaryoda turib, aniq tushuntirish, ehtimol kimlargadir siyosiy eslatma, OAV xodimlariga esa dalda berdi.
“… Biz niyatimizga yetdikmi? Birimiz ikki boʻldimi?.. Shuning uchun erkinlik nafasi, ommaviy axborot vositalarini doʻst bilib, nur ustiga nur, gapirsin, adolatli gapirsin…”
Bu gaplarning zamirida achchiq, chuqur xulosalar, katta va keng maʼnolar bor. Har kim oʻziga keragini, oʻziga atalganini ham oladi.
Koʻp gapga ne hojat. Ikki farzandim bor, ming shukr, eng katta niyatim ular qoʻrqishini istamayman.
Genimizga oʻtirib qolmagan, deb umid qilaman.
Bugun bahorning birinchi kuni ekan. Yashasin, erkinlik nafasi!..
Toʻlqin Toʻraxonov
«O‘zbekiston ovozi», 1.03.2022, №8